Fan olimpiadasining 2-bosqichi oʻtkazilayotgan joylarda ota-onalar uchun sharoit yoʻqligi va oʻqituvchilar shaxsiy noutbukidan foydalanayotgani haqidagi postga munosabat

Facebook ijtimoiy tarmogʻida fan olimpiadasining 2-bosqichi oʻtkazilayotgan joylarda ota-onalar uchun sharoit yoʻqligi va oʻqituvchilar shaxsiy noutbukidan foydalanayotganligi haqida post eʼlon qilindi.

Joylarda 3-yanvar kunidan boshlab fan olimpiadasining 2-bosqichi oʻtkazilmoqda.

Olimpiada oʻtkazilayotgan joylarda tashkiliy qoʻmita tomonidan kompyuter, printer va kserokopiya qurilmalari oʻrnatilgan. Oʻqituvchilarning noutbuk olib kelishi majburiy emas.

Ayrim hollarda hakamlar hayʼatiga jalb qilingan mutaxassislar, oʻqituvchilar oʻzlariga qulay boʻlishi uchun xohishlariga koʻra shaxsiy noutbuklari bilan kelishadi va undan foydalanishadi.

Tashkiliy qoʻmita tomonidan kutish joylarida ota-onalar uchun shart-sharoit yaratilgan. Murojaatchi ota-onalar sovuqda koʻchada oʻtirganligi boʻyicha aniq maʼlumot taqdim etmagan. Murojaatchi bu holat boʻyicha aniqroq maʼlumot bersa, masʼul xodimlar tomonidan oʻrganib chiqiladi.

Shu kunga qadar ota-onalar va ishtirokchilardan tashkiliy ishlar boʻyicha shikoyatlar tushmagan.

Share to: