MUNOSABAT

Joriy yilning 4 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali Andijon shahridagi 4-umumtaʼlim maktabidagi holat boʻyicha tarqatilgan videorolik yuzasidan Andijon viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi quyidagilarni maʼlum qiladi: 

Andijon shahridagi 4-umumtaʼlim maktabi 2019 yilda “Obod mahalla” dasturi asosida qoʻshimcha rejaga kiritilib, kapital taʼmirlash ishlari amalga oshirilgan. Maktabda qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilganligi sababli, oʻquv jarayonlari vaqtincha mazkur hududdagi 3, 21 umumtaʼlim maktablarida, 2 sonli maishiy xizmat koʻrsatish hamda bank kollejlarida olib borilgan. 

Ushbu maktabda qurilish-taʼmirlash ishlari toʻliq nihoyasiga yetkazilib, mavjud oʻquv mebellari va jihozlar vaqtincha saqlangan joyidan olib kelinib, sinf xonalariga joylashtirilgan. 

2019 yil 30 dekabr kuni olib kelingan oʻquv jihozlari maktabning asosiy darvozasi oldida tushirilayotgan paytida, shu hududdagi koʻp qavatli uylarda istiqomat qiluvchi maktab oʻquvchilaridan 4 nafari oʻz ixtiyorlari bilan oʻquv jihozlarini avtotransportdan tushirishda yordam bergan. 

Oʻquvchilar va ularning ota-onalari bilan oʻtkazilgan suhbatda, maktab rahbariyati tomonidan bolalar hech qanday majburiy mehnatga jalb etilmaganligi, muassasada qurish-taʼmirlash ishlari yakunlanganligi va oʻz sinf xonalarida oʻqishlarini davom ettirishlaridan quvonib yordam berganligi maʼlum boʻldi. 

Andijon viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi Matbuot xizmati

Share to: