Davlat ekologiya qoʻmitasi tomonidan maktablarga 2 mingta “Qizil kitob” berildi

2020-yilning 25-sentyabr kuni Davlat ekologiya qoʻmitasi tomonidan Xalq taʼlimi vazirligiga 2000 dona “Oʻzbekiston qizil kitobi”ni begʻaraz taqdim etishga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvni oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad bugungi kunda ulgʻayib kelayotgan yosh avlodning ekologik taʼlimi, madaniyatini oshirish, atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda boʻlish hissini shakllantirishi uchun Davlat ekologiya qoʻmitasi hamda tegishli vazirlik va idoralar tomonidan hamkorlikda chop etilgan “Oʻzbekiston Qizil kitobi”ni Xalq taʼlimi vazirligiga begʻaraz 2000 dona taqdim etishdan iborat.

Davlat ekologiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Narzullo Oblomuradov tadbirni oʻtkazishdan koʻzlangan maqsadga toʻxtalar ekan, yangi chop etilgan “Oʻzbekiston Qizil kitobi” va redbook sayti oʻquvchilar oʻrtasida ekologik madaniyatini oshirishga xizmat qilishini taʼkidladi.

Xalq taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari Usmon Sharifxodjayev taʼlim tizimida ekologik tarbiyaning oʻrni hamda joriy yilda mazkur yoʻnalishda taʼlim mazmuniga kiritilgan yangiliklar toʻgʻrisida yigʻilish qatnashchilariga maʼlumot berdi.

“Joriy yil yangi yaratilgan 5-sinf “Biologiya” darsligiga “Tabiatni muhofaza qilish” mavzusi kiritilgan boʻlib, unda “Muhofaza qilinadigan hududlar” va “Qizil kitob” haqida maʼlumot berildi. Mazkur mavzuda “Qizil kitob”ni Oʻzbekistonda birinchi marta qachon taʼsis etilganligi va u nima uchun xizmat qilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hamda kitobga kiritilgan oʻsimlik va hayvonlardan misollar rasmlar asosida keltirildi. Darslikka ilk bor 2009-yil va 2019-yilda nashr etilgan “Qizil kitob” toʻgʻrisidagi maʼlumotlar videorolik tarzida tayyorlanib, QR-kod shaklida mavzuga joylashtirildi.

Ekologik taʼlim-tarbiyaning bugungi kun uchun ahamiyatini inobatga olgan holda ilk bor yangi tashkil etilgan “Tarbiya” darsligining har bir bosqichiga oʻquvchilarda ekologik madaniyatini oshirishga xizmat qiluvchi mavzular singdirildi”, - deya taʼkidladi Xalq taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari.

Shuningdek, tadbir davomida yigʻilish ishtirokchilariga Davlat ekologiya qoʻmitasi mutaxassisi Alisher Yunusov tomonidan “Oʻzbekiston Qizil kitobi” taqdimot qilindi. Uchrashuv soʻngida Davlat ekologiya qoʻmitasi tomonidan olib kelingan 2000 dona “Oʻzbekiston Qizil kitobi”ni tantanali topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

 

Share to: