Chet tili o‘qituvchilari malaka oshirmoqda

2015.01.30 | Янгиликлар

 

Chet tili o‘qituvchilari malaka oshirmoqda

 

Abdulla Avloniy nomidagi xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markaziy institutida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti qoshidagi chet tillarini o‘qitishning innovatsion metodikalarini rivojlantirish Respublika ilmiy-amaliy markazi bilan hamkorlikda trener-o‘qituvchilarni tayyorlash bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etildi. 
 
O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri U.Inoyatov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ta’lim sohasidagi islohotlarda o‘g‘il-qizlarni chet tillarga o‘qitish, xorijiy tillarda erkin so‘zlasha oladigan mutaxassislarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish, o‘quvchilarning ilm-fan yutuqlari va dunyo axborot resurslaridan keng foydalanishi masalasiga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. 
 
Davlatimiz rahbarining 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bunda yangi imkoniyatlarni ochmoqda. Unga ko‘ra, 2013-2014 o‘quv yilidan boshlab mamlakatimizning barcha hududida chet tillarni, asosan, ingliz tilini o‘rganish umumta’lim maktablarining birinchi sinflaridan o‘yin tarzidagi darslar va og‘zaki nutq darslari shaklida, ikkinchi sinfda esa alifbo, o‘qish va grammatikani o‘zlashtirish bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yildi. 
 
Yangi davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturi asosida 1-2-sinflar uchun darslik majmualari – darslik, o‘qituvchi kitobi, mashq daftari va DVD disk yaratilib chop etildi va o‘quvchilarga bepul yetkazildi. Bugungi kunda chet tillaridan 3-sinflar uchun ishlab chiqilgan darslik majmualari tajriba-sinovdan o‘tkazilmoqda. Ushbu darslik majmualari 2015-2016 o‘quv yili oldidan 540 ming nusxada chop etilib, o‘quvchilarga bepul yetkaziladi. Amaldagi 5-9-sinflar darsliklari yangi davlat ta’lim standartlari asosida qayta chop etiladi va joylarga tarqatiladi. 
 
Boshlang‘ich sinflarda chet tillarini o‘qitish uchun 17222 chet tili xonasi tayyorlanib, ularning barchasi DVD-magnitola, o‘quv-ko‘rgazmali qurollar, lug‘at va adabiyotlar bilan ta’minlandi. O‘tgan yillarda boshlang‘ich sinflarga komputer, proyektor jihozlari va 5-9-sinflar uchun xorijiy tillarni o‘rganishga oid materiallar yetkazilgan bo‘lsa, bu yil 8124 chet tili xonasi texnik vositalar va jihozlar bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilmoqda. 
 
2015-yildan boshlab amaldagi malaka oshirish tizimiga qo‘shimcha ravishda barcha tumanlarda o‘qituvchilarning o‘z hududida haftada bir martalik uzluksiz malaka oshirish kurslari tashkil etish choralari ko‘rildi. Doimiy ishlaydigan ushbu kurslarga bir yilda 18 ming nafar o‘qituvchi qamrab olinadi. 
 
Abdulla Avloniy nomidagi xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markaziy instituti bazasida trener-o‘qituvchilarni tayyorlash bo‘yicha kurslar tashkil etilgani ham bu boradagi amaliy ishlardandir. Mazkur kurslardan maqsad chet tili o‘qituvchilarining nutq ko‘nikmalarini rivojlantirish, maktabda, ayniqsa, boshlang‘ich sinflarda chet tili o‘qitish metodikasini takomillashtirish, pedagoglarga metodik qo‘llanmalardan foydalanishda yordam berish, ularni lavozim maoshlariga oylik ustamalarni olish uchun test sinovlaridan o‘tishga tayyorlash, shuningdek, doimiy tarzda mustaqil ta’lim olishlarini rag‘batlantirishdir.
 
7-fevralga qadar davom etadigan ushbu kurslarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi chet tili o‘qituvchilari jalb etildi. Mazkur maqsadli kurslarni yakunlagan o‘qituvchilar joylardagi tayanch maktablarida shu yilning mart oyidan boshlab har haftalik kurslarda chet tili o‘qituvchilariga yangi darslikni o‘qitish bo‘yicha darslar o‘tadi. 

Рўйхатдан ўтиш





Топ Рейтинг НИПС www.uz
100031, Ўзбекистон, Тошкент шаҳри, Яккасарой тумани, Миробод кўчаси, 14-уй.
Телефон: (+99871)215-52-81, факс: (+99895)479-99-08 e-mail: uzedu@exat.uz
Вазирлик иш кунлари: душанба-жума(9.00-18.00гача, 13.00-14.00гача тушлик),
дам олиш кунлари: шанба, якшанба ва байрам кунлари.
Матбуот хизмати рақами: (+99871)266-18-53

Ўзбекистон Республикаси Халқ таълими вазирлиги

Cайтнинг очиқлик сиёсати

Материалдан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда, uzedu.uz манбаси кўрсатилиши шарт.

Вазирлик сайтининг олдинги варианти.

Ҳозир сайтда: 33

Хато кўрсангиз белгиланг ва Ctrl+Enter ни босинг.