Ziyonet
 
Kitob.uz
 

 
 
   
 

XXI asr daholari O`zbekistonda ulg`aymoqda

...Biz yashayotgan XXI asr - intellektual boylik hukmronlik qiladigan asr.  Kimki, qaysi jamiyat bu haqiqatni
o´z vaqtida anglab olmasa, intellektual bilim, intellektual boylikka intilish uning kundalik hayot mazmuniga
aylanmasa, bunday jamiyat jahon taraqqiyoti yo´lidan chetda qolib ketishi muqarrar.
Islom KARIMOV
 
     2000-2010 yillarda mamlakatimiz maktab o´quvchilari xalqaro fan olimpiadalarida 80 ta medalga egalik qilishgan. Bularning 6 tasi oltin, 14 tasi kumush, 60 tasi esa bronza medalidir. Xususan, keyingi uch yil mobaynida mamlakatimizdagi umumta'lim maktablari, akademik lisey va kasb-hunar kollejlari o´quvchilari, oliy o´quv yurtlari talabalari jahon miqyosida o´tkazilgan nufuzli fan olimpiadalarida g`olib bo´lib, jami 41 ta medalni qo´lga kiritgan.
     Ma'rifatli millatning, bilim va tafakkuri shunday qudratli kuchga aylanadiki, dunyo bo´ylab aks-sado beradi. Hayrat bu millat o´tmishini taftish qiladi. Dunyo ilm ahli ushbu mamlakat haqidagi manbalarni izlashga, o´rganishga tushadi.
     Ha, buyuk o´tmish, bugungi bedorlik, bunyodkorliklar, izlanish va istiqlol imkoniyatlari O`zbekistonimizning kelajagi buyukligini anglatadi. Ko´rsatadi. Bildiradi. Mustaqillik nafaqat millatni qaddini tikladi. Balki uning ruhini ko´tardi, tafakkur olamini osmon qadar yuksaltirdi. Bugun O`zbekiston farzandlari ilm-fanda ham hech kimdan kam emasliklarini, kam bo´lmasliklarini namoyon etmoqda.
     Mashhur ingliz olimasi Xilda Xukxem shunday yozgan edi: "Amir Temurning beshigini tebratgan zaminda, X-XI asrlardayoq falsafa, tibbiyot, matematika, astronomiya, jug`rofiya, nazm va tarixnavislik borasida jahonshumul asarlar yaratilgan. Bu beqiyos ilmiy-ma'rifiy taraqqiyot Yevropa Uyg`onish davriga turtki berdi va Yevropa ilm-fani kamol topishiga mustahkam asos bo´lib xizmat qildi". 
     Agarda al-Xorazmiyning arifmetika xususidagi risolasi Yevropada XII asrdayoq lotin tiliga tarjima qilinib, "Diksit Algorizm", ya'ni "Al-Xorazmiy deydiki" deb atalgani yoki italyan matematigi Kordononing 1545 yilda chop etilgan "Buyuk san'at" asari "Algebra deb ataluvchi bu san'at Muso o´g`li Muhammaddan boshlangan" jumlasi bilan boshlanishini, Ahmad al-Farg`oniyning Ispaniyaning Kordova shahrida ilmiy markaz yaratgani va uning asosida ko´hna qit'adagi dastlabki dorilfunun tashkil qilingani, Beruniyning birinchi bo´lib sayyoralar orbitasini tekshirishda differensial hisob g`oyalaridan foydalngani va 22 yoshida dunyodagi ilk globusni yaratgani haqida o´ylaydigan bo´lsak yuqoridagi so´zlarning mazmun-mohiyati yanada oydinlashadi.
      O`tgan XX asrda ham yurtimizda aniq fanlar, xususan, matematika, fizika, kimyo sohalari taraqqiyotiga munosib hissa qo´shgan ilm-fan darg`alari yetishib chiqdi. Chunonchi, atoqli matematik olimlar Toshmuhammad Sarimsoqov, Sa'di Sirojiddinovlar poytaxtimizni matematik statistika sohasining yirik ilmiy markazlaridan biriga aylantirdi. Akademik Sobir Yunusovning alkoloidlar kimyosini rivojlantirishga oid tadqiqotlari kimyo fani rivojiga muhim hissa b´lib q´shildi.
Istiqlol tufayli xalqimizning iste'dodli farzandlari, yosh iqtidor egalari ham jahon minbarlarida o´z so´zini ayta boshladi. Yoshlarimizning matematika, kimyo, fizika fanlari bo´yicha o`tkaziladigan xalqaro olimpiadalar, konferensiyalar, simpoziumlar, kongresslarda muntazam ishtirok etib, yuqori o´rinlarni egallab kelishayotgani fikrimiz tasdig`idir.
      So´nggi yillarda maktab o´quvchilari o´rtasidagi xalqaro matematika olimpiadasida erishilayotgan natijalarning tobora yuksalib borayotgani kishini quvontiradi. Agar 1997-2003 yillarda Argentina, Ruminiya, Janubiy Koreya, AQSh, Shotlandiya va Yaponiyada tashkil etilgan musobaqalarda O`zbekiston terma jamoasi jami 8 ta medal bilan yurtimizga qaytgan bo´lsa, 2004-2010 yillarda Gresiya, Sloveniya, Vetnam, Ispaniya, Germaniya hamda Qozog`iston olimpiadalarida qatnashgan o´quvchilarimiz 21 ta medallar bilan taqdirlandi. Ayniqsa, joriy yilning 9-19 iyul kunlari Ostonada o´tkazilgan bellashuv o´quvchilarimiz uchun omadli keldi. Jami 6 nafar yosh matematikdan iborat terma jamoamiz 4 ta kumush va 1 ta bronza medaliga egalik qilishdi.
      - 2009 yilda Moskva shahrida tashkil etilgan 5-xalqaro MDH va Boltiqbo´yi davlatlari olimpiadasida g`olib bo´lgan edim, - deydi 51-Xalqaro matematika olimpiadasi kumush medali sohibi Umida Jo´raeva. - Bu yilgi Ostona olimpiadasida esa 21 ballik natija bilan ikkinchi o´rinni qo´lga kiritdim. Birinchi bo´lishim uchun 6 ball kamlik qildi. Shuningdek, jamoadoshlarimdan Samarqand iqtisodiyot va servis instituti qoshidagi akademik liseyning 3 nafar o´quvchisi - Ibrohimbek Akromov, Ja'far Abdurahimov, Zarif Ibragimovlar 96 mamlakatdan kelgan 517 nafar ishtirokchi orasida ikkinchi o´ringa loyiq ko´rildi.
       Yana bir bronza medali Qorako´l tumani, 52-iqtidorli bolalar maktab-internati o´quvchisi Aziz Nazarovga nasib qildi. U 2009 yilda Germaniyaning Bremen shahrida o´tkazilgan 50-Xalqaro matematika olimpiadasi va keyinroq Qozog`istonning Olma-ota shahri mezbonlik qilgan matematika, fizika va informatika fanlaridan Xalqaro Jautikov olimpiadasida kuchli uchlikdan o´rin olgan edi. Shuni alohida ta'kidlash joizki, o´zbekistonlik o´quvchilarimiz mazkur olimpiadaning s´nggi 3 yillik natijalariga ko´ra, matematika yo´nalishida 3 ta kumush va 2 ta bronza, fizika yo´nalishida esa 1 ta kumush, 1 ta bronza medali, shuningdek, 15 ta rag`batlantiruvchi o´rinlarni zabt etishgan.
       - O`quvchilarimiz xalqaro matematika olimpiadasida 1997 yildan buyon qatnashib keladi, - deydi Xalqaro matematika olimpiadasi hakamlar hay'ati a'zosi, fizika-matematika fanlari nomzodi Shuhrat Ismoilov. - Shu kungacha ular tomonidan 8 ta kumush, 21 bronza va 20 ta faxriy diplom qo´lga kiritildi. Atigi 11 marotaba ishtirok etgan jamoa uchun bu juda katta ko´rsatkich sanaladi. Musobaqa tashkil etilgan 1959 yildan beri unda qatnashib kelayotgan ba'zi davlatlar uchun bu natija hamon orzu bo´lib qolmoqda. Bu bejiz emas, albatta. Zero, bizda terma jamoa a'zolarining xalqaro matematika olimpiadasida munosib qatnashishi uchun maxsus tayyorgarlik rejalari ishlab chiqilgan.
       Chunonchi, Buyuk ipak yo´li masofaviy olimpiadasida, "Mathematikal Reflektions" (AQSh), Crux Mathematicorum with Mayhem (Kanada), "Kvant" (Rossiya), "Matematika, fizika va informatika" (O`zbekiston) kabi internet jurnallarida taqdim etiladigan nostandart masalalarni yechib, shu orqali o´quvchilarimiz qobiliyatini oshirib bormoqdamiz. Xalqaro ekspertlar fikriga ko´ra yoshlarimizning medal olish progressi tobora yuqorilamoqda.
      Bundan tashqari, iste'dodli o´g`il-qizlarimiz Olma-ota shahrida an'anaviy tarzda o´tkaziladigan Xalqaro matematik loyihalar tanlovida muntazam qatnashib keladi. Chunonchi, 2004 va 2006 yilgi musobaqalarda hamyurtlarimizdan Temur va Ruslan Boybekovlar kumush, Maksim Beloshkin hamda Anastasiya Gukovalar bronza medallari bilan taqdirlangan edi.
       Ilm-fan rivoji o´zining yuksak cho´qqisiga ko´tarilgan davrlarda kimyo fani bilan shug`ullanuvchi olimlar - alkimyogarlar oddiy metallarni nodir turga aylantirish ustida juda ko´p tadqiqotlar o´tkazgan. Butun umrini afsonaviy iksir moddasini izlashga sarf qilgan. Bunga esa "Alkimyo" asoschisi Jobir ibn Xayyomning metallarning paydo bo´lishida oltingugurt-simob nazariyasi, ya'ni ularning turli xil nisbatlarda birikishidan oltin, kumush, mis, temir yaralishi haqidagi noto´g`ri xulosasi sabab b´lgan.
       O`sha davrda yashagan Abu Ali ibn Sino metallar xususiyatini mukammal o´rganib, u va boshqa alkimyogarlarning qarashlari xato ekanligini ilmiy jihatdan asoslab berdi. Vatandoshimiz oddiy metallardan oltin olib bo´lmasligini birinchi bo´lib isbotladi. Olimlarning fikricha, Ibn Sino hozirgi zamon onorganik kimyo faniga asos solgan.
       Bu manbalarni bejiz ketirayotganimiz yo´q. M. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti rektori, akademik V. Sadovnichiy kimyo fanidan navbatdagi 42-Xalqaro Mendeleev olimpiadasini aynan ibn sinolar, beruniylar ulg`aygan zaminda, O`zbekistonda o´tkazishni taklif qiladi. 2008 yil 26 aprel - 4 may kunlari Toshkentda o´tgan yosh kimyogarlar xalqaro tanlovida 8 ta bronza, 1 ta kumush va 1 ta oltin medalni qo´lga kiritgan O`zbekiston terma jamoasi a'zolari umumjamoa hisobida birinchi o´rinni egalladi.
      Mendeleev olimpiadasi haqida qisqacha ma'lumot. Mazkur nufuzli bellashuv ilk marotaba 1956 yilda Moskvada tashkil etilgan. 1992 yilda esa musobaqaga Xalqaro olimpiada maqomi berilgan. Har yili an'anaviy tarzda o´tkaziladigan mazkur olimpiadada MDH va Yevropa mamlakatlari vakillari ham ishtirok etishi mumkin.
      O`zbekistonlik o´quvchilar unda 1997 yildan beri muntazam ravishda qatnashib keladi. Yosh iqtidorlarimiz bugunga qadar 1 ta oltin, 1 ta kumush, 22 ta bronza medallari hamda 8 ta rag`batlantiruvchi diplomlarni qo´lga kiritgan. Jumladan, shu yil Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida bo´lib o´tgan 44-Xalqaro Mendeleev olimpiadasida ikki nafar vakilimiz, urganchlik Navr´zbek Jabborov hamda samarqandlik Doniyor Nasriddinovlar tengdoshlari orasida tengsiz deya e'tirof etildi.
     - Olimpiada ishtirokchilari bizga havas bilan qarashdi. O`zbekistonimiz, maktablarimiz, litsey, kollejlarimiz, oliy o´quv yurtlarimiz, Samarqandu, Buxoro, Xiva, Qo´qon singari tarixiy shaharlarimiz haqida so´rab surishtirishdi, - deydi Doniyor Nasriddinov. - Ustozlarimning mehnati, fidoyiligi tufayli nafaqat Respublika, balki Xalqaro olimpiadada ham ishtirok etdim. Bokuda meni Moskva universitetiga o´qishga taklif qilishdi. Biroq men O`zbekiston Milliy universitetida o´qimoqchiman. Kelajakda kolloid-kimyo yo´nalishida ilmiy ish olib borish niyatim bor. Bundan tashqari, Xalqaro olimpiadalarda ishtirok etadigan o´quvchilar tayyorlash ishiga hissa q´shaman.
       Yoshlarimizning millat va mamlakatning buyuk kelajagi yo´lidagi mas'uliyatli izlanishlari bardavomdir. Ular buyuk bobolarimizning haqiqiy vorisi sifatida butun dunyoni hali ko´p marta lol qoldirishiga ishonamiz. 
 
Dilshod NARZULLAEV,
"O`zbekiston ovozi" muxbiri.


Maqola sanasi Maqola sanasi: 07 Sentyabr 2010 12:03


Yangiliklar bolimiga o'tish


  



Bolalar musiqa va san'at maktablari

 Copyright © 2012
O'zbekiston Respublikasi
Xalq ta'limi vazirligi