|
|
 | |
|
|
| |
Mahoratli futbolchilar tayyorlash maskani
Andijon shahrida futbol bo’yicha Ixtisoslashtirilgan maktab-internat o’z faoliyatini boshladi.
Mamlakatimizda yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash, farzandlarimizning irodasini toblash, mustaqil dunyoqarashini shakllantirish, ongu shuurida Vatanga sadoqat, el-yurtga mehr-muhabbat tuyg’ularini qaror toptirish Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yuritilayotgan siyosatning muhim yo’nalishlaridandir.
Bu borada davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan bolalar sportini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani o’zining yuksak samaralarini bermoqda. Mazkur yo’nalishdagi izchil sa’y-harakatlar tufayli dunyoning hech bir mamlakatida uchramaydigan noyob tuzilma – O’zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg’armasi tashkil etilib, yoshlar o’rtasida ommaviy sportni rivojlantirishning samarali mexanizmi shakllandi. Ayniqsa, yosh avlodni jismoniy tarbiya hamda sportga ommaviy jalb etishning uch pog’onali tizimi – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” hamda Universiada sport o’yinlari iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularni katta sport sari rag’batlantirishda muhim omil bo’lmoqda.
Davlatimiz rahbari Islom Karimov joriy yilning may oyida Andijon viloyatiga qilgan safari chog’ida Andijon shahrida bunyod etilgan, xalqaro talablarga javob beradigan zamonaviy sport majmuasiga ham tashrif buyurgan, bu yerda yoshlarning sport bilan shug’ullanishi, xususan, yoshlar o’rtasida futbolni rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib, bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirish yuzasidan tegishli tavsiyalar bergan edi. Prezidentimizning 2010 yil 12 avgustda qabul qilingan qarori asosida ushbu majmua negizida Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi futbol bo’yicha Ixtisoslashtirilgan maktab-internat tashkil etildi.
Barkamol avlodni tarbiyalash, qobiliyatli yoshlarni sportga faol jalb etish, milliy futbolimizni yanada qo’llab-quvvatlash va taraqqiy ettirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, yosh futbolchilarni tanlab olish va ularda professional ishtiyoq, mahorat hamda ko’nikmalarni chuqur rivojlantirishni ta’minlash, shuningdek, futbol bo’yicha mamlakatimiz klublari va terma jamoalariga ishonchli zaxirani shakllantirish Ixtisoslashtirilgan maktab-internat faoliyatining asosiy yo’nalishlaridir. Bu yerda sport bilan shug’ullanadigan yoshlar nafaqat jismonan baquvvat, ayni vaqtda yuksak intellektual salohiyatga ega bo’lib tarbiyalanishiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Zamonaviy talablarga javob beradigan uchta stadion, tranejyor zali, yopiq suv havzasi tarbiyalanuvchilar ixtiyoriga berilgan.
Maktabga viloyatning barcha shahar va tumanlaridan 1997-2000 yillarda tug’ilgan eng iqtidorli bolalar tanlov asosida saralab olindi.
Maktab-internatning ochilishi katta shodiyonaga aylandi. Tadbirda yurtimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ommaviy sportni, xususan, bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor farzandlarimizni ham jismonan, ham ma’naviy jihatdan sog’lom qilib voyaga yetkazish, dunyoda hech kimdan kam bo’lmaydigan avlodni tarbiyalashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Futbol bo’yicha Ixtisoslashtirilgan maktab-internatga Prezident sovg’asi – Samarqand avtomobil zavodida ishlab chiqarilgan yangi avtobus topshirildi.
Ixtisoslashtirilgan maktab-internatning ochilishida Andijon viloyati hokimi A.Usmonov ishtirok etdi.
 |
Maqola sanasi: 06 Sentyabr 2010 14:20 |
| |
Bolalar musiqa va san'at maktablari |
| |