100 nomdagi oʻzbek va jahon adabiyoti sara asarlarining audio kitobi yaratildi

Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan oʻquvchilarning maʼnaviy hamda intellektual olamini boyitish, yoshlar oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, oʻzbek va dunyo adabiyotining eng yaxshi namunalarini internet tarmoqlariga joylashtirish va ularni targʻib qilish hamda kitobxonlar ommasiga yetkazish ishlarini samarali tashkil etish maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

1452.jpg

Xususan, vazirlik tasarrufidagi Respublika bolalar kutubxonasi tomonidan “Ikki eshik orasida”, “Sariq devni minib”, “Otamdan qolgan dalalar”, “Oq kema”, “Shamol ortidan yugurib” “Oʻzbek xalq ertaklari” kabi jami 100 nomdagi oʻzbek mumtoz va zamonaviy adabiyoti hamda jahon adabiyotining buyuk badiiy namunalarining audio kitob shaklidagi variantlari yaratildi.

Shu munosabat bilan, bugun 21-yanvar kuni Toshkent shahri Uchtepa tumani 238-sonli umumtaʼlim maktabida mazkur audio kitoblarning taqdimotiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Ushbu audio kitoblar taqdimotida vazirlik masʼullari, kutubxonachilar va ota-onalar ishtirok etdi.

photo2021-01-2111-38-59.jpg

Tadbirda 100 nomdagi badiiy adabiyotlar haqida maʼlumot berilishi bilan bir qatorda, Respublika bolalar kutubxonasi va uning hududiy boʻlimlarida elektron kutubxonalarni tashkil etish va resurslardan samarali foydalanish borasida amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar sarhisob qilinib, toʻplangan ilgʻor tajribalarni ommalashtirish borasida tavsiyalar berildi.

Mazkur audio kitoblarni www.kitob.uz sayti orqali yuklab olish va onlayn tinglash imkoniyati yaratilgan.

Share to: