Frilanserlarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida Prezident qarori loyihasi muhokama uchun chop etildi

Internet tarmogʻi orqali xizmatlar eksportini amalga oshiruvchilarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi qaror loyihasi muhokama uchun regulation.gov.uz saytiga joylashtirildi. 

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan aholi bandligini taʼminlash maqsadida frilanserlik faoliyat turlari uchun imtiyoz va preferensiyalar berish, yoshlarni internetdan foydalanib, aqliy mehnat orqali daromad topishga oʻrgatish, sohani rivojlantirish uchun xorijda ommabop boʻlgan toʻlov tizimlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriqlar berilgan edi. 

Veb-frilanserlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan Prezident qarori loyihasi yoshlarning zamonaviy kasb egasi boʻlishi uchun koʻnikma va bilimlarni shakllantirish, ularni yetuk malakali mutaxassislar darajasiga yetkazish uchun bir qator muhim oʻzgarishlarni nazarda tutadi. 

Birinchidan, jismoniy shaxslarga veb-frilanserlikni oʻrgatish, ularni qayta tayyorlash, malakasini oshirish va rezidentlik maqomini berish boʻyicha Milliy frilanserlar markazini tashkil etish rejalashtirilmoqda. 

Ikkinchidan, Oʻzbekistonlik frilanserlar tomonidan eng asosiy muammolardan biri sifatida koʻrsatilgan toʻlov tizimlari masalasiga yechim berilgan. Jumladan, veb-frilanserlarga internet tarmogʻi orqali masofaviy tarzda ishlar bajarish, koʻrsatgan xizmatlari uchun Oʻzbekiston banklaridagi hisob raqamlariga tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga maʼlumot kiritmasdan hamda bank komissiyasini toʻlamasdan xorijiy valyutada toʻlovlarni qabul qilish; xorijiy jismoniy va yuridik shaxslarga xizmat koʻrsatish uchun shartnoma tuzish oʻrniga bitim (oferta) toʻgʻrisidagi ommaviy taklifni qabul qilish, elektron maʼlumot almashish yoki bajarilgan ishlar uchun hisob-faktura (invoys), shu jumladan elektron shaklda taqdim etish yoʻli bilan amalga oshirish huquqi berish taklif etilmoqda. 

Uchinchidan, yoshlarni frilans kasbiga tayyorlash uchun davlat va nodavlat taʼlim muassasalarining harakatlarini birlashtirish rejalashtirilgan. Yaʼni, frilanser boʻlish istagidagi va bunga layoqati boʻlgan yoshlar ham davlat, ham nodavlat taʼlim muassasalaridagi maxsus kurslarda tayyorgarlikdan oʻtishi mumkin. Bunda nodavlat taʼlim muassasalarining eng yaxshi bitiruvchilari maʼlum miqdorda ragʻbatlantirilishi koʻzda tutilmoqda. 

Toʻrtinchidan, bunday kurslarda oʻqish istagida boʻlgan, biroq oʻqish uchun davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga ehtiyoji mavjud oʻquvchilarga Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan ularning frilans yoʻnalishi boʻyicha shaxsiy moyilligini hisobga olgan holda oʻqishi uchun davlat granti ajratilishi toʻgʻrisida hujjat taqdim etiladi. Bu orqali frilans kasbiga layoqati boʻlgan barcha oʻquvchilar yuqori malakali mutaxassis boʻlib yetishishi uchun oilaviy sharoitidan qatʼiy nazar birdek imkoniyat taqdim etilishi rejalashtirilgan. 

 

Ushbu faoliyat boʻyicha hozirgi kunda internet orqali uyidan daromad topayotgan hamyurtlarimizni qaror loyihasi boʻyicha yana qoʻshimcha takliflari boʻlsa, ularni oʻrganib, inobatga olinadi.

freelance-1-small.jpg

Rasmni kattalashtirish uchun ustiga bosing

Share to: