O`zbekiston Respublikasi
Adliya vazirligida
2008 yil 20 martda 1778-son
bilan ro`yxatga olingan
Xalq ta'limi vazirining
2008 yil 4 martdagi
56-sonli buyrug`i bilan
Umumiy o`rta ta'lim oluvchilarning yakuniy davlat attestasiyasi to`g`risida NIZOM
Muqaddima
I. Umumiy qoidalar
II. Yakuniy attestasiyani o`tkazish tartibi
III. Bitiruvchilarni yakuniy attestasiyadan ozod etish
IV. Yakuniy qoidalar
Mazkur Nizom O`zbekiston Respublikasi "Ta'lim to`g`risida"gi va "Kadrlar tayyorlash milliy dasturi
to`g`risida"gi qonunlari hamda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 13 maydagi
"O`zbekiston Respublikasida umumiy o`rta ta'limni tashkil etish to`g`risida"gi 203-son qarori asosida
umumiy o`rta ta'lim oluvchilarning yakuniy davlat attestasiyasini (keyingi o`rinlarda yakuniy
attestasiya deb yuritiladi) o`tkazish jarayonini tartibga soladi.
I. UMUMIY QOIDALAR
1. O`zbekiston Respublikasida umumiy o`rta ta'lim muassasalarining (bundan keyingi o`rinlarda
maktab deb yuritiladi) bitiruvchilari uchun umumiy o`rta ta'lim dasturlarini to`liq o`zlashtirgandan
keyin yakuniy attestasiyadan o`tish majburiydir, mazkur Nizomning III bo`limida nazarda tutilgan
hollar bundan mustasno.
2. Mazkur Nizom O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 29 oktyabrdagi 473-son
qarori bilan tasdiqlangan "2004 - 2009 yillarda O`zbekiston Respublikasi bo`yicha akademik liseylar
va kasb-hunar kollejlarini ishga tushirishning aniq yo`naltirilgan dasturi"ning ijrosi to`liq
ta'minlangunga qadar o`tish davrida o`rta ta'lim bitiruvchilariga (bundan keyingi o`rinlarda XI sinf
bitiruvchilari deb yuritiladi) ham tatbiq etiladi.
3. Maktab bitiruvchilarining bilimi, malaka va ko`nikmalariga qo`yilgan talablarning bajarilishi
bo`yicha yakuniy attestasiya yozma, og`zaki yoki test usulida har bir fanning amaldagi o`quv dasturi
asosida o`quv yilining yakuni bo`yicha o`tkaziladi.
4. Ta'lim dasturlarini davlat ta'lim standartlari talablari darajasida o`zlashtirgan va o`quv
fanlardan yil yakuni bo`yicha ijobiy baholangan yoki bitta o`quv fanidan qoniqarsiz baholangan (ushbu
fan bo`yicha yakuniy attestasiyadan o`tish sharti bilan) bitiruvchilar maktab pedagogik kengashi
qaroriga asosan yakuniy attestasiyaga qo`yiladilar.
5. Shartnoma asosida maktablarda tahsil olayotgan chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo`lmagan
shaxslar yakuniy attestasiyaga mazkur Nizomning 4-bandi asosida qo`yiladilar.
II. YaKUNIY ATTESTASIYaNI O`TKAZISh TARTIBI
6. Bitiruvchi sinflarda yakuniy attestasiya o`tkaziladigan fanlar ro`yxati, shakli va muddatlari har
o`quv yilida O`zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
7. Bitiruvchi sinflar uchun yakuniy attestasiya materiallari (insho mavzulari, matematika bo`yicha
topshiriqlar, og`zaki imtihon biletlari, test topshiriqlari) O`zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi
vazirligi qoshidagi Respublika ta'lim markazi tomonidan tayyorlanib, ekspertizadan o`tkazilib
tasdiqlanadi. Test materiallarini ekspertizadan o`tkazish jarayonida O`zbekiston Respublikasi
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi vakillari qatnashishi mumkin.
