- Ustoz, sizga xushxabar, O`zbekiston Qahramoni bo`libsiz. Hozir televizorda aytishdi... Eshitdimu, sizga qo`ng`iroq qilayapman. Siz shunga munosibsiz, tabriklayman, domlajon...
- Bunday yuksak e'tibor va e'zozni kutmagan edim. Shuning uchunmi, hayajondan shogirdimga nima deyishni ham bilmay qoldim. Nuqul "Nega? Nima uchun?" derdim xolos. Birozdan so`ng o`zimga kelgach, shogirdimning qutloviga javoban, "Rahmat, sizlargayam muborak bo`lsin" deya minnatdorchilik bildirdim. Xayolimdan shu kungacha o`tgan umr yo`lim, mehnat faoliyatim kino tasmasi kabi o`ta boshladi.
Andijon davlat pedagogika instituti (hozirgi AnDU)ning kimyo fakultetini bitirib, qo`shni Shahrixon tumanidagi 8-maktabda ish boshlaganimda yosh mutaxassis edim. Keyinchalik 2-liseyda faoliyatimni davom ettirdim. 2002 yili 53-ixtisoslashgan maktabni tashkil etish tashabbusi bilan chiqdim. O`shandan buyon shu jamoani boshqarib kelmoqdaman.
Pedagoglik faoliyatim bilan birgalikda ilmiy ishlar ham qildim. Albatta, izlanishlarim, mehnatlarim besamar ketmadi. Umumta'lim maktablarining 7-8-9-sinf o`quvchilari uchun kimyo
fanidan darslik va uslubiy qo`llanmalar yaratdim.
O`zbekiston mustaqilligining har yilgi tantanalarini yangi darslik, uslubiy-qo`llanmalar bilan kutib olaman. Bu yil yaratgan darslik va risolalarim soni 25taga yetdi. Mana, shu yilning o`zida "Kimyodan masala va mashqlar yechish" kitobim "Sharq" nashriyot-matbaa konsernida, "Kimyodan masala va mashqlar yechish usullari" deb nomlangan risolam "O`zbekiston milliy ensiklopediyasi" nashriyotida chop etildi. Bundan bir necha yil ilgari yaratgan 8-sinf o`quvchilari uchun "Kimyo" darsligim qayta nashr qilindi.
Men uchun asosiysi, shogirdlarim erishayotgan muvaffaqiyatlardir. Chunki ular siymosida mustaqil O`zbekistonimizning farovon kelajagini ko`raman. Ana shunday o`quvchilarimdan biri Ulug`bek Qo`ldoshev kimyo fani bo`yicha jahon olimpiadasida faxrli diplom oldi. O`tgan uch yilda ulardan 31 nafari fan olimpiadasining viloyat va respublika bosqichlarida faxrli o`rinlarni egalladi. 215 nafar o`quvchim oliy o`quv yurtlariga kirdi.
Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning jahon miqyosidagi shon-shuhratini yuksaltirish, islohotlarni yanada chuqurlashtirish hamda yosh avlodni vatanparvarlik va xalqparvarlik ruhida tarbiyalash borasida davlat va xalq oldidagi kamtarin xizmatlarim "O`zbekiston Qahramoni" degan yuksak unvonga munosib ko`rilganidan cheksiz minnatdorman. Bu - Prezidentimizning va hukumatimizning ta'lim xodimlariga bildirayotgan yuksak ishonchi va hurmati belgisidir.
| Manba: "Ma`rifat" gazetasi |
| Maqola sanasi: 03 Sentyabr 2010 13:53 |












