O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 7 avgustdagi "Ayrim fanlar chuqur o`rganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumta'lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish to`g`risida"gi 173-son qarorining 5-bandiga muvofiq O`zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi QAROR QILADI:
1. Ayrim fanlar chuqur o`rganiladigan davlat umumta'lim muassasalarining ixtisoslashtirilgan sinflariga, davlat ixtisoslashtirilgan umumta'lim muassasalariga o`quvchilar qabul qilish tartibi to`g`risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro`yxatidan o`tkazilgandan o`n kundan so`ng kuchga kiradi.
Xalq ta'limi vaziri G`. Shoumarov
Davlat test markazi direktori B. Ismoilov
"O`zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to`plami", 2009 yil, 18-son, 232-modda.
O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2009 yil 29 aprelda 1950-son bilan ro`yxatga olingan Xalq ta'limi vazirligi va Davlat test markazining 2009 yil 27 martdagi 4/4, 01-11Q/Q-sonli qo`shma qarori bilan TASDIQLANGAN
Ayrim fanlar chuqur o`rganiladigan davlat umumta'lim muassasalarining ixtisoslashtirilgan sinflariga, davlat ixtisoslashtirilgan umumta'lim muassasalariga o`quvchilar qabul qilish tartibi to`g`risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
II. Hujjatlarni qabul qilish tartibi
III. Tanlov ishlarini o`tkazish tartibi
IV. O`quvchilarni o`qishdan chetlatish va
V. Yakuniy qoida
I. UMUMIY QOIDALAR
Mazkur Nizom O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 13 maydagi 203-son "O`zbekiston Respublikasida umumiy o`rta ta'limni tashkil etish to`g`risida"gi va 2008 yil 7 avgustdagi 173-son "Ayrim fanlar chuqur o`rganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumta'lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish to`g`risida"gi qarorlariga muvofiq davlat umumta'lim muassasalarining ixtisoslashtirilgan sinflari (bundan keyingi o`rinlarda ixtisoslashtirilgan sinf deb yuritiladi), davlat ixtisoslashtirilgan maktablari va maktab-internatlarga (bundan keyingi o`rinlarda ixtisoslashtirilgan umumta'lim muassasasi deb yuritiladi) o`quvchilar qabul qilish va ularni ushbu ixtisoslashtirilgan sinf hamda ixtisoslashtirilgan umumta'lim muassasasidan o`qishdan chetlatish tartibini belgilaydi.
Ixtisoslashtirilgan sinf va ixtisoslashtirilgan umumta'lim muassasalariga tegishli sinfni muvaffaqiyatli yakunlagan, chuqurlashtirib o`qitish belgilangan o`quv fanlaridan muayyan
qobiliyatini ko`rsata olgan o`quvchilar tanlov natijalari asosida O`zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi va Davlat test markazi tomonidan qo`shma buyruq bilan belgilangan kvota doirasida qabul qilinadi.
II. HUJJATLARNI QABULQILISH TARTIBI
1. Ixtisoslashtirilgan sinflar va ixtisoslashtirilgan umumta'lim muassasalariga hujjatlar
2-sinflar uchun 1 apreldan 20 maygacha, 5-sinflar uchun 25 maydan 20 iyungacha (shu kun ham) qabul qilinadi.
2. Ixtisoslashtirilgan sinflar va ixtisoslashtirilgan umumta'lim muassasalariga o`quvchilarning hujjatlarini qabul qilish, rasmiylashtirish, saqlash va tanlovda ishtirok etuvchi o`quvchilar ro`yxatini shakllantirish hamda qabulga oid hisobotlarni tayyorlash uchun ixtisoslashtirilgan umumta'lim muassasalarida yoki umumta'lim maktablarida kamida 5 kishidan iborat qabul komissiyalari tuziladi. Qabul komissiyasi direktor, direktor o`rinbosarlari, fan o`qituvchilari va ota-onalar qo`mitasi vakillaridan iborat tarkibda tuziladi. Ixtisoslashtirilgan umumta'lim muassasasi yoki umumta'lim maktabi direktori qabul komissiyasi raisi hisoblanadi.
3. Ixtisoslashtirilgan sinflar va ixtisoslashtirilgan umumta'lim maktabga joriy o`quv yilida 1-sinfini tugatgan o`quvchilar 2-sinfga tanlov asosida qabul qilinadi.
Ixtisoslashtirilgan umumta'lim maktab-internatiga joriy o`quv yilida 4-sinfni tugatgan o`quvchilar 5-sinfga tanlov asosida qabul qilinadi.
4. Ixtisoslashtirilgan umumta'lim muassasasi va umumta'lim maktabi ma'muriyati o`quvchilar tanlovining sifatli va raqobatli o`tkazishga erishish maqsadida tanlov boshlanishidan kamida 2 oy oldin tanlov haqida ommaviy axborot vositalarida e'lon beradi.
5. Tanlovda ishtirok etish uchun o`quvchilardan quyidagi hujjatlar qabul qilinadi.
a) ixtisoslashtirilgan umumta'lim muassasasi yoki umumta'lim maktabi direktori nomiga ariza;
b) tug`ilganlik to`g`risidagi guvohnomaning nusxasi;
v) ¹ 086-U shakl bo`yicha tibbiy ma'lumotnoma;
g) 3 x 4 hajmdagi 6 ta fotosurat;
d) psixologik-pedagogik tashxis daftari asosida o`quvchining qiziqishlari, o`quv fanlarini o`zlashtirishi haqida tasdiqlangan tavsifnoma;
e) turar joyidan ma'lumotnoma;
yo) iste'dod va iqtidorini ko`rsatuvchi ishlaridan namunalar ta'lim sohasi bo`yicha (nashr etilgan yoki qo`lyozma sifatida yozilgan she'rlar, hikoyalar, rasmlar va shu kabilar).
6. Ixtisoslashtirilgan sinflar va ixtisoslashtirilgan umumta'lim muassasasida tasdiqlangan reja asosida murojaat qiluvchilar uchun doimiy ravishda maslahat berib boriladi.
III. TANLOV ISHLARINI O`TKAZISH TARTIBI
7. Ixtisoslashtirilgan sinflar va ixtisoslashtirilgan umumta'lim muassasalariga o`quvchilar Davlat test markazi tomonidan tegishli fanlar bo`yicha o`tkaziladigan test natijalariga hamda psixologik-pedagogik diagnostika xulosalari asosida tanlab olinadi.
8. Test sinovi materiallari va metodikasi Davlat test markazi, psixologik-pedagogik diagnostika materiallari va metodikasi O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi ishtirokida Xalq ta'limi vazirligi tomonidan shakllantiriladi.
Test sinovlari Davlat test markazi tomonidan, psixologik-pedagogik diagnostika O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi ishtirokida Xalq ta'limi vazirligi tomonidan
o`tkaziladi.
9. Test sinovlari 2-sinfda 40 minut, 5-sinfda 60 minut davom etadi.
Test sinovlari boshlanishiga qadar 20 daqiqagacha tushuntirish ishlari o`tkaziladi, bu vaqt test o`tkazish uchun ajratilgan vaqt me'yoriga kirmaydi.
10. 2-sinf qabuli uchun ta'lim sohalari bo`yicha Davlat test markazi tomonidan quyidagi fanlardan test sinovlari o`tkaziladi:
filologiya: ona tili va o`qishdan 15 ta, matematikadan 5 ta, jami 20 ta test savoli;
matematika: matematikadan 15 ta, ona tili va o`qishdan 5 ta, jami 20 ta test savoli;
inson va jamiyat: ona tili va o`qishdan 15 ta, matematikadan 5 ta, jami 20 ta test savoli.
5-sinf qabuli uchun ta'lim sohalari bo`yicha Davlat test markazi tomonidan quyidagi fanlardan test sinovlari o`tkaziladi:
filologiya: ona tili va adabiyotdan 20 ta, matematikadan 10 ta, jami 30 ta test savoli;
ijtimoiy bilimlar: ona tili va adabiyotdan 20 ta, matematikadan 10 ta, jami 30 ta test savoli;
matematika: matematikadan 20 ta, ona tili va adabiyotidan 10 ta, jami 30 ta test savoli;
tabiiy bilimlar: matematikadan 20 ta, ona tili va adabiyotdan 10 ta, jami 30 ta test savoli;
ma'naviyat: ona tili va adabiyotdan 20 ta, matematikadan 10 ta, jami 30 ta test savoli ;
san'at: ona tili va adabiyotdan 20 ta, matematikadan 10 ta, jami 30 ta test savoli;
texnologiya: matematikadan 20 ta, ona tili va adabiyotidan 10 ta, jami 30 ta test savoli;
sog`lomlashtirish mashg`ulotlari: matematikadan 20 ta, ona tili va adabiyotdan 10 ta, jami 30 ta test savoli.
11. O`quvchilar qabul komissiyasi tomonidan shakllantirilgan ro`yxat asosida test sinovlariga kiritiladi.
12. O`zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Davlat test markazi va tasarrufida ixtisoslashtirilgan umumta'lim muassasalari mavjud bo`lgan vazirlik va idoralar hamkorlikda
test sinov ishlarini tashkillashtirishga oid tavsiyalar ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.
13. Ixtisoslashtirilgan sinf va ixtisoslashtirilgan umumta'lim muassasalariga o`quvchilarni sinov (fanlardan test va psixologik test)dan o`tkazish va tanlash 2-sinflar uchun 5 iyundan 20 iyungacha, 5-sinflar uchun 5 avgustdan 20 avgustgacha o`tkaziladi.
Test sinovlari ertalab soat 9.00 da yoki 14.00 dan boshlab o`tkaziladi.
Test sinovlariga kelmagan o`quvchilar uchun qo`shimcha sinovlar o`tkazilmaydi.
14. O`quvchilarga test sinovlari o`tkaziladigan binoga o`zi bilan faqat ruchka va oq qog`oz olib kirishlariga ruxsat etiladi.
15. Test sinovlari umumiy o`rta ta'limning Davlat ta'lim standartlari doirasida hamda muassasaning o`qitish tilida o`tkaziladi.
16. Test sinovlarining (ta'lim sohalari bo`yicha fanlardan test sinovlari hamda psixologik-pedagogik diagnostikasi) har biridan alohida 70 foizdan kam bo`lmagan natija ko`rsatgan o`quvchilar belgilangan kvotaga muvofiq qabul qilinadi.
17. Ota-onasining qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarga test sinovlarida ular to`plagan ballning
10 foizi miqdorida qo`shimcha ball imtiyoz sifatida qo`shib beriladi.
18. O`quvchilarning test sinovlaridagi ko`rsatkichlari teng bo`lib qolgan hollarda quyidagilar
imtiyozga ega bo`ladi:
ota-onasining qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalar;
ko`p bolali, kam ta'minlangan oilalarning farzandlari.
19. Tanlovning yakuniy natijalari 5 kun ichida e'lon qilinadi, qabul komissiyasi tomonidan
muassasaning ko`rsatkichlar doskasiga osib qo`yiladi.
20. Test sinovlaridan o`tmagan o`quvchilarning hujjatlari ota-onalarga qaytarib beriladi.
21. Tanlovni o`tkazish jarayonidan norozi bo`lgan o`quvchilar yoki ularning ota-onalari Davlat test markaziga, uning joylardagi doimiy vakillariga, O`zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligiga, Qoraqalpog`iston Respublikasi xalq ta'limi vazirligiga, Toshkent shahar xalq ta'limi bosh boshqarmasiga va viloyatlar xalq ta'limi boshqarmalariga murojaat etishlari mumkin.
22. Tanlovdan muvaffaqiyatli o`tgan o`quvchilar 2-sinflar uchun 1 iyulga, 5-sinflar uchun 25 avgustga qadar ixtisoslashtirilgan umumta'lim muassasasi yoki umumta'lim maktabi direktori buyrug`i asosida o`quvchilar safiga kiritiladi.
IV. O`QUVChILARNI O`QISHDAN ChETLATISH VA BO`SH O`RINLARGA QABUL QILISH TARTIBI
23. Ixtisoslashtirilgan umumta'lim muassasasi yoki umumta'lim maktabining ustavida belgilangan ichki tartib-qoidalarni buzgan o`quvchilar tuman va shahar hokimliklari huzuridagi voyaga etmaganlar ishlari bo`yicha komissiyalar bilan kelishilgan holda pedagogik kengash qarori asosida avval o`qigan sinfi yoki maktabiga qaytarib yuboriladi (o`quvchining yashash joyi o`zgargan sharoitda tegishli hududdagi boshqa maktabga).
24. Ixtisoslashtirilgan sinf yoki ixtisoslashtirilgan umumta'lim muassasalarida bo`shab qolgan o`rinlarga tanlovda ishtirok etib, ta'lim sohalari bo`yicha tegishli fanlardan 70 foizdan ortiq natija ko`rsatgan, lekin o`tish bali yuqori bo`lganligi sababli qabul qilinmay qolgan o`quvchilar qabul qilinadi.
Agar o`quvchining ota-onasi yoki ularning o`rnini bosuvchi shaxslardan rad javobi olinsa, unda ro`yxat bo`yicha bu o`quvchidan keyingi yuqori ball to`plagan o`quvchi chaqirilishi mumkin. Mazkur talabga faqatgina o`quv yilining birinchi yarmi natijalari bo`yicha rioya etiladi. O`quv yili tugaganda esa bo`sh o`rinlarni to`ldirish uchun qo`shimcha tanlov e'lon qilinadi va o`tkaziladi.
V. YAKUNIY QOIDA
25. Mazkur Nizom talablarini buzishda aybdor bo`lgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo`ladi.