Ziyonet
 
Kitob.uz
 

 
 
   
 

Loyiha doirasida

2009 yil noyabr oyining so`nggi kunlari Payariq tumanidagi 43ta maktabgacha ta'lim muassasasi uchun bayramga aylanib ketdi. Tarbiyachiyu, mudiradan tortib tarbiyalanuvchilarga katta quvonch bag`ishlagan voqelik sababi qiziqarli tadbir yoki biror ko`rik-tanlovda erishilgan yutuq emas. Ammo har ikkalasiga ham xizmat qiluvchi, ta'lim mazmunining oshishiga sabab bo`luvchi nihoyatda muhim omil. 
Gapning indallosini aytadigan bo`lsak, Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihaga asosan taqdim etilgan o`quv-metodik jihozlar, yumshoq o`yinchoqlar inventarlar va didaktik materiallardir. Ta'lim sohasiga juda katta mablag` ajratilayotgan bir davrda mazkur o`ziga xos loyiha 2007-2013 yillarga mo`ljallangan bo`lib, u O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 2 yanvardagi "Xalqaro taraqqiyot assosiasiyasi" ishtirokidagi "Maktab ta'limini rivojlantirish loyihasini amalga oshirish chora tadbirlari to`g`risida"gi 551 sonli qarori asosida amalga oshirilmoqda. 
Loyihaning bajarilishi II bosqichli davrni o`z ichiga olib, I bosqich 2007-2010 yillar davomida amalga oshiriladi va loyiha maqsadlariga erishish uchun 15 mln A£Sh dollari o`zlashtirilmoqda. II bosqich esa 
2010-2013 yillarni o`z ichiga olib, unda Xalqaro taraqqiyot uyushmasining 28,0mln AQSh dollari miqdoridagi kreditli mablag`i sarflanishi ko`zda tutilmoqda. 
Aytish joizki, ayni paytda qizg`in davom etayotgan loyiha 7ta viloyat, 35ta tumanda joylashgan qishloq markazidan uzoq, chekka va tog`li hududlarda joylashgan 598ta maktabgacha ta'lim muassasalari va 1514ta umumta'lim maktablarini qamrab olgan bo`lib, u ta'lim muassasalarida o`qitish va shart-sharoitlarni yaxshilashga qaratilgan yirik loyihadir. Loyihaga kirgan MTM va maktablarda bir-biriga bog`liq 5ta komponent:
- O`quv- metodik material va resurslar bilan ta'minlash;
-Direktor va o`qituvchilar, MTM mudiralari va tarbiyachilarning ishdan ajralmagan holda malakasini oshirish tizimini mustahkamlash; 
- Vasiylik kengashlari faolligini oshirish; 
- Ta'lim sohasida moliyalashtirish byudjetini shakllantirish, boshqaruv va buxgalteriya hisobi tizimini takomillashtirish; 
-"Maktab ta'limini rivojlantirish" loyihasini amalga oshirish va muvofiqlashtirish uchun XTV boshqarma va bo`limlari rahbar xodimlari salohiyatini oshirish kabi yo`nalishlardan iborat.
Loyihaga Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridan eng ko`p ta'lim muassasalari kirgan bo`lib, ayni paytda uni amalga oshrish qizg`in davom etmoqda. Shuningdek, loyihaning har bir komponenti bo`yicha XTVning tegishli boshqarma va bo`limlarida mahalliy maslahatchilar faoliyat ko`rsatib, rejalashtirilgan ishlarning sifatli va ko`ngildagidek bajarilishi yuzasidan zarur chora-tadbirlarni ko`rmoqda. Joylardagi ta'lim muassasalarida esa allaqachon taqdim etilishi rejalashtirilgan jihozlarni qabul qilish boshlangan. Loyihaga kirgan tumanlardan biri, Samarqand viloyati Payariq tumani XTB bo`lim mudiri Alisher Muqimov shunday deydi:
-Tumanimiz mazkur loyihaga viloyatimiz bo`yicha kiritilgan yagona tuman bo`lib, unda 98ta maktab va 43ta MTMlarimiz (deyarli yuz foiz ta'lim muassasalari)qamrab olingan. Dastlab tuman xalq ta'limi bo`limi kompyuter, skaner, faks, stol-stul, shkaflar bilan ta'minlangan bo`lsa, endilikda maktablarimizga kompyuter jamlanmasi, chinni idishlar va fanlarga oid ko`rgazmali qurollar keltirildi. Maktabgacha ta'lim muassasalariga esa 38 xil turdagi didaktik va rivojlantiruvchi o`yinchoqlar, kitob javonlari, mashg`ulotlarda o`tish uchun mo`ljallangan, davlat talablari asosida ishlangan ko`rgazmali qurollar va yumshoq o`yinchoqlar taqdim eildi. Jihozlar guruhlarning yoshiga qarab taqsimlandi va endilikda tarbiyachilar ulardan foydalangan holda mashg`ulotlarni olib bormoqda. 
Xalq ta'limi mudirining ta'kidlashicha, ayrim chekka qishloq maktablarida informatika darslari olib borilgani bilan, o`quvchilar kompyuterda amaliy ishlash ko`nikmasiga ega emasdi. Endilikda esa mazkur muammoning yechimi topilib, tuman maktablariga 100 foiz kompyuter kirib bordi. - Galdagi vazifamiz, - deydi XTB mudiri, - ta'lim mazmuni, o`quvchilarning o`zlashtirish samaradorligini oshirib, tumanimizning viloyatdagi ko`rsatkichini yangi pog`onaga ko`tarish, e'tiborga munosib javob qaytarishdir. 
- Albatta, zamonaviy texnika ta'lim sifati va samaradorligini oshirishi, shubhasiz. Biroq o`qituvchilarning mahoratini oshirish ham dolzarb masala bo`lib turibdi. Loyihaning 2-komponenti doirasidagi tadbirlar aynan shu vazifani bajarishga yo`naltirilgan, - deydi pedagog va rahbar xodimlarning ishdan ajralmagan holda malakasini oshirish tizimini mustahkamlashga qaratilgan 2-komponent bo`yicha XTVning mahalliy konsultanti, pedagogika fanlari nomzodi, dosent Farida Umarova. - Hozirgi kunda viloyat xalq ta'limi boshqarmalari, pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutlari xodimlaridan iborat 165 nafar trenerlar guruhi tayyorlandi. Ular umumta'lim maktablari direktorlari va o`qituvchilar, shuningdek maktabgacha ta'lim muassasalari mudiralari va tarbiyachilarga o`quvchi shaxsini rivojlantirishga yo`naltirilgan yondashuv mohiyatini anglash, o`qitishning interfaol metodlarini ta'lim amaliyotiga samarali joriy etishda yordam beradilar, ya'ni fasilitatorlik rolini bajaradilar. 
Shuni alohida ta'kidlash lozimki, "Maktab ta'limini rivojlantirish" loyihasi xalq ta'limi tizimida mamktabgacha ta'lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o`quv-metodik materiallar va resurslar bilan ta'minlashga qaratilgan birinchi loyihadir. Loyiha doirasiga qamrab olingan MTMlarda tarbiyalanayotgan bolajonlar mantiqiy fikrlashni o`rgatadigan, tasavvurni boyitadigan, muloqot qilish va jamoada ishlash ko`nikmalarini shakllantiradigan o`yinlar to`plami, ko`rgazmali qurollarga ega bo`lmoqdalar. Ma'lumki, o`yin faoliyati bola hayotining asosiy mazmunini tashkil etadi. U mehnat va ta'lim bilan uzviy aloqada bo`lgani holda yetakchi faoliyat sifatida namoyon bo`ladi. 
Mutaxassislarning fikricha, tug`ilganidan boshlab uch yoshgacha bo`lgan davrda, ya'ni bolaning aqliy qobiliyatlari rivojlanayotgan paytda o`yin juda muhim. Shu bois loyiha doirasida xarid qilingan o`yin va o`yinchoqlar ham bolalarning har tomonlama va shaxs sifatida rivojlanishiga xizmat qiladi. 
Jumladan, plastmassadan yasalgan konstruktorlar, rangli mazaika, boshqotirma, qurish-yasash materiallari mayda qo`l motorikasini rivojlantirsa, yugurish yo`lakchasi yirik motorikani rivojlantirish, tarbiyalanuvchilarning jismonan sog`lom bo`lishiga yordam beradi. "Foto loto", "O`simliklar olami", ""Rangli shakllar", "Matematik tuxumlar", "Segen doskasi", "Matematik to`plam", "Mantiqiy domino" kabi o`yinlar esa aqliy faoliyat va ongni o`stirib, jajjilarning fikrlash tashabbuskorligini oshirishga xizmat qiladi. 
- Jihozlar keltirilgan kun bog`chamiz jamoasi uchun bayramga aylanib ketdi, - deydi Payariq tumanidagi 29-MTM mudirasi Maysara opa Ergasheva. - Guruh tarbiyachilari taqsimlab berilgan yumshoq va qattiq o`yinchoqlar, ko`rgazmali va didaktik vositalarni joylashtirishar ekan, ularning davlat talablari darajasida ekanligini aytib, "Endi mashg`ulotlar boshqacha o`tadi" degan gapni takror-takror aytishardi. O`yin va o`yinchoqlarni ilgari ham tarbiyachilarimiz o`zlari yasashardi. Biroq qo`lda yasalgan bunday o`yinchoqlarni bolalar o`ynashi uchun uzoq vaqt qoldirolmasdik. Endilikda esa har tomonlama sifat belgilari tekshirilgan va talabga javob beruvchi mazkur rang-barang mavzuli o`yin va o`yinchoqlarni bolalarimiz zerikmasdan o`ynashmoqda. 
Mashg`ulotlarimizning oldingilaridan farqini viloyat va tuman MTM mutaxassislari ham ko`rib, tahlil qilib ketishdi. Tarbiyachilarimizning ishga bo`lgan munosabati va kayfiyatidagi ko`tarinkilik ular tomonidan o`tilayotgan mashg`ulotlarda ham yaqqol namoyon bo`lmoqda. 
Bu tumandagi birgina MTM rahbarining fikrlari. Agar loyihaga respublikamizdagi 598ta MTM kirganligini inobatga olsak, ularning har birida shunday zarur va qiziqarli muhitning yuzaga kelishi haqida o`ylashning o`zi maroqli. Biroq bu faqatgina barchamizga xursandchilik ulashib qolmasdan, ulardan foydalangan holda yanada samarali mashg`ulotlar va darslar o`tish borasidagi yangi g`oyalar va rejalarni ham uyg`otishi zarur. Zero har qanday jihoz yoki sharoit ham bizga bolalarimizni aqlli va dono qilib bermaydi. Ulardan o`rinli foydalanibgina kelajak egalarimizni o`zimiz istagandek tarbiyalashimiz mumkin. Va bu borada zamonaviy texnologiya hamda sharoit eng katta yordamchimiz bo`ladi. Shundan xulosa chiqargan holda aytadigan bo`lsak, rejalashtirilgan boshqa yo`nalishlar ham to`liq amalga oshirib bo`linsa, ta'lim tizimida pedagoglarimiz yanada kuchliroq salohiyatga ega bo`lishadi. Hozircha esa jihozlar yetib borgan barcha ta'lim muassasalari ulardan oqilona va to`g`ri, eng muhimi, bolajonlarimizni ta'limga yanada kuchliroq qiziqtirish yo`lida foydalanyotganligiga umid qilamiz. Zero, donolar aytganidek, farzandlarimizni bugun qanday o`qitsak, ertaga ular bizga shunday hayotni taqdim etishadi. 
"Ochiq eshiklar kuni"da ota-onalar bolalariga yaratib berilgan shart-sharoit bilan tanishib, mamnun bo`ldilar.




Maqola sanasi Maqola sanasi: 10 Mart 2010 14:11


Yangiliklar bolimiga o'tish


  



Bolalar musiqa va san'at maktablari

 Copyright © 2012
O'zbekiston Respublikasi
Xalq ta'limi vazirligi