Fanlarni chuqur o`qitishga ixtisoslashtirilgan maktablarda pedagogik kengashning qarori bilan ushbu
fandan qo`shimcha yakuniy attestasiya kiritilishi mumkin. Imtihon biletlari, test topshiriqlari maktab
metodik birlashmalari tomonidan tayyorlanadi va maktab direktori tomonidan tasdiqlanadi.
8. Maktab bitiruvchilarining yakuniy attestasiyasini shu maktab pedagogik kengashi tomonidan
tasdiqlangan yakuniy attestasiya komissiyasi muvofiqlashtiradi.
9. Yakuniy attestasiyani tashkil etish va o`tkazish uchun barcha javobgarlik maktab yakuniy attestasiya
komissiya raisi zimmasida bo`ladi.
10. Yakuniy attestasiya o`tkaziladigan har bir fandan maktab direktorining buyrug`i bilan yakuniy
davlat attestasiya komissiyasi (keyingi o`rinlarda yakuniy attestasiya komissiyasi deb yuritiladi)
quyidagi tarkibda tayinlanadi:
o`quv fani bo`yicha yakuniy attestasiya komissiyasi raisi - maktab direktori, uning o`rinbosari yoki
maktab o`qituvchisi;
sinfda mazkur fandan dars bergan o`qituvchi;
mazkur fan yoki ushbu fanga yaqin fan o`qituvchilaridan iborat bitta (XI sinflarda ikkita) assistent.
Fan bo`yicha yakuniy attestasiyani tashkil etish va o`tkazish uchun barcha javobgarlik ushbu komissiya
raisi zimmasiga yuklatiladi.
Yakuniy attestasiya o`tkaziladigan fandan dars bergan o`qituvchi shu sinfga yakuniy attestasiya
komissiyasining raisi bo`lishi mumkin emas.
Yakuniy attestasiyada vasiylik kengashi, fuqarolarni o`zini o`zi boshqarish organlari va ota-onalar
qo`mitasi vakillari jamoatchilik asosida kuzatuvchi sifatida qatnashishlari mumkin.
11. Xalq ta'limi vazirligi va joylardagi ta'limni boshqarish idoralari mazkur Nizom
talablarining bajarilishini nazorat qiladi. Bu jarayonda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar
Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi vakillari ishtirok etishlari mumkin.
12. O`quv fani bo`yicha yakuniy attestasiya komissiyasi a'zolarining vazifalari Xalq ta'limi
vazirligi tomonidan belgilanadi.
13. Yakuniy attestasiya maktab direktori tomonidan tasdiqlangan jadval asosida o`tkaziladi. Jadval
yakuniy attestasiya boshlanishidan kamida 10 kun oldin ko`rinadigan joyga osib qo`yiladi.
Yakuniy attestasiya jadvalini tuzishda quyidagilarga e'tibor beriladi:
o`quv fanlari bo`yicha o`tkaziladigan yakuniy attestasiya oralig`i ikki kundan kam bo`lmasligi kerak;
jismoniy tarbiya fanidan avval amaliy, keyin nazariy yakuniy attestasiya o`tkaziladi.
14. Yakuniy attestasiya uchun maktabda keng va yorug` xonalar ajratiladi.
Yozma yakuniy attestasiya vaqtida bitiruvchilar partalar (stollar)ga bittadan o`tqaziladi.
15. Barcha maktablarda yakuniy attestasiya ertalab soat 8.00 dan boshlanadi.
Og`zaki yakuniy attestasiyadan o`tishda bitiruvchilarning soni 20 nafardan ortiq bo`lsa, yakuniy
attestasiya ikki guruhda ketma-ket bir kunda o`tkazilishi mumkin.
16. O`quvchilarga yozma va og`zaki yakuniy attestasiyada foydalanish uchun maktab shtampi tushirilgan toza
varaqlar beriladi.
17. Ona tili va adabiyot fanidan o`tkaziladigan bayon yoki insho mavzulari hamda matematikadan
topshiriqlarni tanlash, yakuniy attestasiya boshlanishidan oldin, barchaning ishtirokida topshiriq
raqami solingan konvertni tanlab olish yo`li bilan amalga oshiriladi. Insho yoki bayon mavzusi va
matematikadan topshiriqlar sinf doskasiga aniq, tushunarli holda yozib qo`yiladi (topshiriqlar har
bir o`quvchiga alohida variant sifatida berilmagan hollarda).
18. Ona tili va adabiyot fanidan yakuniy attestasiyada insho yozish davrida bitiruvchilarga yakuniy
attestasiya komissiyasining roziligi bilan o`z insholariga kiritiladigan parchalarni, ayrim
matnlarni aniqlab olishlari uchun badiiy adabiyotlardan foydalanishlariga ruxsat etiladi. Mavzu
mazmunini talqin etuvchi manbalardan foydalanishga ruxsat etilmaydi.
Boshqa fanlardan yakuniy attestasiya o`tkaziladigan paytida bitiruvchilar xarita, globus, turli
jadvallar, chizmalar, mulyaj, gerbariylar, preparatlar, laboratoriya asbob-uskunalari va boshqa
vositalardan foydalanishlariga ruxsat beriladi.
19. Yozma ishlarni bajarish paytida bitiruvchilar ehtiyoj tufayli 5 - 10 daqiqaga sinfdan tashqariga
chiqishlariga ruxsat beriladi. Bunday hollarda bitiruvchi yozma ishini yakuniy attestasiya komissiyasi
a'zolariga topshirib ketadi. Yakuniy attestasiya komissiyasi a'zolari tomonidan esa yozma ishga
bitiruvchining qancha muddatda sinfdan tashqarida bo`lganligi belgilab qo`yiladi.
20. Bitiruvchi o`z ishining xomaki nusxasini yozma ish bilan birga yakuniy attestasiya komissiyasiga
topshiradi. Belgilangan vaqtda yozma ishni tugallay olmagan bitiruvchilar uni tugatmagan holda
topshiradilar.
21. Yakuniy attestasiya tugaganidan so`ng yozma ishlar yakuniy attestasiya komissiyasi raisi tomonidan
shifrlanadi va komissiya a'zolari ularni maktabdan chiqmagan holda tekshiradilar. Tekshirib
ulgurilmagan yozma ishlar saqlash uchun maktab direktoriga topshiriladi.
Bitiruvchilarning "2" va "5" bilan baholangan insholari, bayonlari, matematika bo`yicha yozma ishlariga
imtihon komissiyasi a'zolari tomonidan taqriz yoziladi.
22. Bitiruvchi tomonidan yozilgan bayon yoki insho uchun ikkita baho qo`yiladi:
birinchisi (suratda) adabiyotdan mavzu mazmuni uchun;
ikkinchisi (maxrajida) ona tilidan savodxonligi uchun.
Ushbu baholar adabiyot va ona tili fanlariga yakuniy attestasiya bahosi sifatida qo`yiladi hamda shu
fanlardan yakuniy baho chiqarishda asos bo`ladi.
23. Yozma ishlarning baholari navbatdagi yakuniy attestasiya o`tkaziladigan kunga qadar e'lon
qilinadi.
24. Maktabni "a'lo" darajali shahodatnoma bilan bitirishga da'vogarlik qilayotgan bitiruvchilarning
yozma ishlarini imtihon komissiyasi a'zolari yakuniy attestasiya yakunlangan kun davomida tekshirib,
baholaydilar.
25. Maktabning IX sinf bitiruvchilariga ona tilidan inshoga 4 astronomik soat (bayonga 3 astronomik
soat), matematikadan yozma ishga 3 astronomik soat, XI sinf bitiruvchilariga insho va matematikadan
yozma ish uchun 4 astronomik soatdan, test-sinov topshiriqlari berilishi ko`zda tutilgan bo`lsa, ularni
bajarishga beriladigan vaqt ijtimoiy-gumanitar fanlar uchun har bir test savoliga 2 daqiqa, aniq
fanlar uchun 3 daqiqa ajratiladi.
Bitiruvchilarga og`zaki yakuniy attestasiyada olgan topshiriqlari bo`yicha tayyorlanish uchun 15 - 20
daqiqa vaqt beriladi.
26. Yakuniy attestasiya komissiyasi a'zolari bitiruvchi o`quvchining javoblarini diqqat bilan
bo`lmasdan tinglaydilar. Bitiruvchiga biletda qo`yilgan topshiriqlar doirasida qo`shimcha savollar
berilishi mumkin.
Bilet savoliga javob bera olmagan bitiruvchiga yakuniy attestasiya komissiyasi tomonidan ikkinchi
marta bilet olishga ruxsat beriladi. Ikkinchi marta bilet olgan bitiruvchiga qanday baho qo`yishni
uning bergan javobiga ko`ra komissiya a'zolari hal etadi. Bitiruvchiga uchinchi marta bilet olishga
ruxsat berilmaydi va unga yakuniy attestasiyaning bahosi sifatida "qoniqarsiz" baho qo`yiladi.
27. Bitiruvchilarning og`zaki yakuniy attestasiyada olgan baholari shu sinfda yakuniy attestasiya
yakunlanishi bilanoq ularga ma'lum qilinadi.
28. Bitiruvchi og`zaki yoki yozma yakuniy attestasiyani topshirish jarayonida belgilangan tartibni buzgan
taqdirda, u yakuniy attestasiyani davom ettirish huquqidan mahrum qilinadi. Bitiruvchi yakuniy
attestasiyani davom ettirish huquqidan mahrum qilinganda yakuniy attestasiya komissiyasi tomonidan
bu haqda yakuniy attestasiya bayonnomasiga yozib qo`yiladi.
Maktab pedagogik kengashining qarori asosida unga yakuniy attestasiya tugagan kundan keyin ikki
hafta o`tgach mazkur fandan qayta yakuniy attestasiyadan o`tishga ruxsat berilishi mumkin.
29. Har bir fan bo`yicha og`zaki yoki yozma yakuniy attestasiya o`tkazilgach, yakuniy attestasiya komissiyasi
barcha bitiruvchilarga yillik va yakuniy attestasiya baholari asosida yakuniy baholarni qo`yadilar.
Bunda, bitiruvchining yillik va yakuniy attestasiya bahosining o`rtachasi olinib yaxlitlanadi. Yakuniy
attestasiyada "qoniqarsiz" baho olgan bitiruvchiga "qoniqarli" yakuniy baho qo`yilmaydi.
Yakuniy attestasiya komissiyasi bitiruvchilarning baholarini yakuniy attestasiya bayonnomasiga
kiritadi. Yakuniy attestasiya bayonnomasi ushbu fan bo`yicha belgilangan yakuniy attestasiya komissiyasi
a'zolari tomonidan imzolanadi.
30. Bitiruvchilarga yozma yoki og`zaki yakuniy attestasiya bo`yicha baho qo`yish yakuniy attestasiya
komissiyasi a'zolari o`rtasida ovozga qo`yish asosida hal etiladi.
Ovozlar teng bo`lgan hollarda komissiya raisining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
Yakuniy attestasiya komissiyasi a'zolarining alohida fikrlari yakuniy attestasiya bayonnomasiga
kiritiladi.
31. Tibbiy muassasalarda davolangan bitiruvchi sinf o`quvchilariga yakuniy baho qo`yishda shifoxona
qoshida tashkil etilgan maktab tomonidan qo`yilgan baholar inobatga olinadi.
32. Yakuniy attestasiyada olgan bahosiga e'tiroz bildirgan bitiruvchilarning arizalarini ko`rib
chiqish uchun tuman (shahar) xalq ta'limi bo`limlarida apellyasiya komissiyalari tuziladi.
Yakuniy attestasiya komissiyasi tomonidan tekshirilgan yozma ish bilan tanishish muddati va tartibi
hamda apellyasiya komissiyaning ish muddati va tartibi, uning tarkibi hamda vakolatlari tuman (shahar)
xalq ta'limi bo`limi tomonidan buyruq bilan rasmiylashtiriladi va bitiruvchilar, ularning
ota-onalari, o`qituvchilar va maktab direktorlari e'tiboriga yakuniy attestasiya boshlanishidan
kamida ikki hafta oldin yetkaziladi.
33. Yakuniy attestasiyada olgan bahosidan e'tirozi bo`lgan bitiruvchilar yakuniy attestasiya baholari
e'lon qilingan kundan e'tiboran uch kun muddat ichida tuman (shahar) xalq ta'limi bo`limlari qoshida
tashkil etilgan apellyasiya komissiyasiga murojaat qilish huquqiga egadirlar.
34. Chet ellarda vaqtincha bilim olgan (ota-onasi xorijdagi diplomatik korpuslarda ishlayotgan, turli
tanlovlar yoki chet mamlakatlarning grantlari hisobiga ta'lim olgan) bitiruvchi o`quvchilarni yakuniy
attestasiyaga qo`yish masalasi Qoraqalpog`iston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, viloyatlar xalq
ta'limi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq ta'limi bosh boshqarmasi tomonidan ko`rib chiqiladi.
Bitiruvchi o`qigan mamlakatda umumiy o`rta va o`rta ta'limni tugatganligi to`g`risida hujjat
(shahodatnoma, sertifikat va h. k.) olgan bo`lsa, uni Qoraqalpog`iston Respublikasi xalq ta'limi
vazirligi, viloyatlar xalq ta'limi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq ta'limi bosh
boshqarmalarida tashkil etilgan komissiya xulosasiga asosan O`zbekiston Respublikasi Vazirlar
Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining Kadrlar tayyorlash sifatini nazorat qilish, pedagog
kadrlar va ta'lim muassasalari yakuniy attestasiyasi boshqarmasi tomonidan qonun hujjatlarida
belgilangan tartibda nostrifikasiya qilinadi.
Bitiruvchiga chet mamlakatlarda berilgan hujjat O`zbekiston Respublikasida beriladigan
shahodatnoma o`rnini bosa olmasa, ya'ni o`quvchi ma'lum bir fanlar yo`nalishidagina ta'lim olib
kelgan bo`lsa, u umumiy tartibda yakuniy attestasiyaga kiritiladi. Bunday hollarda o`quvchi o`ziga
berilgan hujjatda ko`rsatilgan fanlardan boshqa barcha fanlar bo`yicha yakuniy attestasiyadan
o`tkaziladi.
O`quvchiga yakuniy bahoni qo`yishda uning avvalgi sinflarda olgan baholari ham inobatga olinadi.
35. Bir yoki ikki fandan o`tkazilgan yakuniy attestasiyada qoniqarsiz baho olgan bitiruvchilarga
oxirgi yakuniy attestasiyadan keyin ikki hafta o`tgach qoniqarsiz baho olgan fanidan qayta yakuniy
attestasiyadan o`tish huquqi beriladi.
36. Yillik baho va yakuniy attestasiya natijalariga ko`ra, umumiy o`rta ta'lim davlat ta'lim
standartlari talablarini bajarmay, "qoniqarsiz" baho olgan IX sinf bitiruvchilari shu sinfda qayta
o`qishga qoldiriladi, XI sinf bitiruvchilariga esa bunday hollarda o`qiganligi haqida ma'lumotnoma
beriladi.
III. BITIRUVChILARNI YaKUNIY ATTESTASIYaDAN OZOD ETISh
37. Fanlarni ijobiy o`zlashtirayotgan bitiruvchilar yakuniy attestasiyadan tuman (shahar) xalq ta'limi
bo`limlari buyruqlari asosida quyidagi hollarda qisman yoki butunlay ozod etiladilar:
O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash va Xalq ta'limi vazirliklari tomonidan tasdiqlangan
yakuniy attestasiyadan ozod qilish mumkin bo`lgan kasalliklarga asosan;
xalqaro va respublika miqyosida o`tkaziladigan fan olimpiadalarida, sport musobaqalarida, turli
ko`rik-tanlovlarida bitiruvchilarning ishtiroki bevosita yakuniy attestasiya davriga to`g`ri kelsa.
Bunda bitiruvchi shu kunlardagi yakuniy attestasiyadan ozod etiladi.
38. Bitiruvchi yillik ijobiy baholarga ega bo`lgan holda sog`lig`i tufayli yakuniy attestasiyadan ozod
etilgan taqdirda tuman (shahar) xalq ta'limi bo`limlari quyidagi hujjatlarga asoslangan holda
buyruq qabul qiladi:
maktab joylashgan hududdagi davolanish muassasasi tibbiy-nazorat komissiyasining maktab shifokori,
qishloq joylarda esa tuman bosh pediatri bilan kelishgan holdagi tibbiy xulosalari;
maktab pedagogika kengashining qarori va direktorning rasmiy xati, o`zlashtirish tabeli (ushbu
ko`rsatilgan hujjatlar direktor imzosi va maktab muhri bilan tasdiqlanadi).
XI sinf bitiruvchilari yuqorida aks ettirilgan sabablar va hujjatlar asosida Qoraqalpog`iston
Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, viloyatlar xalq ta'limi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq
ta'limi bosh boshqarmasi buyruqlari asosida yakuniy attestasiyadan qisman yoki butunlay ozod
etiladilar.
39. Bitiruvchilarning yashash joyi o`zgarishi (Respublikadan tashqariga chiqish) munosabati bilan shu
holatni tasdiqlovchi rasmiy hujjatlari bo`lsa, (bu holat mart-aprel-may oylarida yuzaga kelsa)
bunday bitiruvchilarga yakuniy attestasiyadan muddatidan ilgari o`tishlariga Qoraqalpog`iston
Respublikasi xalq ta'limi vazirligi, viloyatlar xalq ta'limi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq
ta'limi bosh boshqarmasining buyrug`i bilan ruxsat beriladi.
Bunday hollarda Xalq ta'limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan fanlardan yakuniy attestasiya,
qolgan fanlardan esa sinovlar mazkur nizom talablari asosida o`tkaziladi. Yakuniy attestasiya va
sinovlar maktab direktori tuzgan muvaqqat yakuniy attestasiya komissiyasi tomonidan va u
tasdiqlagan jadval asosida o`tkaziladi.
40. Yakuniy attestasiya davrida kasal bo`lgan va yakuniy attestasiya jarayoni tugashigacha tuzalib kelgan
bitiruvchilar maktab direktorining buyrug`iga ko`ra qoldirilgan fanlardan yakuniy attestasiya
tugagandan so`ng ikki hafta o`tgach yakuniy attestasiyadan o`tadilar.
O`quvchilarning salomatligi bo`yicha jismoniy tarbiya mashg`ulotlaridan ozod etilishlari, ularning
maktabni bitirishlariga ta'sir ko`rsatmaydi.
IV. YaKUNIY QOIDALAR
41. Mazkur Nizom talablarini buzgan shaxslarga nisbatan O`zbekiston Respublikasi qonunchiligida
ko`zda tutilgan javobgarlik choralari qo`llaniladi.
42. Mazkur Nizom O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi
bilan kelishilgan.
"O`zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to`plami", 2008 yil, 12-13-son, 78-modda.
Maqola sanasi: