Ziyonet
 
Kitob.uz
 

 
 
   
 

Yangi o'quv yiliga tayyormiz

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 16 iyundagi "Respublika iqtisodiyoti tarmog’larini 2010/2011 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni ta'minlash chora-tadbirlari to’g’risida"gi PQ-1353-sonli Qaroriga asosan jami 1411 ta maktab, shundan 48 tasi kapital va 1363 tasi joriy ta'mirlandi.

"Barkamol avlod yili" davlat dasturiga kiritilgan Namangan shahridagi 14 ta (5 ta yangi qurilish, 9 ta kapital rekonstruksiya) maktabda qurilish-tiklash ishlari nihoyasiga yetkazilib, foydalanishga topshirildi.

Maktablarda mavjud fizika, kimyo, biologiya o’quv-laboratoriya uskunalari to’liq inventarizasiyadan o’tkazilib, barchasi ishchi holatga keltirildi. Shuningdek, umumta'lim maktablariga 619 ta fizika, 624 ta kimyo va 485 ta biologiya o’quv - laboratoriya uskunalari yetkazib berildi. 560 ta umumta'lim maktablari o’quv kompyuter sinflari bilan ta'minlanib, ularda ham o’quvchilarning zamonaviy kompyuter texnologiyalaridan foydalanish imkoniyati yaratildi.

Joriy yilda rejalashtirilgan 474 nomda jami 32,5 mln. nusxa darsliklar        20 avgust holatiga to’liq chop etilib, ta'lim muassasalariga yetkazib berildi.

Yangi o’quv yilida 1-sinfga kelishi kutilayotgan 474885 nafar bolajonlarning barchasiga "Prezident sovg’asi" sifatida taqdim etish uchun 12 nomdagi o’quv qurollari va o’quvchi portfeli (ranes)dan iborat sovg’alar tayyorlanib, taqsimot asosida ta'lim muassasalariga yetkazib berildi. Bundan tashqari, 10 000 komplekt sovg’alar zahira sifatida tayyorlab qo’yildi.

Shuningdek, kam ta'minlangan oila farzandlari va uyda yakka tartibda ta'lim oladigan bolalar uchun 660758 komplekt qishki kiyim-boshlar ham taqsimot asosida joylarga yetkazib berildi.

Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 12 iyuldagi 144-sonli qarorining ijrosini ta'minlash, yangi o’quv yiliga tayyorgarlik ko’rishda aholiga qulayliklar yaratish maqsadida 1243 ta umumta'lim maktablarida 27 nomdagi o’quv anjomlari va maktab kiyimlari bilan ta'minlangan maxsus maktab yarmarkalari tashkil etildi va ular o’z faoliyatlarini 10 sentyabrga qadar davom ettirishadi.

Joriy yilda oliy o’quv yurtlarini bitirgan 6623 nafar yosh mutaxassislar umumta'lim maktablariga ishga qabul qilindi va ularning barchasi tajribali-ustoz o’qituvchilarga biriktirildi.

Barcha umumta'lim muassasalarida yangi o’quv yili an'anaviy tarzda 2 sentyabr kuni "Mustaqillik darslari" bilan boshlanadi. "Mustaqillik darslari"ni o’tishda o’qituvchilarga qo’llanma sifatida davlatimiz, xalqimiz tomonidan 19 yilda erishilgan yutuqlar, Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning mazmun-mohiyati, shuningdek "Barkamol avlod yili"da amalga oshirilgan ezgu ishlar, yurt tinchligi, xalqimiz farovonligini ta'minlash yo’lida qilinayotgan islohotlarni o’zida aks ettirgan o’quv-tarqatma materiallari tayyorlandi va har bir ta'lim muassasasiga yetkazildi.

Shuningdek, yangi o’quv yilidan e'tiboran ta'lim mazmunini takomillashtirish borasida ham bir qator yangiliklar joriy etiladi.

Jumladan, umumiy o’rta ta'lim o’quv dasturlaridagi jami 813 soat hajmdagi mavzular optimallashtirildi. Mazkur soatlar hisobiga ta'lim muassalarida ma'naviy-ma'rifiy, maktabdan, sinfdan tashqari tarbiyaviy ishlarni keng yo’lga qo’yish, murakkab mavzularni o’zlashtirishda o’quvchilar bilan individual ish olib borish hamda amaliy mashg’ulotlar samaradorligini oshirish rejalashtirildi.

Amalga oshirilgan mazkur o’zgarishlar joriy yilda chop etilgan 474 nomdagi darsliklarda inobatga olindi va qolgan darsliklarga reja asosida bosqichma-bosqich ravishda kiritish belgilandi.

Maktablarda o’qitiladigan 18 ta umumta'lim fanlari bo’yicha o’quv dasturlari qayta ishlab chiqilib, ular bo’yicha metodik tavsiyalar va yangi taqvim-mavzu rejalarining namunalari yaratildi hamda ular kitob shaklida 10000 nusxada chop etilib, 2010-2011 o’quv yilidan amaliyotga joriy qilish uchun ta'lim muassasalariga yetkazildi.

Rivojlangan davlatlar va tizimdagi tajribalar o’rganilgan holda, o’quvchilar bilimini baholash hamda ularning reytingini belgilashning yangi mexanizmi ishlab chiqildi va o’rnatilgan tartibda tasdiqlanib, amaliyotga yo’naltirildi.

Maktab o’qituvchilarining ish yuklamalarini (1548 soat) tarifikasiyalash, ishlagan vaqti asosida ish haqini hisoblash tartibi yangi tahrirda tasdiqlandi va 2010-2011 o’quv yilidan boshlab amaliyotga joriy qilinadi. Ushbu yangi tartib asosida o’qituvchilarga ko’proq o’z ustida ishlashlari va asosiy e'tiborni ta'lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirishga qaratishlari uchun keng imkoniyatlar yaratildi.

Bundan tashqari, o’qituvchilar o’rtasida o’zaro tajriba almashish va malaka oshirishga yo’naltirilgan yangi "Ustoz-shogird" tizimi joriy etildi. Respublika bo’yicha 3600 nafar eng tajribali o’qituvchilar tanlab olinib, ularga 3 nafardan (10800 nafar) shogirdlar biriktirildi. Yoz oylarida barcha ustoz o’qituvchilar "Iste'dod" jamg’armasida "Yangi pedagogik texnologiyalar" maxsus kursi asosida o’qitildi.

Shuningdek, Qoraqalpog’iston Respublikasining olis tumanlarida faoliyat ko’rsatayotgan 300 nafar o’qituvchilar uchun 17-28 avgust kunlari Toshkent shahrida barcha shart-sharoitlar yaratilgan holda "O’quv jarayoniga axborot-kommunikasiya va ilg’or pedagogik texnologiyalarni keng joriy qilish" mavzusida o’quv-seminarlari tashkil etildi hamda ularning madaniy dam olishlari, teatr, muzey va tarixiy obidalarga tashriflari ta'minlandi.

Respublikamizning barcha tuman va shaharlarida yangi o’quv yili oldidan ta'lim sifatini ta'minlash, zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini o’quv jarayoniga joriy etish mavzusida pedagoglarning Avgust kengashlari o’tkazildi.

Xalq ta'limi vazirligi Axborot xizmati
Telefon: 239-13-35, (faks) 239-42-14
www.uzedu.uz



Maqola sanasi Maqola sanasi: 30 Avgust 2010 15:51


Yangiliklar bolimiga o'tish


  



Bolalar musiqa va san'at maktablari

 Copyright © 2012
O'zbekiston Respublikasi
Xalq ta'limi vazirligi