30 dan ortiq xorijiy oliy taʼlim muassasasiga qabul qilingan yurtimiz umumtaʼlim maktabi oʻquvchilari

Davlatimiz rahbarining taʼlim tizimini isloh qilish, xususan maktablarga 11 yillik taʼlimni qaytarishdagi saʼy–harakati natijasida­ yurtimizda innovatsion va kreativ fikrlaydigan zamonaviy kadr, vatanparvar, yuksak maʼnaviyat egalari boʻlib ulgʻayishida muhim asos boʻlib xizmat qilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “Hurmatli muallimalarimiz, jonkuyar maktab direktorlarini, soha faxriylarini el-yurtimizning tayanchi va suyanchi deb bilamiz. Maktablar tizimini rivojlantirish uchun bundan buyon ham mablagʻni, imkoniyatni aslo ayamaymiz. Kelajak avlodimiz taqdiri, butun millatimiz taqdiri muhtaram muallimlarga bogʻliq”.

Yuksak ishonchni oqlash maqsadida fidoyi ustozlar oʻquvchilarning fanlarni toʻla oʻzlashtirishlari, bilim, koʻnikmalarining oshirilishiga va albatta, oʻgʻil-qizlarning xalqaro maydonda ham oʻz iqtidorlarini amalda namoyon etishi uchun zamonaviy pedagogik taʼlim standartlari asosida bilim bermoqda.

Mana shunday iqtidorli yoshlarni Yunusobod tumanidagi 250-maktab oʻquvchilari orasida ham uchratish mumkin. Bu dargohda iqtidorli yoshlar koʻpchilikni tashkil etadi. 2019-2020 oʻquv yili bitiruvchilari Gulruhbonu Shokirova va Abdulvoris Mirkomilov erishgan yutuqlari kishiga alohida faxr-iftixor bagʻishlaydi. Ular erishgan yutuqlar nafaqat maktab oʻquvchilariga, balki Respublikamiz yoshlariga ham namunadir.

Gulruhbonu Shokirova va Abdulvoris Mirkomilov boshlangʻich sinfdanoq maktab va tuman miqyosida oʻtkazib kelinadigan fan olimpiadasi va turli koʻrik-tanlovlarda faol ishtirok etib faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritgan. Gulruhbonu Shokirova ona tili va adabiyot fanlaridan boʻlib oʻtgan bilimlar bellashuvi hamda fan olimpiadalarining tuman va shahar bosqichlarida faxrli I–II oʻrinlarni egallagan. Shuningdek, turli mavzularda oʻtkazilgan insholar tanlovning Respublika bosqichida ham munosib oʻrinlarga sazovor boʻlgan. U maktabni oltin medal bilan tamomlagan ilk qaldirgʻochlaridan hisoblanadi.

Mazkur taʼlim maskanining yana bir iqtidor egasi Abdulvoris Mirkomilovdir. U matematika fanidan tuman va shahar bosqichlarida oʻtkazilgan bilimlar bellashuvi, fan olimpiadalarida munosib ishtirok etib, faxrli oʻrinlarga ega boʻlgan. Quvonarlisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻtkazilgan matematika fani boʻyicha Xalqaro olimpiadaning saralash bosqichida faol ishtirok etib, yuqori natijalarni qoʻlga kiritgan.

Gulruhbonu Shokirova 33 ta, Abdulvoris Mirkomilov 35 ta universitetga talabalikka qabul qilindi.

Eʼtiborlisi, Gulruhbonu va Abdulvoris kabi Oʻzbekiston yoshlari hech kimdan kam emasliklarini amalda isbotlamoqda.

Share to: