Bolalarni oilaga tarbiyaga olish (patronat)

 

Bolalarni oilaga tarbiyaga olish Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksiVoyaga yetmagan bolalarni farzandlikka va bolalarni oilaga tarbiyaga olish (patronat) toʻgʻrisida nizom muvofiq amalga oshiriladi.

Farzandlikka olgan oila ota-onalar qarovisiz qolgan bolalarni tarbiyalash shakllaridan biri hisoblanadi. Ota-onalar qarovisiz qolgan bolani (bolalarni) tarbiya qilish uchun olishni istaydigan fuqarolar (er-xotin yoki alohida fuqarolar) tutingan ota-onalar deb ataladi, ushbu oila esa farzandlikka olgan oila hisoblanadi.

Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan voyaga yetmagan bolalar, shu jumladan, tarbiya va davolash muassasalarida, shuningdek, aholini ijtimoiy himoyalash muassasalaridagi bolalar oilaga tarbiyaga beriladi.

Farzandlikka olgan oiladagi bolalarning umumiy soni, oʻz bolalari va farzandlikka olingan bolalar bilan birgalikda, qoidaga koʻra, 8 nafardan oshmasligi kerak.

Bolalarni oilaga tarbiyaga olish ixtiyoriy boʻlib, u vasiylik va homiylik organlari bilan bolani olish istagini bildirgan shaxslar oʻrtasida tuzilgan maxsus shartnoma asosida amalga oshiriladi.

FARZANDLIKKA OLGAN OILANI TASHKIL ETISH TARTIBI

Voyaga yetgan har ikki jinsdagi shaxslar tutingan ota-ona boʻlishlari mumkin, quyidagilar bundan mustasno:

·         sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb eʼtirof etilgan shaxslar;

·         sud tomonidan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan yoki ota-onalik huquqi cheklangan deb eʼtirof etilgan shaxslar;

·         qonun bilan oʻz zimmasiga yuklangan majburiyatlarni lozim darajada bajarmagani uchun vasiylik yoki homiylik vazifalarini bajarishdan chetlashtirilgan shaxslar;

·         oʻz zimmalariga yuklangan majburiyatlarni bajarishdan boʻyin tovlaganligi yoki ularni lozim darajada bajarmaganligi, ota-onalik huquqini suiisteʼmol qilganligi, farzandlikka olinuvchilarga nisbatan shafqatsizlik bilan muomalada boʻlganliklari, shuningdek muttasil ichkilikbozlikka yoki giyohvandlikka mubtalo boʻlganliklari uchun farzandlikka olish sud tomonidan bekor qilingan boʻlsa, ilgari farzandlikka bola olgan shaxslar;

·         qasddan qilingan jinoyatlari uchun ilgari hukm qilingan shaxslar;

·         sogʻligʻining yomonligi tufayli bola tarbiyalash majburiyatini bajara olmaydigan shaxslar. Qaysi kasallikka chalingan taqdirda bolani tarbiyaga olish taqiqlanadigan kasalliklar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi»;

Bolani (bolalarni) farzandlikka olishni xohlovchi shaxslar oʻz yashash joyidagi vasiylik va homiylik organiga tutingan ota-onalar sifatida hisobga qoʻyish toʻgʻrisidagi iltimos bildirilgan arizani beradi.

Arizaga quyidagilar ilova qilinishi kerak:

·         nikoh toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasi (agar nikohda boʻlsa);

·         oila aʼzolari koʻrsatilgan holda yashash joyidan maʼlumotnoma;

·         ish joyidan ish haqi koʻrsatilgan maʼlumotnoma;

·         farzandlikka olishni xohlovchi shaxsning sogʻligʻi toʻgʻrisida tibbiy- maslahat komissiyasining xulosasi, psixiatriya va narkologiya muassasalari, teri-tanosil kasalliklari dispanserining maʼlumotnomalari;

·         sanitariya qoidalari va normalariga muvofiq boʻlgan mulk huquqidagi, ijara (ijaraga olish) shartlaridagi yoki boshqa asoslardagi uy-joy mavjudligini tasdiqlaydigan hujjat.

Ariza berishda shaxsni tasdiqlaydigan hujjat koʻrsatiladi.

Vasiylik va homiylik organi ariza berilgan kundan boshlab, 30 ish kuni mobaynida oilaning turmush sharoitlarini, bolalarni tarbiyaga olishni istaganlarning moddiy taʼminlanganlik holatini tekshiradi, tekshirish dalolatnomasini tuzadi va tekshirish dalolatnomasi asosida ularni hisobga qoʻyadi. Hisobga qoʻyish yoki hisobga qoʻyishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror ariza beruvchilar eʼtiboriga qaror qabul qilingan kunidan boshlab 5 kun muddatda yetkaziladi. Hisobga qoʻyish rad etilgan taqdirda ariza beruvchiga barcha hujjatlar qaytariladi va qaror yuzasidan shikoyat qilish tartibi tushuntiriladi.

Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan hisobda turgan shaxs vasiylik va homiylik organlari bilan kelishgan holda vasiylik va homiylik organlarida hisobda turgan va ota-onalar qarovisiz qolgan, shu jumladan tarbiyalash va davolash muassasalaridagi, shuningdek aholini ijtimoiy muhofaza qilish muassasalaridagi voyaga yetmagan bolalarning dastlabki tanlab olinishini amalga oshiradi.

Tutingan ota-onalarni tanlash vasiylik va homiylik organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Bolalarni oilaga tarbiyaga berish ularning xohishini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Oʻn yoshga toʻlgan bolalarni faqat ularning roziligi bilan oilaga tarbiyaga berish mumkin.

Oʻzaro qarindosh boʻlgan bolalar, qoidaga koʻra, bitta oilaga beriladi, tibbiy koʻrsatkichlar boʻyicha yoki boshqa sabablarga koʻra ular birga tarbiyalanishi mumkin boʻlmagan hollar bundan mustasno.

Bolalarni oilaga tarbiyaga olish toʻgʻrisidagi kelishuv

Bolalarni farzandlikka oladigan oilaga tarbiyalash uchun berish bitim asosida amalga oshiriladi. Bolalarni tarbiyalash uchun oilaga qabul qilish toʻgʻrisidagi bitim vasiylik va homiylik organlari bilan tutingan ota-onalar oʻrtasida tuziladi.

Tarbiyaga berilgan bolalarning moddiy taʼminoti

Vasiylik va homiylik organlari oilaga tarbiyalash uchun berilgan bolalarni har yili bir marta kiyim-bosh va poyabzal bilan taʼminlaydilar.

Vasiylik va homiylik organlari bolani oilaga tarbiyaga olgan tutingan ota-onaga qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda har oyda nafaqa toʻlab turadi.

Tutingan ota-onaga homiylar, tashkilotlar, idoralar, ayrim shaxslar tomonidan bolalarni tarbiyalash maqsadida turli moddiy va maʼnaviy yordam berilishi ham mumkin.

Bolalarni tarbiyaga olish toʻgʻrisidagi kelishuvning bekor qilinishi

Bolalarni tarbiyaga olish toʻgʻrisidagi kelishuv muddatidan oldin quyidagi sabablar boʻlganda tutingan ota-onaning tashabbusi bilan bekor qilinishi mumkin:

·         kasalligi;

·         oilaviy yoki mulkiy mavqening oʻzgarishi;

·         bolalar bilan oʻzaro bir-birini tushunmaslik va boshqalar.

·         Bolalarni tarbiyaga olish toʻgʻrisidagi kelishuv vasiylik va homiylik organining tashabbusi bilan yoki bolalar ota-onalarga qaytarilgan yoxud ular farzandlikka olinganda muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin.

Tutingan ota-onaning huquq va majburiyatlari

Tutingan ota-ona tarbiyaga olingan bolaga nisbatan vasiy huquqlari va majburiyatlariga egadirlar, yaʼni oʻz qaramogʻidagi shaxslarning qonuniy vakillari hisoblanadilar va ular nomidan hamda ularning manfaatlarini koʻzlab barcha zarur bitimlarni tuzadi. Ular oʻz qaramogʻidagi shaxslarga oʻz huquqlarini amalga oshirishda va majburiyatlarini bajarishda koʻmaklashadilar, shuningdek, ularning huquqlari uchinchi shaxslar tomonidan suiisteʼmol etilishidan himoya qiladi.

Bolalarni tarbiyaga olgan shaxslar oʻz huquqlaridan gʻarazgoʻylik yoki boshqa niyatlarda, tarbiyasidagi bolalarga zarar keltirgan holda foydalansa, shuningdek, ularni nazoratsiz hamda zarur moddiy yordamsiz qoldirsa, vasiylik va homiylik organlari bolalarni tarbiyaga olgan shaxslarni qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish masalasini qoʻzgʻatishga haqlidir.

Vasiylik va homiylik organlari oilaga tarbiyaga berilgan bolalarning turmush sharoitlarini va ularning tarbiyalanishini kuzatib boradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni joylashtirishning muqobil shakllarini tanlash, oila institutini mustahkamlash hamda ijtimoiy yetimlikning oldini olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 30-sentyabrdagi 824-son qaroriga asosan:

·         2019-yil 1-noyabrdan boshlab yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni oilaga tarbiyaga (patronat) olayotgan yoki oilaviy bolalar uyi tashkil etish orqali qabul qilayotgan nomzod fuqarolarni tayyorlash maqsadida “Mehribonlik” uylari va bolalar shaharchalarida Tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslari (keyingi oʻrinlarda Tayyorlov kurslari deb ataladi) tashkil etilmoqda;

·         tutingan ota-onalarga Tayyorlov kurslarini tugatganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etiladi;

·         Tayyorlov kurslari mashgʻulotlarini oʻtkazish uchun tegishli tarmoq vazirliklari, idoralar va tashkilotlarning ijtimoiy ishlar sohasida tutingan ota-onalarni maslahat yordami, ijtimoiy, huquqiy, psixologik-pedagogik, tibbiy jihatdan kompleks qoʻllab-quvvatlashni taʼminlovchi mutaxassislari hamda davlat tarbiya muassasalarining ijtimoiy-psixologik-pedagogik koʻmaklashuv xizmati xodimlari jalb etiladi;

·         tutingan ota-onalarning Tayyorlov kurslarida oʻqishi bepul tashkil etiladi;

·         Tayyorlov kurslarining faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi;

2020-yil 1-yanvardan boshlab tutingan ota-onalar Tayyorlov kurslarini tamomlaganlik toʻgʻrisidagi hujjati mavjud boʻlgan fuqarolar orasidan tanlanishi belgilangan.

 

 

 

Поделиться в: