O`zbekiston Respublikasi
Adliya vazirligida
2007 yil 3 sentyabrda 1707-son
bilan ro`yxatga olingan
Oliy va o`rta maxsus ta'lim vazirligi,
Sog`liqni saqlash vazirligi,
Qishloq va suv xo`jaligi vazirligi,
Xalq ta'limi vazirligining
2007 yil 9 avgustdagi
164, 11, 3/10, 19-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
Aspirantura (doktorantura) to`g`risida NIZOM
Muqaddima
I. Oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasasida
aspirantura (ad'yunktura) faoliyatini tashkil etish
II. Oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida
doktorantura faoliyatini tashkil etish
III. Aspirantura va doktoranturalar faoliyatini
shartnoma asosida tashkil etish
IV. Mustaqil tadqiqotchilik orqali ilmiy va
ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash
Ilova. Faoliyat ko`rsatayotgan fan doktorlari,
professorlar hamda ilmiy rahbarlik huquqiga
ega fan nomzodlari to`g`risida Ma'lumot
Ushbu Nizom O`zbekiston Respublikasining "Ta'lim to`g`risida", "Kadrlar tayyorlash milliy dasturi
to`g`risida"gi qonunlariga hamda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 7 avgustdagi "Fan
va texnologiyalar rivojlanishini muvofiqlashtirish va boshqarishni takomillashtirish
chora-tadbirlari to`g`risida"gi PQ-436-son qaroriga muvofiq oliy o`quv yurtidan keyingi ta'limni
aspirantura, ad'yunktura va doktorantura orqali yoki mustaqil ta'lim shaklida tashkil etish hamda
oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash tartibini belgilaydi.
I. OLIY TA`LIM VA ILMIY-TADQIQOT
MUASSASASIDA ASPIRANTURA
(ADÚYuNKTURA) FAOLIYaTINI TAShKIL ETISh
§-1. Umumiy qoidalar
§-2. Maqsadli aspirantura
§-3. Aspiranturaga ega oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot
muassasalarining huquq va majburiyatlari
§-4. Aspiranturaga yo`llovchi oliy ta'lim, ilmiy-tadqiqot
muassasasi va tashkilotlarning huquq va majburiyatlari
§-5. Aspirantning huquq va majburiyatlari
§-6. Ilmiy rahbarning huquq va majburiyatlari
§-1. Umumiy qoidalar
1. Aspirantura (ad'yunktura) oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar hamda zamonaviy
ilmiy-tadqiqot bazasiga ega bo`lgan oliy ta'lim muassasasi (bundan keyingi o`rinlarda OTM deb
yuritiladi) yoki ilmiy-tadqiqot muassasasida (bundan keyingi o`rinlarda ITM deb yuritiladi)
tadqiqotchilarning ilmiy-tadqiqot olib borish usullari va vositalarini o`rganishlari, yuqori
saviyada mustaqil ilmiy, pedagogik va tarbiyaviy ish olib borish qobiliyatini egallashlari uchun
ochiladi.
2. Tegishli ixtisoslik bo`yicha aspirantura OTM yoki ITMning bo`ysunuviga ko`ra mos ravishda Fanlar
akademiyasi (bundan keyingi o`rinlarda FA deb yuritiladi), vazirlik va idoralar qarorlari bilan
ochiladi.
3. Muayyan ixtisoslik(lar) bo`yicha oliy malakali kadrlar (fan doktorlari va nomzodlari) hamda
zamonaviy ilmiy-tadqiqot bazasiga ega bo`lgan OTM va ITMlari aspirantura ochishning maqsadga
muvofiqligi to`g`risidagi idoraviy bo`ysunuviga muvofiq tegishli vazirlik va idoralarga murojaat
etadilar. Murojaat bilan birga OTM yoki ITM Ilmiy kengashining tegishli qarori, aspirantura
(ad'yunktura) ochilishi rejalashtirilayotgan ixtisoslik(lar) bo`yicha muassasada faoliyat ko`rsatayotgan
fan doktorlari hamda ilmiy rahbarlik huquqiga ega bo`lgan fan nomzodlari to`g`risidagi ma'lumot
kadrlar bo`limi tomonidan tasdiqlangan holda mazkur Nizomda keltirilgan ilovaga muvofiq taqdim
etiladi.
4. FA vazirlik va idoralar o`z tasarrufidagi muassasalar aspirantura (ad'yunktura)lari
faoliyatini muvofiqlashtiradilar, ularning samaradorligi (aspirantlar tomonidan
dissertasiyalarning o`z muddatida himoya qilinishi yoki Ixtisoslashgan kengashga taqdim etilishi)
yuzasidan monitoring va nazorat ishlarini olib boradilar hamda ularga ilmiy-uslubiy rahbarlik
qiladilar.
5. Aspirantura (ad'yunktura)ga davlat grantlari bo`yicha yillik qabul rejalari loyihasi davlat
akkreditasiyasidan o`tgan ixtisosliklar bo`yicha FA, vazirlik va idoralar tomonidan
muassasalardagi ilmiy-pedagogik kadrlarga bo`lgan real ehtiyoj, aspirantura (ad'yunktura)
samaradorligi, muayyan ixtisoslik bo`yicha mavjud ilmiy rahbarlar faoliyati samaradorligi hamda har
bir ilmiy rahbarga bir vaqtning o`zida biriktirilishi mumkin bo`lgan aspirantlar soni bo`yicha
mazkur Nizomda belgilangan normalardan kelib chiqqan holda ishlab chiqiladi va Moliya vazirligi
ajratgan mablag` doirasida tasdiqlanadi.
6. Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni aspirantura (ad'yunktura) orqali shartnoma
asosida tayyorlash OTM va ITMlar tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda
amalga oshiriladi.
7. Aspirantura (ad'yunktura)larga qabul tasdiqlangan rejaga asosan FA, vazirlik va idoralar, OTM
va ITMlarning ommaviy axborot vositalarida bergan e'lonlariga muvofiq tanlov asosida yilda
bir marta sentyabr-oktyabr oylarida amalga oshiriladi hamda noyabr oyidan rasmiylashtiriladi.
Qabul to`g`risidagi tahliliy hisobotlar yilning 15 noyabriga qadar FA, vazirlik va idoralarga taqdim
etiladi.
8. Aspirantura (ad'yunktura)ga oliy ma'lumotli mutaxassis diplomiga yoki magistr darajasiga ega
bo`lgan, ilmiy izlanish olib borish qobiliyatini namoyon eta olgan shaxslar uch yillik muddatga qabul
qilinadilar.
9. Aspirantura (ad'yunktura)ga kirayotgan shaxslar aspirantura (ad'yunktura) faoliyat ko`rsatayotgan
OTM yoki ITMga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
a) ariza;
b) shaxsiy varaqa va tarjimai hol;
v) ish joyidan tavsifnoma (boshqa tashkilotlardan yuboriladigan shaxslar uchun);
g) chop etilgan ilmiy ishlari va ixtirolari ro`yxati hamda ularning nusxalari, ilmiy-tadqiqot ishlari
to`g`risidagi hisobotlar ro`yxati (agar mavjud bo`lsa).
Ilmiy ishlari e'lon qilinmagan va ixtirolari bo`lmagan shaxslar tanlagan ixtisosligi bo`yicha 20
betdan kam bo`lmagan ilmiy ma'ruza (referat) taqdim etadilar. Ilmiy ma'ruzaga soha bo`yicha
mutaxassis-olim taqrizi ilova qilinishi lozim;
d) aspirantura (ad'yunktura)ga bevosita OTMni tugatgandan keyin hujjat topshirayotgan shaxslar
(magistratura talabalari orasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiatlari,
imtiyozli diplom egalari, OTM Ilmiy kengashi tavsiyasi mavjud da'vogarlar) uchun OTM Ilmiy
kengashi majlisining bayonidan ko`chirma;
e) oliy ta'limning barcha bosqichlarini o`tganligini tasdiqlovchi diplom nusxasi;
j) nomzodlik imtihonlarini topshirganligi to`g`risidagi guvohnoma (agar topshirgan bo`lsa);
z) mehnat daftarchasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi (ishlayotganlar uchun);
i) tibbiy ma'lumotnoma (086-shakl);
y) 4x6 o`lchamdagi 4 dona fotosurat;
k) pasport va harbiy bilet (agar mavjud bo`lsa) shaxsan ko`rsatiladi.
10. Aspirantura (ad'yunktura)ga qabul qilish uchun OTM rektori yoki ITM direktori raisligida qabul
komissiyasi tashkil etiladi. Qabul komissiyasining a'zolari rektor (direktor) tomonidan
aspirantura (ad'yunktura) ixtisosliklari bo`yicha yetakchi olimlardan tayinlanadi. Komissiya
tarkibiga imtihon topshiriladigan ixtisoslik bo`yicha fan doktori yoki professorlar kiritiladi,
komissiyaning qolgan a'zolari fan nomzodlari bo`lishi mumkin.
11. Aspirantura (ad'yunktura)ga kirayotgan shaxslar mo`ljallanayotgan ilmiy rahbar bilan suhbatdan
o`tadilar. Mo`ljallanayotgan ilmiy rahbar OTM rektori yoki ITM direktoriga ilmiy rahbarlikka
roziligini yozma ravishda ma'lum qiladi. Qabul komissiyasi mo`ljallanayotgan ilmiy rahbarning
roziligini hisobga olib, shuningdek, aspirantura (ad'yunktura)ga kiruvchining mutaxassislik bo`yicha
referati yoki taqdim etgan ilmiy ishlari, ilmiy-texnik hisobotlari, ixtirolari,
tajriba-konstruktorlik ishlari va nashr etilgan maqolalarini tahlil qilib, kirish imtihonlarini
topshirishga ruxsat etish to`g`risida qaror qabul qiladi. OTM rektori yoki ITM direktori ushbu qaror
asosida aspirantura (ad'yunktura)ga kiruvchini imtihonlarni topshirishga qo`yish to`g`risida buyruq
chiqaradi va bir haftalik muddatda unga ma'lum qiladi.
12. Aspirantura (ad'yunktura)ga kirish imtihonlari ro`yxati va dasturi qabul komissiyasi tomonidan
tegishli ixtisoslik mohiyatidan kelib chiqqan holda ishlab chiqilib, FA, vazirlik va idoralar bilan
kelishilgan holda tasdiqlanadi.
Aspirantura (ad'yunktura)ga kiruvchilar O`zbekiston tarixi, falsafa, chet tili (ingliz, nemis,
fransuz yoki boshqa tillardan biri) va ixtisoslik bo`yicha kirish imtihonlarini topshiradilar.
Ixtisoslik bo`yicha kirish imtihoni boshqa fanlar imtihonlaridan oldin topshiriladi.
13. Aspirantura (ad'yunktura)ga kirish imtihonlarini topshiruvchi shaxslarga imtihonlarga tayyorlanish
va topshirish uchun ish joyidan o`rtacha oylik ish haqini saqlangan holda 12 kalendar kungacha qo`shimcha
ta'til beriladi. Aspirantura (ad'yunktura)ga kiruvchilar ushbu ta'tildan bir yilda bir marta
foydalanadilar. Aspirantura (ad'yunktura)ga kirish imtihonlarini topshirmasdan qabul qilinadigan
(xususan, nomzodlik imtihonlarini topshirgan) shaxslar bunday huquqdan foydalanmaydilar.
OTM rektori yoki ITM direktorining kirish imtihonlariga qo`yilganlik haqidagi bildirish xati
qo`shimcha ta'til berish uchun asos hisoblanadi. Kirish imtihonlariga kelib-ketish bilan bog`liq yo`l
xarajatlari yo`llovchi tashkilot hisobidan qoplanadi.
14. Nomzodlik imtihonlarini qisman yoki to`liq (mutaxassislikdan tashqari) "yaxshi" yoki "a'lo" baholarga
topshirgan shaxslar 5 (besh) yil davomida aspirantura (ad'yunktura)ga kirishda tegishli kirish
imtihonlarini topshirishdan ozod etiladilar.
Nomzodlik imtihonlarini to`liq (mutaxassislikdan tashqari) topshirgan shaxslar mutaxassislik
bo`yicha kirish imtihonini "a'lo" yoki "yaxshi" baholarga topshirsalar, aspirantura (ad'yunktura)ga
tanlovsiz qabul qilinadilar.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993 yil 25 martdagi 157-sonli qaroriga muvofiq
magistratura talabalari orasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat
stipendiatlari magistraturani tugatganlaridan so`ng 2 (ikki) yil, Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulug`bek
va Imom al-Buxoriy davlat stipendiyalari (bundan keyingi o`rinlarda Davlat stipendiyalari deb
yuritiladi) sovrindorlari esa 1 (bir) yil davomida aspirantura (ad'yunktura)ga kirish
imtihonlarisiz qabul qilinadilar. Agar mutaxassisligi to`g`ri kelmasa, faqat mutaxassislik fanidan
kirish imtihonini topshiradilar.
15. Kirish imtihonlari natijalari bo`yicha aspirantura (ad'yunktura)ga qabul qilish davlat buyurtmasi
asosida OTM rektori yoki ITM direktorining buyrug`i bilan rasmiylashtiriladi.
Aspirant (ad'yunkt) uchun o`rnatilgan tartibda fan doktorlari yoki ilmiy rahbarlikka ruxsati bo`lgan
fan nomzodlari tarkibidan ilmiy rahbar tayinlanadi. OTM yoki ITMlari Ilmiy kengashining
qaroriga ko`ra aspirantga ilmiy rahbarlik qilish uchun tegishli ixtisoslik bo`yicha kamida 5 yillik
ilmiy va ilmiy-pedagogik staj, dosent yoki katta ilmiy xodim ilmiy unvoniga ega bo`lgan fan
nomzodlari ham tayinlanishi mumkin. Zarur hollarda aspirant (ad'yunkt)ga boshqa tashkilotdan ham
ilmiy rahbar tayinlanishi mumkin. O`zaro yaqin ixtisosliklar orasida ilmiy-tadqiqot ishlari
bajarilayotganda ikki nafar ilmiy rahbar yoki ilmiy rahbar va maslahatchi tayinlanishiga ruxsat
etiladi, bunda ularning biri fan nomzodi bo`lishi mumkin.
16. Aspirant (ad'yunkt)ga aspirantura (ad'yunktura)ga qabul qilingan kundan boshlab stipendiya
tayinlanadi.
17. Moliya vazirligi aspiranturaga qabul bo`yicha tasdiqlangan reja asosida tayyorlangan xarajatlar
smetasiga ko`ra FA, vazirlik va idoralarga OTMlari uchun davlat byudjetining maorif, ITMlari
uchun davlat byudjetining fan sohasi bo`yicha belgilangan tartibda tegishli mablag`larni ajratadi va
ushbu mablag`lar hisobidan aspirantlarga mehnatga haq to`lashning yagona tarif setkasi bo`yicha
belgilangan tartibda stipendiya to`lanadi.
Ad'yunktlarning moddiy ta'minoti harbiy ta'lim uchun o`rnatilgan tartibda amalga oshiriladi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining aspirantlar uchun Davlat stipendiyalari Oliy va o`rta
maxsus ta'lim vazirligi Hay'ati qaroriga asosan OTM va ITM buyrug`i bilan to`lanadi.
18. Aspirantura (ad'yunktura)da o`qish muddatiga har yili beriladigan 30 kalendar kundan iborat haq
to`lanadigan ta'til ham kiradi va bu muddat ilmiy-pedagogik (harbiy) stajga qo`shiladi.
19. Aspirantura (ad'yunktura) muddati tegishli hujjatlar mavjudligida uzoq davom etgan kasallik,
homiladorlik va tug`ish ta'tillari hamda zaxiradagi harbiylarning chaqiruv bilan bog`liq ta'tillari
davriga uzaytirilishi mumkin.
20. Aspirantlar o`qish davri davomida ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat bilan bog`liq bo`lmagan
ishlarga jalb qilinmaydilar, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
21. Aspirantura (ad'yunktura)da tahsil olayotgan shaxslar aspirant (ad'yunkt)ning shaxsiy ish
rejalarini sababsiz bajarmaslik, OTM yoki ITM ichki tartib-qoidalarini buzganlik sabablari
tufayli aspirantura (ad'yunktura)dan chetlashtirilishlari mumkin. Mazkur sabablarga ko`ra
aspirantura (ad'yunktura)dan chetlashtirilgan shaxslar aspirantura (ad'yunktura)ga qayta
tiklanmaydilar.
22. Aspiranturani muddatidan ilgari dissertasiya himoyasi bilan tamomlagan aspirantlarga OTM va
ITMning byudjetdan tashqari mablag`lari hisobidan besh oylik stipendiya miqdorida mukofot
to`lanadi. Dissertasiya ishini muddatidan ilgari himoya qilgan aspirant 30 kalendar kundan iborat
haq to`lanadigan ta'til berilgandan so`ng aspiranturadan chiqariladi.
23. OTMlarida ilmiy rahbarlarning aspirantlar bilan olib boradigan ishi har bir aspirant uchun 100
soat hajmida ularning umumiy dars soatlari hisobiga kiritiladi. ITMlarida esa ilmiy rahbarga har
bir aspirant uchun davlat byudjetining fan sohasi mablag`laridan, aspirant shartnoma bo`yicha
tayyorlanayotgan bo`lsa, shartnoma summasidan bir yilda 100 soat hisobidan haq to`lanadi.
24. Dissertasiya ishini muddatidan ilgari yoki muddatida himoya qilgan aspirantning ilmiy rahbari
OTM yoki ITM rahbariyati tomonidan byudjetdan tashqari mablag`lar hisobidan uch oylik maosh miqdorida
moddiy rag`batlantiriladi.
25. Aspirantning avtoreferatini chop etish va tarqatish bilan bog`liq sarf-xarajatlari OTMlar
tomonidan davlat byudjetining maorif, ITMlar tomonidan davlat byudjetining fan sohasi
mablag`lari hisobidan qoplanadi.
26. Aspiranturada o`qish muddati aspirantura bitiruvchilarining umumiy, mutaxassisligi bo`yicha va
ilmiy-pedagogik stajiga qo`shiladi.
§-2. Maqsadli aspirantura
27. Maqsadli aspirantura - oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashning asosiy
shakllaridan biri hisoblanib, idora ichida, vazirlik va idoralararo hamda davlatlararo bo`ladi.
Idora ichida maqsadli aspirantura orqali kadrlar tayyorlash - biror OTM yoki ITM o`z vazirligi yoki
idorasi tasarrufidagi boshqa OTM yoki ITM uchun kadrlar tayyorlashidir.
Idoralararo maqsadli aspirantura orqali kadrlar tayyorlash - biror OTM yoki ITMning boshqa
vazirlik yoki idora tasarrufidagi OTM yoki ITM uchun kadrlar tayyorlashidir.
Davlatlararo maqsadli aspirantura orqali kadrlar tayyorlash - bir mamlakatning OTM yoki ITM
boshqa mamlakatning OTM yoki ITMlari uchun kadrlar tayyorlashidir.
Aspirantlarni idora ichida (muassasalar filiallari bundan mustasno) va idoralararo maqsadli
tayyorlash uchun ularni yo`llovchi va qabul qiluvchi tashkilot o`rtasida qonun hujjatlarida
belgilangan tartibda shartnoma tuziladi.
Aspirantlarni davlatlararo maqsadli tayyorlash Oliy va o`rta maxsus ta'lim vazirligi bilan
kelishilgan holda o`rnatilgan tartibda mamlakatlarga ajratilgan kvotalar doirasida yoki FA,
vazirlik va idoralar yo`llanmasi asosida amalga oshiriladi.
Maqsadli aspiranturaga o`rinlar yo`llovchi va qabul qiluvchi tomonlar o`rtasida tuzilgan shartnoma
nusxasi tegishli vazirlik va idoralarga taqdim etilgandan so`ng ajratiladi.
ITM, OTMlari va tashkilotlar tomonidan yuboriladigan shaxslar maqsadli aspiranturaga yo`llovchi
hamda qabul qiluvchi tomonlar o`rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq qabul qilinadilar.
28. Maqsadli aspiranturaga qabul tasdiqlangan reja bo`yicha OTM va ITMlarining ommaviy axborot
vositalarida bergan e'lonlariga muvofiq yilda bir marta sentyabr-oktyabr oyida amalga
oshiriladi hamda noyabr oyidan rasmiylashtiriladi. Qabul to`g`risidagi hisobotlar yilning 15
noyabriga qadar FA, vazirlik va idoralarga taqdim etilishi lozim.
29. Maqsadli aspiranturaga yuboriladigan nomzodlarni yo`llovchi tashkilot tanlaydi.
Kirish imtihonlari qabul qiluvchi OTM yoki ITMda topshiriladi.
Maqsadli aspiranturaga mo`ljallangan davlat byudjeti mablag`lari FA, vazirlik va idoralar orqali
maqsadli aspiranturaga qabul qiladigan OTM va ITMlarga ajratiladi.
30. Maqsadli aspiranturaga qabul qilingan shaxslarga qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda
stipendiya to`lanadi hamda mazkur Nizomning 18-bandiga muvofiq ta'til beriladi.
§-3. Aspiranturaga ega oliy ta'lim va
ilmiy-tadqiqot muassasalarining
huquq va majburiyatlari
31. Aspiranturaga ega OTM va ITMlar quyidagi huquqlarga ega:
a) ilmiy rahbarning aspirantni xorijiy yetakchi ilmiy markazlar yoki OTMlariga ilmiy xizmat
safariga yuborish to`g`risidagi iltimosnomasi va qabul qiluvchi tomonning taklifnomasi mavjud
bo`lgan holda Ilmiy kengashda ilmiy xizmat safariga yuborishning maqsadga muvofiqligi masalasini
ko`rib chiqish va tegishli qaror qabul qilish;
b) shaxsiy ish rejalarini bajarmagan va tegishli hisobotini topshira olmagan, OTM yoki ITM ichki
tartib-qoidalarini buzgan aspirantni aspiranturaga qayta tiklanish hukuqisiz aspiranturadan
chetlatish va bu haqda mutaxassisni o`qishga yo`llagan OTM, ITM yoki tashkilotga xabar berish;
v) aspirantlarni shartnoma (idoralararo, davlatlararo) asosida o`qitish uchun tushadigan mablag`larni
belgilangan tartibda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va chet ellarda o`z mutaxassislarining
malakasini oshirishga sarflash.
32. Aspiranturaga ega OTM va ITMlar quyidagi majburiyatlarga ega:
a) aspiranturaga ilmiy-tadqiqot olib borish qobiliyati, oliy ma'lumotli mutaxassis diplomiga yoki
magistr darajasiga ega bo`lgan shaxslarni tanlov asosida qabul qilishni ta'minlash;
b) Ilmiy kengashlarda aspirantlarga fan, texnika, ta'lim va madaniyat sohalarining respublika uchun
ustuvor yo`nalishlari (Davlat ilmiy-texnika dasturlari)ni hisobga olgan holda ilmiy ishlar
mavzusini, ish rejasini va ilmiy rahbarini 3 oydan kechiktirmay tasdiqlash;
v) aspirantlarning nomzodlik minimumlarini topshirishi, umumnazariy tayyorgarligi va tajribaviy
tadqiqotlar o`tkazishi uchun zarur sharoitlarni yaratib berish, shuningdek tajribali olimlardan
ilmiy rahbarlar tayinlash hamda ularni stipendiya bilan o`z vaqtida ta'minlash;
g) aspirantlarning O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyalari tanlovlarida va
xorijiy mamlakatlarda mutaxassisligi bo`yicha tashkil etiladigan ilmiy anjumanlarda ishtirok
etishini ta'minlash;
d) nomzodlik minimumi bo`yicha imtihonlarni topshirish bilan bog`liq sarf-xarajatlarni qoplash;
e) davriy hisobot orqali aspirantlar faoliyatini muntazam nazorat qilish, Ilmiy kengashlarda ilmiy
rahbarlarning hisobotlarini muhokama qilish va tegishli qaror qabul qilish;
j) ilmiy rahbar tomonidan yetarli va malakali rahbarlik amalga oshirilmagan taqdirda Ilmiy
kengashda aspirantning ilmiy rahbarni almashtirish to`g`risidagi arizasini ko`rib chiqish va tegishli
qaror qabul qilish.
§-4. Aspiranturaga yo`llovchi oliy ta'lim,
ilmiy-tadqiqot muassasasi va tashkilotlarning
huquq va majburiyatlari
33. Aspiranturaga yo`llovchi OTM, ITM va tashkilotlar quyidagi huquqlarga ega:
a) aspirantning ilmiy faoliyatini nazorat qilish hamda hisobot materiallarini so`rab olish;
b) aspirant shartnoma shartlarini bajarmaganda undan aspiranturada tayyorlash bilan bog`liq
sarf-xarajatlar qoplanishini o`rnatilgan tartibda talab qilish.
34. Aspiranturaga yo`llovchi OTM, ITM va tashkilotlar quyidagi majburiyatlarga ega:
a) qonun hujjatlarida belgilangan hollarda aspiranturaga qabul qilingan shaxslar bilan
aspiranturaga qabul qilinganlik to`g`risidagi buyruq yoki undan tasdiqlangan ko`chirma asosida mehnat
shartnomasini bekor qilish;
b) shartnoma shartlarini bajarish hamda aspirantni o`qishi va yashashi bilan bog`liq xarajatlarni qoplash
maqsadida tegishli mablag`larni o`z vaqtida aspirant tayyorlab berayotgan OTM yoki ITM hisob raqamiga
o`tkazib berish.
§-5. Aspirantning huquq va majburiyatlari
35. Aspirant quyidagi huquqlarga ega:
a) OTM va ITMning uskuna, laboratoriya, xona, kutubxona va boshqalaridan foydalanish;
b) mutaxassisligi bo`yicha ilmiy ekspedisiya, konferensiya, seminar va boshqalarda ishtirok etish;
v) O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyalari tanlovida ishtirok etish;
g) ilmiy xizmat safarlariga, shu jumladan, xorijiy mamlakatlarga borish (O`zbekiston Respublikasi
Prezidentining Davlat stipendiyasi sovrindori bo`lgan aspirantlar o`qishni bitirgandan so`ng uch yil
mobaynida o`qishni davom ettirish va tajriba orttirish uchun xorijga jo`natishda imtiyozli huquqni
saqlab qoladilar);
d) ilmiy-tadqiqotlar bo`yicha yetarli va malakali rahbarlik amalga oshirilmagan taqdirda, ilmiy
rahbarni almashtirish to`g`risida Ilmiy kengashga ariza bilan murojaat etish;
e) davlat grantlari hamda xo`jalik hisobidagi ilmiy ishlarni bajarishda ishtirok etish, shuningdek
ilmiy rahbarning ruxsati bilan bir yilda 125 soatgacha bo`lgan hajmda pedagogik faoliyat olib borish.
36. Aspirant quyidagi majburiyatlarga ega:
a) OTM yoki ITM Ilmiy kengashi tomonidan tasdiqlangan shaxsiy ish rejasi bo`yicha ilmiy-tadqiqot
olib borish va uni to`liq bajarish;
b) kafedra, bo`lim, laboratoriya va sektor majlislarida shaxsiy ish rejasining bajarilishi to`g`risida
muntazam ravishda (yilda kamida ikki marta) hisobot berib borish hamda yil yakunida tegishli hisobot
topshirish;
v) OAK tomonidan tasdiqlangan talablarga muvofiq ravishda o`z vaqtida nomzodlik imtihonlarini
topshirish;
g) ilmiy ishlar natijalarini OAK reestriga kiritilgan ilmiy jurnallarda ilmiy maqolalar
shaklida e'lon qilib borish;
d) kasbiy bilimlar, mustaqil ilmiy-tadqiqot va pedagogik ish olib borish malakasi,
ilmiy-tadqiqotlarni o`tkazish uslubiyatini egallash;
e) nomzodlik dissertasiyasini muddatida himoya qilish va Ixtisoslashgan kengashga himoya uchun taqdim
etish;
j) maqsadli aspiranturani tugatgandan so`ng uni o`qishga yuborgan ITM, OTM va tashkilot ixtiyoriga
qaytish va kamida 3 (uch) yil ishlab berish.
§-6. Ilmiy rahbarning huquq va majburiyatlari
37. Ilmiy rahbar quyidagi huquqlarga ega:
a) bir vaqtning o`zida ko`pi bilan 3 (uch) nafar aspirantga ilmiy rahbarlik qilish. Ilmiy rahbar bir
vaqtning o`zida doktorantga ham ilmiy maslahatchi bo`lsa, doktorant va aspirantlarning umumiy soni
uch kishidan oshmasligi lozim;
b) Ilmiy kengashga aspirantni xorijiy yetakchi ilmiy markazlar va OTMlariga xizmat safariga
yuborishning maqsadga muvofiqligi to`g`risida asoslangan yozma iltimosnoma bilan murojaat qilish.
38. Ilmiy rahbar quyidagi majburiyatlarga ega:
a) aspirantning ilmiy ishiga samarali ilmiy rahbarlik qilish;
b) aspirantning tasdiqlangan shaxsiy ish rejasini bajarishini muntazam nazorat qilish;
v) dissertasiya ishining OAK talablariga muvofiq ravishda sifatli, o`z vaqtida tugallanishi va
himoyaga taqdim etilishini ta'minlash;
g) Ilmiy kengashda aspirant hisobotining muhokamasida ishtirok etish.
39. Dissertasiya ishlarini muddatida himoya qilinishini ta'minlaydigan ilmiy rahbarlar Ilmiy
kengash qarori bilan qo`shimcha bir yoki ikki aspirantga ilmiy rahbarlik qilishi mumkin.
40. Ilmiy rahbarligida bajarilayotgan dissertasiyalar yuzasidan rahbarlik va nazoratni hamda o`z
muddatida ularning himoyaga taqdim etilishini muntazam ta'minlamaydigan ilmiy rahbarlarga
nisbatan Ilmiy kengash qarori bilan aspirantlarga ilmiy rahbarlik qilish huquqidan mahrum
etishgacha bo`lgan choralar ko`rilishi mumkin.
II. OLIY TA`LIM VA ILMIY-TADQIQOT
MUASSASALARIDA DOKTORANTURA
FAOLIYaTINI TAShKIL ETISh
§-1. Umumiy qoidalar
§-2. Doktoranturaga ega oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot
muassasalarining huquq va majburiyatlari
§-3. Doktorantning huquq va majburiyatlari
§-4. Ilmiy maslahatchining huquq va majburiyatlari
§-1. Umumiy qoidalar
41. Doktorantura nufuzli ilmiy maktablar va laboratoriya-tadqiqot bazalariga ega bo`lgan yetakchi
OTM va ITMlari qoshida fan va texnikaning eng muhim sohalari bo`yicha oliy malakali ilmiy,
ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash maqsadida hamda birinchi navbatda, fundamental tadqiqotlarni
rivojlantirish, davlat ilmiy-texnika dasturlarini, shuningdek fan va texnikaning ustuvor
yo`nalishlarini amalga oshirish maqsadida tashkil etiladi.
42. Doktorantura FA, vazirlik va idoralar tomonidan OAK bilan kelishilgan holda ochiladi.
43. Tegishli ixtisosliklar bo`yicha oliy malakali kadrlar (fan doktorlari) hamda zamonaviy
ilmiy-tadqiqot bazasiga ega bo`lgan OTM va ITMlari doktorantura ochishning maqsadga muvofiqligi
to`g`risidagi murojaatlari bilan idoraviy bo`ysunuviga muvofiq tegishli vazirlik va idoralarga
murojaat etadilar. Murojaat bilan birga OTM yoki ITM Ilmiy kengashining qarori hamda
doktorantura ochilishi rejalashtirilayotgan ixtisosliklar bo`yicha muassasada faoliyat ko`rsatayotgan
fan doktorlari to`g`risidagi ma'lumot kadrlar bo`limi tomonidan tasdiqlangan holda mazkur Nizomda
keltirilgan ilovaga muvofiq taqdim etiladi.
44. FA, vazirlik va idoralar o`z tasarrufidagi muassasalar doktoranturalari faoliyatini
muvofiqlashtiradilar, ularning samaradorligi (doktorantlar tomonidan dissertasiyalarning o`z
muddatida himoya qilinishi yoki Ixtisoslashgan kengashga taqdim etilishi) yuzasidan monitoring va
nazorat ishlarini olib boradilar hamda ularga ilmiy-uslubiy rahbarlik qiladilar.
45. Doktoranturaga davlat grantlari bo`yicha yillik qabul rejalari loyihasi davlat
akkreditasiyasidan o`tgan ixtisosliklar bo`yicha FA, vazirlik va idoralar tomonidan
muassasalardagi ilmiy-pedagogik kadrlarga bo`lgan real ehtiyoj, doktorantura samaradorligi
(dissertasiyalarni o`z muddatida himoya qilish yoki Ixtisoslashgan kengashga taqdim etish ko`rsatkichi),
muayyan ixtisoslik bo`yicha mavjud ilmiy maslahatchilar faoliyati samaradorligi hamda har bir ilmiy
maslahatchiga bir vaqtning o`zida biriktirilishi mumkin bo`lgan doktorantlar soni bo`yicha mazkur
Nizomda belgilangan me'yorlardan kelib chiqqan holda ishlab chiqiladi va Moliya vazirligi ajratgan
mablag` doirasida tasdiqlanadi.
Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni doktorantura orqali shartnoma asosida
tayyorlash, OTM va ITMlar tomonidan tegishli vazirlik hamda idoralar bilan kelishilgan holda
amalga oshiriladi.
46. Doktoranturaga doktorlik dissertasiyasiga asos bo`la oladigan salmoqli ilmiy yutuqlarga
erishgan, fundamental tadqiqotlarni yuksak saviyada olib borish va muhim ijtimoiy-iqtisodiy
ahamiyatga ega bo`lgan ilmiy muammolarni hal qilishga qobiliyatli, fan nomzodi ilmiy darajasiga ega
bo`lgan iste'dodli ilmiy va ilmiy-pedagogik xodimlar qabul qilinadi.
47. Doktoranturaga kirayotgan shaxslar OTM yoki ITMga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
a) ariza;
b) shaxsiy varaqa va tarjimai hol;
v) oliy ma'lumot, fan nomzodi diplomlari va dosent (katta ilmiy xodim) attestatlari nusxasi (agar
mavjud bo`lsa);
g) tadqiqot mavzusi bo`yicha ilmiy ma'ruza va doktorlik dissertasiyasining kengaytirilgan
reja-loyihasi;
d) chop etilgan ilmiy ishlari va ixtirolari ro`yxati hamda ularning nusxalari, ilmiy-tadqiqot ishlari
to`g`risidagi hisobotlar ro`yxati (agar mavjud bo`lsa);
e) ish joyidan tavsifnoma (boshqa tashkilotlardan yuboriladigan shaxslar uchun);
j) mehnat daftarchasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi;
z) tibbiy ma'lumotnoma (086-shakl);
i) 4x6 o`lchamdagi 4 dona fotosurat;
y) pasport va harbiy bilet (agar mavjud bo`lsa) shaxsan ko`rsatiladi.
48. Doktorantura faoliyat ko`rsatayotgan OTM yoki ITMning Ilmiy kengashi tegishli kafedra, bo`lim,
laboratoriyaning doktoranturaga tavsiya etilgan nomzodning ilmiy ma'ruzasi va doktorlik
dissertasiyasining kengaytirilgan reja-loyihasi bo`yicha xulosalarini ko`rib chiqadi hamda
bajarilgan tadqiqotlar hajmini hisobga olgan holda nomzodni doktoranturaga qabul qilish yoki
qilmaslik to`g`risida qaror qabul qiladi. Ilmiy kengash qarorida doktoranturada o`qish muddati
tabaqalashtirilgan tarzda bir yildan uch yilgacha belgilanadi.
49. Doktoranturaga qabul tasdiqlangan reja bo`yicha OTM va ITMlarining ommaviy axborot
vositalarida bergan e'lonlariga muvofiq yilda bir marta sentyabr-oktyabr oylarida amalga
oshiriladi. Qabul to`g`risidagi hisobotlar yilning 15 noyabriga qadar FA, vazirlik va idoralarga
taqdim etiladi.
50. Doktorantlarga dissertasiya tadqiqotlari o`tkazishlarida yordam ko`rsatish uchun zaruriyat
tug`ilganida OTM rektori yoki ITM direktori buyrug`i bilan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik
kadrlar orasidan (akademik, fan doktori-professor) ilmiy maslahatchilar tayinlanadi. Ilmiy
maslahatchi sifatida boshqa tashkilotlardan yetakchi olim va mutaxassislar ham jalb etilishi mumkin.
51. Doktorantlarni idora ichida (muassasalar filiallari bundan mustasno) va idoralararo
maqsadli tayyorlash uchun ularni yo`llovchi hamda qabul qiluvchi tashkilot o`rtasida qonun
hujjatlarida belgilangan tartibda shartnoma tuziladi. Doktorantlarni davlatlararo maqsadli
tayyorlash Oliy va o`rta maxsus ta'lim vazirligi bilan kelishilgan holda o`rnatilgan tartibda
mamlakatlarga ajratilgan kvotalar doirasida yoki FA, vazirlik va idoralar yo`llanmasi asosida
amalga oshiriladi. Maqsadli doktoranturaga o`rinlar yo`llovchi hamda qabul qiluvchi tomon o`rtasida
tuzilgan shartnoma nusxasi tegishli vazirlik va idoralarga taqdim etilgandan so`ng ajratiladi.
52. Boshqa shahardan kelgan doktorantlar ularni o`qishga yuborgan tashkilot mablag`i hisobidan turar joy
bilan ta'minlanadilar.
53. Doktoranturada o`qish muddati ilmiy-pedagogik stajiga qo`shiladi. Doktoranturada o`qish muddatiga
har yili beriladigan 30 kalendar kundan iborat haq to`lanadigan ta'til ham kiradi.
54. Doktorantlar uchun stipendiya va ularning ilmiy rahbarlari uchun to`lovlar tasdiqlangan rejaga
asosan tegishli OTM va ITMlarning xarajatlar smetasida ko`zda tutiladi.
55. Doktorantlarga ilmiy-tadqiqot muassasalarida davlat byudjetining fan, OTMlarida esa davlat
byudjetining maorif sohasi bo`yicha ajratilgan mablag`lar hisobidan mehnatga haq to`lashning yagona
tarif setkasi bo`yicha belgilangan razryadlarga muvofiq stipendiya to`lanadi.
56. OTMlarida ilmiy maslahatchilarning doktorantlar bilan olib boradigan ishi bir doktorant uchun
bir yilda 100 soat hajmida ularning umumiy dars soatlari hisobiga kiritiladi. Ilmiy-tadqiqot
muassasalarida esa doktorantlarning ilmiy maslahatchilari mehnatiga davlat byudjetining fan
sohasi bo`yicha ko`zda tutilgan mablag`lardan, shuningdek, shartnoma summasidan har bir doktorant uchun
bir yilda 100 soat hisobidan haq to`lanadi. Doktorantning avtoreferatlarini chop etish va tarqatish
bilan bog`liq sarf-xarajatlari O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan
belgilangan tartibda Ixtisoslashgan kengash faoliyat ko`rsatayotgan OTMlar tomonidan davlat
byudjetining maorif, ITMlar tomonidan esa davlat byudjetining fan sohasi mablag`lari hisobidan
qoplanadi.
57. Doktorantlarga mehnat qonunchiligiga muvofiq o`rindoshlik bo`yicha ishlashga ruxsat etiladi.
58. Doktoranturani muddatidan ilgari dissertasiya himoyasi bilan tugatgan doktorantlarga OTM yoki
ITMning byudjetdan tashqari mablag`lari hisobidan besh oylik stipendiya miqdorida mukofot
to`lanadi. Dissertasiyasini muddatidan ilgari himoya qilgan doktorant 30 kalendar kundan iborat
ta'til berilgandan so`ng doktoranturadan chiqariladi.
59. Doktorantlar butun o`qish davri davomida ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat bilan bog`liq
bo`lmagan ishlarga jalb qilinmaydilar, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
60. Doktoranturada o`qish muddati tegishli hujjatlar mavjudligida uzoq davom etgan kasallik,
homiladorlik va tug`ish ta'tili hamda boshqa favqulodda sabablarga ko`ra uzaytiriladi, ularning
moddiy ta'minoti esa qonunchilikda belgilangan tarzda amalga oshiriladi.
§-2. Doktoranturaga ega oliy ta'lim va
ilmiy-tadqiqot muassasalarining
huquq va majburiyatlari
61. Doktoranturaga ega OTM va ITMlar quyidagi huquqlarga ega:
a) Ilmiy kengashda ilmiy maslahatchining asoslangan taklifiga ko`ra doktorantni xorijiy yetakchi
ilmiy markazlar yoki OTMlariga qabul qiluvchi tomonning taklifnomasi mavjud bo`lgan holda ilmiy
xizmat safariga yuborish masalasini ko`rib chiqish va tegishli qaror qabul qilish;
b) shaxsiy ish rejalarini bajarmagan va tegishli hisobotni topshira olmagan, OTM yoki ITM ichki
tartib-qoidalarini buzgan doktorantni doktoranturaga qayta tiklanish huquqisiz doktoranturadan
chetlatish va bu haqda mutaxassisni o`qishga yo`llagan ITM, OTM yoki tashkilotga xabar berish;
v) doktorantlarni shartnoma (idoralar ichida, idoralararo, davlatlararo) asosida tayyorlash uchun
tushadigan mablag`larni belgilangan tartibda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va o`z
mutaxassislarining malakasini oshirishga sarflash.
62. Doktoranturaga ega OTM va ITM quyidagi majburiyatlarga ega:
a) fan, texnika, ta'lim va madaniyat sohasining respublika uchun ustuvor yo`nalishlari (Davlat
ilmiy-texnika dasturlari)ni hisobga olgan holda doktorantning dissertasiya mavzusi, ish rejasi va
(zaruriyatga ko`ra) ilmiy maslahatchisini uch oydan kechiktirmay tasdiqlash;
b) doktorantlarning faoliyatini muntazam nazorat qilish hamda Ilmiy kengashlarda ilmiy
maslahatchilar, kafedra, bo`lim, sektor, laboratoriya mudirlarining doktorantlarni tayyorlash bo`yicha
faoliyatlari to`g`risidagi hisobotlarini eshitish. Doktorantlar faoliyati bo`yicha yilda bir marta
hisobot qabul qilish, muhokamadan o`tkazish va tegishli qaror qabul qilish.
§-3. Doktorantning
huquq va majburiyatlari
63. Doktorant quyidagi huquqlarga ega:
a) laboratoriyalar, uskunalar, xonalar, kutubxonalar va boshqalardan foydalanish;
b) ilmiy safarlarga, shu jumladan, chet mamlakatlarga borish;
v) ilmiy ekspedisiyalar, konferensiyalar, seminarlar va boshqalarda ishtirok etish;
g) doktoranturani muvaffaqiyatli tugatgach, uni doktoranturaga yuborgan OTM, ITM yoki tashkilotga
qaytish.
64. Doktorant quyidagi majburiyatlarga ega:
a) har yili muassasa Ilmiy kengashida shaxsiy ish rejalarining bajarilishi to`g`risida hisobot berish;
b) dissertasiya ishini OAK talablariga muvofiq o`z muddatida tugallash, dastlabki ekspertizadan
o`tkazish va Ixtisoslashgan kengashda himoya qilish yoki himoyaga taqdim etish;
v) maqsadli doktoranturani tugatgandan so`ng uni doktoranturaga yuborgan OTM, ITM yoki tashkilot
ixtiyoriga qaytish va kamida 3 (uch) yil ishlab berish.
§-4. Ilmiy maslahatchining
huquq va majburiyatlari
65. Ilmiy maslahatchi quyidagi huquqlarga ega:
a) OTM rektori yoki ITM direktori tomonidan tasdiqlangan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik
kadrlar tayyorlash rejasini hisobga olgan holda, bir vaqtning o`zida ko`pi bilan ikki doktorantga
ilmiy maslahatchilik qilish. Agar ilmiy maslahatchi bir vaqtning o`zida aspirantning ham ilmiy
rahbari bo`lsa, doktorant va aspirant (ad'yunkt)larning soni 3 (uch) kishidan oshmasligi lozim.
Dissertasiya ishlarining o`z vaqtida himoyaga taqdim etilishini ta'minlaydigan ilmiy maslahatchiga
OTM yoki ITM Ilmiy kengashining qarori bilan qo`shimcha ravishda bir yoki ikki doktorantga ilmiy
maslahatchilik qilish;
b) OTM yoki ITM Ilmiy kengashiga doktorantni xorijiy ilmiy markazlar va OTMlariga ilmiy safarga
yuborishning maqsadga muvofiqligi to`g`risida asoslangan yozma iltimosnoma bilan murojaat etish.
66. Ilmiy maslahatchi quyidagi majburiyatlarga ega:
a) doktorantning ilmiy ishiga samarali ilmiy maslahatchilik qilish;
b) doktorantning tasdiqlangan shaxsiy ish rejasini bajarishini nazorat qilish;
v) OAK talablariga muvofiq ravishda dissertasiya ishining o`z vaqtida sifatli tugallanishi va
himoyaga taqdim etilishini ta'minlash;
g) har yili Ilmiy kengash oldida doktorant bilan birga hisobot berish.
67. Muntazam ravishda dissertasiya ishlarining o`z vaqtida himoyaga taqdim etilishini
ta'minlamaydigan ilmiy maslahatchiga nisbatan OTM yoki ITM Ilmiy kengashining qarori bilan
doktorantlarga ilmiy maslahatchilik qilish huquqidan mahrum qilishgacha bo`lgan choralar ko`rilishi
mumkin.
III. ASPIRANTURA VA DOKTORANTURALAR
FAOLIYaTINI ShARTNOMA
ASOSIDA TAShKIL ETISh
68. Davlat akkreditasiyasidan o`tgan OTM va ITMlari oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik
kadrlar tayyorlash maqsadida fuqarolarni, shu jumladan, xorij fuqarolarini, tanlangan ixtisoslik
bo`yicha aspirantura, ad'yunktura, doktoranturaga shartnoma asosida qabul qilishlari mumkin.
O`qish fuqaroning istagiga ko`ra davlat yoki rus tilida olib boriladi.
69. Xorijiy davlatlar fuqarolarini aspirantura, ad'yunktura va doktoranturaga qabul qilish:
a) O`zbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlar o`rtasidagi hukumatlararo bitimlar;
b) jamoa va yakka tartibdagi shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
70. Xorijiy davlatlar aspirantlar, ad'yunktlar, doktorantlarning O`zbekiston Respublikasida o`qish
muddati ushbu Nizomga muvofiq ular qabul qilingan kundan boshlab belgilanadi.
Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash uchun haq to`lash turi, miqdori va tartibi,
stipendiya bilan ta'minlash, turar joy sharoitlarini yaratib berish, tibbiy xizmat ko`rsatish va
fors-major vaziyatlari natijasida yetkaziladigan zararni qoplash qonun hujjatlarida belgilangan
tartibda amalga oshiriladi.
71. Aspirantura, ad'yunktura yoki doktoranturada o`qishga kirayotgan xorij fuqarolari quyidagi
hujjatlarni taqdim etadilar:
a) aspirantura, ad'yunktura yoki doktoranturaga qabul qilish to`g`risida ariza;
b) o`rganilgan fanlar hamda ular bo`yicha imtihonlarda olingan baholar (ballar) ko`rsatilgan holda
ma'lumoti to`g`risidagi hujjatlarning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlangan
nusxalari;
v) tibbiyot muassasasi xulosasi;
g) 4x6 o`lchamdagi 6 dona fotosurati;
d) milliy pasport amaldagi viza hujjatlari bilan shaxsan ko`rsatiladi.
72. Aspirantura, ad'yunktura va doktoranturada o`qishni istagan, o`zbek yoki rus tilini bilmaydigan
xorij fuqarolari mavjud Til markazlarida o`qitiladilar.
73. OTM va ITM ichki tartib-intizomini, shuningdek O`zbekiston Respublikasi qonunchiligida ko`zda
tutilgan boshqa qoidalarni buzgan xorij fuqarolari aspirantura, ad'yunktura va doktoranturadan
chetlatiladi.
IV. MUSTAQIL TADQIQOTChILIK ORQALI
ILMIY VA ILMIY-PEDAGOGIK
KADRLAR TAYYoRLASh
74. Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash aspirantura yoki doktoranturadan
tashqari, mustaqil tadqiqotchilik shaklida ham amalga oshirilishi mumkin.
75. Fan nomzodi ilmiy darajasini olish uchun mustaqil tadqiqotchilikka oliy ma'lumotga yoki magistr
darajasiga ega bo`lgan, nomzodlik dissertasiyasi ustida mustaqil izlanishlar olib borayotgan, fan va
texnikaning tegishli sohasida yetarli bilimga hamda tanlagan ixtisosligi bo`yicha kamida bir yillik
stajga ega bo`lgan shaxslar da'vogarlik qilishlari mumkin.
76. Fan nomzodi ilmiy darajasini olish uchun mustaqil tadqiqotchilikka da'vogarlar O`zbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi OAK tomonidan o`rnatilgan tartibga muvofiq
nomzodlik minimumi imtihonlarini topshirish, dissertasiyani tayyorlash hamda himoya qilish maqsadida
tegishli ixtisosliklar bo`yicha aspiranturaga ega bo`lgan OTM va ITMlarga 3 yilgacha muddatga
biriktiriladilar.
77. Fan doktori ilmiy darajasini olish uchun mustaqil tadqiqotchilikka doktorlik dissertasiyasi
ustida mustaqil izlanishlar olib borayotgan, fan va texnikaning dolzarb muammolari hamda nazariy
masalalari bo`yicha ilmiy tadqiqotlari yuzasidan salmoqli natijalarga erishgan, shuningdek tegishli
fan va texnika sohasida chuqur bilimlarga ega bo`lgan fan nomzodlari da'vogarlik qilishlari
mumkin.
78. Fan doktori ilmiy darajasini olish uchun mustaqil tadqiqotchilikka da'vogarlar tegishli
ixtisosliklar bo`yicha doktorantura faoliyat ko`rsatayotgan, taniqli ilmiy maktab va yetarli
moddiy-texnika bazasiga ega bo`lgan yetakchi OTM va ITMlarga 4 yilgacha muddatga biriktiriladilar.
79. Mustaqil tadqiqotchilikka da'vogar OTM va ITMlarga quyidagilarni ilova qilgan holda ariza
bilan murojaat qiladi:
a) ish joyidan tavsifnoma;
b) shaxsiy varaqa va tarjimai hol;
v) ilmiy ishlari, patentlari va ilmiy hisobotlari ro`yxati (agar mavjud bo`lsa);
g) oliy ma'lumoti yoki magistr darajasini tasdiqlovchi diplom nusxasi (fan nomzodi ilmiy
darajasiga da'vogar mustaqil tadqiqotchi uchun);
d) fan nomzodi diplomi (fan doktori ilmiy darajasiga da'vogar mustaqil tadqiqotchi uchun);
e) nomzodlik imtihonlarini topshirganligi to`g`risida guvohnoma (agar topshirgan bo`lsa);
j) dissertasiyaning kengaytirilgan ish rejasi.
80. Fan doktori ilmiy darajasini olish uchun mustaqil tadqiqotchilikka da'vogarlar arizalari va
shaxsiy hujjatlarini ko`rib chiqish, ularni OTM yoki ITMga biriktirish hamda ilmiy maslahatchilarni
tayinlash ushbu Nizomning 50, 77, 78 va 79-bandlariga rioya qilgan holda amalga oshiriladi.
81. Fan nomzodi ilmiy darajasini olish uchun mustaqil tadqiqotchilikka da'vogarlarni biriktirish
mo`ljallanayotgan ilmiy rahbar bilan suhbat natijasi va tegishli kafedra (bo`lim) xulosasi asosida,
mustaqil tadqiqotchilikka biriktirish muddati va ilmiy rahbar ko`rsatilgan holda OTM yoki ITM
rahbari buyrug`i bilan rasmiylashtiriladi.
82. Fan nomzodi ilmiy darajasiga da'vogar mustaqil tadqiqotchilar bir oylik muddatda ilmiy
rahbar bilan kelishilgan holda tayyorlangan shaxsiy ish rejalarini tasdiqlash uchun kafedra (bo`lim)ga
taqdim etadilar.
83. Mustaqil tadqiqotchilarning dissertasiya mavzulari fundamental tadqiqotlar rivojini
inobatga olgan holda hamda fan va texnikaning Respublika uchun ustuvor yo`nalishlari doirasida
shakllantirilib, uch oylik muddatda muassasa Ilmiy kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
84. Fan doktori va nomzodi ilmiy darajasiga da'vogar mustaqil tadqiqotchilar mazkur Nizomning
mos ravishda 35, 36, 63 hamda 64-bandlarida ko`rsatilgan huquq va majburiyatlarga egadirlar.
85. Shaxsiy ish rejalarini muvaffaqiyatli yakunlagan va Nizomning tegishli talablarini bajargan
mustaqil tadqiqotchilar Ixtisoslashgan kengashlarda dissertasiya himoyasiga qo`yiladilar. Shaxsiy ish
rejasini bajarmayotganlar esa mustaqil tadqiqotchilar safidan qayta tiklanish huquqisiz
chetlashtiriladilar.
86. Mustaqil tadqiqotchilar faoliyati yuzasidan tashkiliy, nazorat va monitoring ishlari
aspirantura hamda doktorantura bo`limi (mutasaddi xodimlar) tomonidan olib boriladi.
87. Bir vaqtning o`zida bir nechta muassasaga mustaqil tadqiqotchi sifatida biriktirilishga ruxsat
etilmaydi.
88. Aspirantura (doktorantura)ni to`liq tamomlagan shaxslarga mustaqil tadqiqotchi sifatida
biriktirilishga ruxsat etilmaydi.
89. OTMlarda ilmiy rahbar yoki maslahatchilarning mustaqil tadqiqotchilar bilan olib boradigan ishi
bir mustaqil tadqiqotchi uchun 50 soat hisobidan ularning umumiy (o`quv) yuklamasiga kiritiladi.
ITMlarda esa mazkur faoliyat yuzasidan ilmiy rahbar yoki maslahatchi mehnatiga davlat byudjetining
fan sohasi bo`yicha ko`zda tutilgan mablag`lardan, shuningdek shartnoma summasidan har bir mustaqil
tadqiqotchi uchun 50 soat hisobidan haq to`lanadi.
90. O`zlarining ishlab chiqarishdagi yoki pedagogik faoliyatlarini ilmiy ishlari bilan birga
muvaffaqiyatli olib borayotgan mustaqil tadqiqotchilarga dissertasiyalarini yakunlash va himoyaga
taqdim etish uchun doktorlik dissertasiyalari bo`yicha 6 oygacha, nomzodlik dissertasiyalari bo`yicha
esa 3 oygacha o`rtacha ish haqi saqlangan holda ijodiy ta'til beriladi.
91. Ushbu Nizom O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza
qilish vazirligi, Moliya vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestasiya komissiyasi
raisi bilan kelishilgan.
Nizomga
ILOVA
____________________________________________ da
(muassasaning nomi)
______________________________________ ochilishi rejalashtirilayotgan
(aspirantura (ad'yunktura) yoki doktorantura)
________________________________________________________________________
(ixtisoslik shifri va nomi)
ixtisosligi bo`yicha faoliyat ko`rsatayotgan fan doktorlari,
professorlar hamda ilmiy rahbarlik huquqiga ega
fan nomzodlari to`g`risida
MAÚLUMOT
To`liq F.I.Sh. Tug`ilgan yili Doktorlik (nomzodlik) dissertasiyasi bo`yicha ixtisosligi
shifri va nomi Ilmiy darajasi, unvoni Ish joyi va lavozimi Ixtisosligi bo`yicha
so`nggi 5 yildagi asosiy ilmiy ishlari ro`yxati (monografiya, maqola) asosiy stavkada o`rindoshlik asosida
_____________________________ (muassasaning nomi)
kadrlar bo`limi boshlig`i (imzo) ___________________________
(F.I.Sh.)
M.O`.
"O`zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to`plami", 2007 yil, 35-36-son, 365-modda.
Maqola sanasi: