Boʻka tumani hokimi oʻrinbosari oʻqituvchilarni kamsitgani va majburiy mehnatga jalb qilgani uchun jarima toʻladi

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri Nazorat-huquqiy xizmati va Toshkent viloyati Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi hamkorlikda Toshkent viloyati, Boʻka tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Anvar Xontoʻrayevni xalq taʼlimi muassasalari faoliyatiga asossiz aralashuvi, pedagog kadrlarning shaʼni va qadr-qimmati kamsitilishiga, mehnatga majburlash, ularning kasbiy faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga jalb qilgani uchun 22,3 mln. soʻmga jarimaga tortdi. 

Jumladan,Boʻka tumani hokimining oʻrinbosari tomonidan tumanda joylashgan taʼlim muassasalari rahbarlariga obodonlashtirish hamda tomorqa ishlari boʻyicha xatlov oʻtkazish kabi topshiriqlar berilgan. 

Xususan, A. Xontoʻrayev joriy yilning 19-aprel kuni Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-martdagi 176-sonli qaroriga zid ravishda tumandagi 12-umumtaʼlim maktabida 53 nafar taʼlim muassasasi rahbarlari va mahalla faollariga yigʻilish oʻtkazib, 12-maktab direktori M.Xakimovaning oʻz vaqtida tomorqa boʻyicha aholini xatlov qilmaganligi uchun uning kasbiy faoliyatiga asossiz aralashib, unga tazyiq oʻtkazib, barchani oldida izza qilib, shaʼni va qadr-qimmatini kamsitib, huquqlarini poymol etib undan tuman hokimi nomiga tushuntirish xati va joriy yilning 20-aprel kunidan ishdan boʻshash toʻgʻrisida arizasini olgan. 

Bundan tashqari, 2020-yil 6-7-may kunlari hokim oʻrinbosari A.B.Xontoʻrayev tumanda faoliyat yuritayotgan 15-, 16-, 18-, 24-, 50-umumtaʼlim maktab direktorlariga tazyiq oʻtkazib, tuman markazidagi “Yoshlar maydoni”ga direktorlar va xoʻjalik ishlari boʻyicha oʻrinbosarlarini yaʼni 25 kishini maydonda oʻsgan oʻtlarni oʻrish kabi majburiy mehnatga jalb qilgan. 

Xalq taʼlimi vazirining Nazorat-huquqiy xizmati aralashuvi bilan Anvar Xontoʻrayevning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlariga zid harakatlari yuzasidan toʻplangan hujjatlarga qonuniy baho berish uchun vazirlik tomonidan joriy yilning 15-may kuni Toshkent viloyati Bandlik bosh boshqarmasiga yuborilgan. 

Oʻz oʻrnida Toshkent viloyati Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi mazkur holatlarni qonuniy oʻrganib chiqib hokim oʻrinbosari Anvar Xontoʻrayevga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismi bilan 22,3 mln. soʻm jarima jazosi qoʻllanilgan. 

2018-yil 14-avgustda Prezidentimizning “Yoshlarni maʼnaviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga taʼlim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan. 

Qarorga koʻra, xalq taʼlimi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga, majburiy mehnatga, shu jumladan, tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda koʻkalamzorlashtirish, mavsumiy qishloq xoʻjaligi hamda boshqa turdagi ishlarga jalb qilish taqiqlanadi. 

Hujjatning 16-bandiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga (telefon: 1007) hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga (telefon: 2001176) pedagog xodimlarning huquq va erkinliklarini cheklash holatlarini oʻz vaqtida aniqlash va bartaraf etish maqsadida qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan muntazam ravishda nazorat tadbirlarini oʻtkazish hamda aybdor shaxslarning javobgarlikka tortilishini taʼminlash vazifalari yuklatilgan.

Share to: