Angry Birds ishlab chiqaruvchisi Oʻzbekiston va Finlyandiya oʻrtasida taʼlim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga oʻz hissasini qoʻshmoqchi

Rovio (Finlyandiya) kompaniyasi asoschilaridan biri, dunyoga mashhur “Angry Birds“ oʻyinini yaratgan Piter Vesterbaka (Peter Vesterbacka) Oʻzbekiston va Finlyandiya oʻrtasida taʼlim sohasida hamkorlikni rivojlantirish niyatida.

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov mamlakatimizga tashrif buyurgan Piter Vesterbakani qabul qildi.

Uchrashuv davomida Piter Vesterbeka hozirda dunyoning turli mamlakatlarida amalga oshirilayotgan taʼlim loyihalarida faol ishtirok etayotganini taʼkidladi. Ushbu loyihalardan asosiy maqsad Finlyandiya tajribasi orqali taʼlim sifatini oshirishdan iborat.

Piter Vesterbaka taʼlim millat kelajagi uchun muhim ekanligini taʼkidladi va yoshlar yaxshi taʼlim olish bilan birga tadbirkorlik koʻnikmalariga ham ega boʻlishi kerakligini qoʻshimcha qildi.

Vesterbakaning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekistonda yoshlar koʻpchilikni tashkil etadi, ular loyihalari orqali oʻz mahsulotlarini yaratishi kerak.

Xalq taʼlimi vaziri yurtimizda taʼlim sifatini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek, IT-nation i English speaking nation loyihasi haqida taʼkidlab oʻtdi. Shuningdek, mamlakatda bir millionlik mahalliy dasturchilarni tayyorlash boʻyicha “One Million Uzbek Coders“ loyihasi amalga oshirilayotganini qayd etdi.

Uchrashuvda tomonlar ikki mamlakatning taʼlim sohasidagi hamkorligini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi. Xususan, tomonlar oʻqituvchilar malakasini oshirish va qayta tayyorlash, attestatsiyadan oʻtkazish hamda oʻquv dasturlarini takomillashtirish sohasida hamkorlik qilish niyatida ekanliklarini bildirdi.

Share to: