Bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash

2015.02.05 | Янгиликлар

Bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash



Bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. 
Respublikamizda istiqlol yillarida boshqa sohalar singari ta'lim tizimini tubdan isloh qilish, farzandlarimizning hech kimdan kam bo‘lmay kamol topishlari uchun barcha imkoniyat va sharoitlarni yaratish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. 
Ayni shu maqsadda “Ta'lim to‘g‘risida”gi Qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi hamda uning mantiqiy davomi — Maktab ta'limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturining qabul qilinishi tufayli yurtimizning eng chekka hududlarida ham zamonaviy ta'lim muassasalari qad rostladi. 
Bugun Vatanimizning qaysi go‘shasiga bormaylik, biri-biridan muhtasham ta'lim maskanlariga ko‘zimiz tushadi, u erdagi qulay sharoitlarni ko‘rib, beixtiyor quvonamiz. Ko‘rkam sinf xonalari, o‘quv va lingafon, laboratoriya, informatika xonalari jahon ta'lim standartlariga to‘liq javob beradi. O‘g‘il-qizlarimiz mazkur dargohlarda fanning eng so‘nggi yutuqlaridan xabardor bo‘lishayapti. Ayniqsa, ta'lim jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining izchil tatbiq etib borilayotgani o‘zining yuksak samaralarini bermoqda. Bularning barchasi davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “o‘zbek modeli”ning yorqin hosilidir.     
Muhimi, ta'limdagi islohotlar qizg‘in davom etmoqda. Birgina o‘tgan yilning o‘zida respublikamiz bo‘yicha 380 ta maktabning tubdan yangilangani fikrimiz dalilidir. Mazkur ta'lim muassasalari o‘quv, laboratoriya, kompyuter hamda multimedia vositalari bilan to‘liq ta'minlandi. Bunday keng ko‘lamli o‘zgarishlar nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijlik mutaxassis va ekspertlar tomonidan ham e'tirof etilayapti. Ayniqsa, ota-onalarning quvonchini so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi. Boisi ularning aksariyati o‘tgan zamonning loysuvoq maktablarida saboq chiqargan bo‘lib, bugungi, ko‘z o‘ngimizda chiroy ochib turgan salobatli o‘quv maskanlarining ahamiyatini, farqini juda yaxshi his qiladilar. U davrdagi maktablarning shart-sharoiti, ta'lim sifati talabga javob bermas, o‘quvchilarning o'zlashtirish darajasi esa past ko‘rsatkichlardan iborat edi. Bugun-chi?! Mustaqil diyorimizda yoshlarimiz ta'lim-tarbiyasiga katta kuch va mablag‘ sarf etilayapti. Natijada mustaqil taraqqiyotimizning qisqa davrida ulkan marralarga erishildi. 
Uzoqqa bormaylik, o‘tgan yili yurtimizdagi musiqa va san'at maktablari o‘quvchilaridan 122 nafari Fransiya, Italiya, Latviya, Janubiy Koreya, Polsha va boshqa bir qator davlatlarda bo‘lib o‘tgan xalqaro ko‘rik-tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgani ham yuqoridagi fikrimizga isbotdir. Ularning 8 nafari Gran-priga loyiq ko‘rildi, 69 nafari birinchi o‘rin, 24 nafari ikkinchi o‘rin hamda 21 nafari uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. 
Agar buni raqamlar yordamida taqqoslasak, yildan-yilga o‘sish sur'atini kuzatishimiz mumkin. Aytaylik, 2008 yilda musiqa yo‘nalishida tahsil olayotgan o‘quvchilarimizning 31 nafari nufuzli xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyat qozongan bo‘lsa, 2014 yilga kelib, bu ko‘rsatkich qariyb 4 barobar oshdi. 
Bundan tashqari, farzandlarimizning xalqaro fan olimpiadalarida erishayotgan natijalari ham tahsinga loyiq. Jumladan, 2014 yilning 21 — 26 iyul kunlari Koreya Respublikasining Tejon shahrida maktab o‘quvchilari o‘rtasida o'tkazilgan xalqaro matematika musobaqasida mamlakatimiz vakillari jamoaviy hamda yakka tartibdagi bahslarda ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. 
Albatta, ushbu musobaqa jahon hamjamiyati oldida O‘zbekiston yoshlari ulug‘ ajdodlarimizga munosib avlod ekanliklarini namoyon etdi. Xususan, jamoalar o‘rtasida kechgan bilimlar bahsida Samarqand viloyati, Bulung‘ur tumanidagi 15-umumta'lim maktabining 7-sinf o'quvchisi Sardor Saidqulov, Farg‘ona viloyati, Buvayda tumanidagi 2-ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 7-sinf o‘quvchisi Jasurbek Imomov, Qashqadaryo viloyati, Kitob tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 8-sinf o'quvchisi Yulduz Ne'matova, Buxoro viloyati, Olot tumanidagi 31-ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 8-sinf o‘quvchisi Davrbek Oltiboev ikkinchi o‘rinni egalladi. Yakka tartibdagi musobaqada esa Jasurbek Imomov ikkinchi o‘ringa loyiq topilib, kumush medal bilan taqdirlandi. Yulduz Ne'matova hamda Davrbek Oltiboev maxsus sertifikatni qo'lga kiritdi. 
Shu o‘rinda o‘quvchilarimizning sport yo‘nalishida erishgan g‘alabalarini ham alohida aytib o‘tish joiz. O‘tgan bir yil mobaynida 469 nafar o‘quvchimiz jahonning o‘nlab mamlakatlarida bo‘lib o‘tgan musobaqalarda qatnashib, sportning qator turlari bo‘yicha o‘z iqtidorlarini namoyish qildi. 
Albatta, bularning barchasi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning yorqin natijalaridir. Zero, farzandlarimizning baxtu kamoli har doim davlatimiz rahbarining diqqat-e'tiborida turadi. Chunonchi, Prezidentimiz 2014 yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma'ruzasida “Bugungi kunda katta umid, orzu-maqsadlar bilan, Vatanim taraqqiyotiga hissa qo‘shaman, deb belini mahkam bog‘lab maydonga chiqayotgan, mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan, azmu shijoatli yoshlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash barchamizning nafaqat vazifamiz, balki burchimizga aylanishi kerak”, deya ta'kidlaganlari faoliyatimizning bosh mezoni bo‘lib qoladi. 
Fayzulla AHMEDOV, 
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi 
Ta'lim muassasalari faoliyatini tashkil etish 
bosh boshqarmasi boshlig‘i

Рўйхатдан ўтиш





Топ Рейтинг НИПС www.uz
100031, Ўзбекистон, Тошкент шаҳри, Яккасарой тумани, Миробод кўчаси, 14-уй.
Телефон: (+99871)215-52-81, факс: (+99895)479-99-08 e-mail: uzedu@exat.uz
Вазирлик иш кунлари: душанба-жума(9.00-18.00гача, 13.00-14.00гача тушлик),
дам олиш кунлари: шанба, якшанба ва байрам кунлари.
Матбуот хизмати рақами: (+99871)266-18-53

Ўзбекистон Республикаси Халқ таълими вазирлиги

Cайтнинг очиқлик сиёсати

Материалдан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда, uzedu.uz манбаси кўрсатилиши шарт.

Вазирлик сайтининг олдинги варианти.

Ҳозир сайтда: 36

Хато кўрсангиз белгиланг ва Ctrl+Enter ни босинг.