Ziyonet
 
Kitob.uz
 

 
 
  ME'YORIY HUJJATLAR // Xalq ta'limi vazirligi me'yoriy hujjatlari // Maktabgacha ta'lim muassasalarida bolalarning hayoti va sog`lig`ini muhofaza qilishni tashkil etish tartibi to`g`risida 
 
O`zbekiston Respublikasi
Adliya vazirligida
2009 yil 14 mayda 1956-son
bilan ro`yxatga olingan
Xalq ta'limi vazirligi va
Sog`liqni saqlash vazirligining
2009 yil 21 apreldagi
17/2, 6/3-son qarori bilan
TASDIQLANGAN

Maktabgacha ta'lim muassasalarida bolalarning
hayoti va sog`lig`ini muhofaza qilishni
tashkil etish tartibi to`g`risida
NIZOM


Muqaddima
I. Umumiy qoidalar
II. Maktabgacha ta'lim muassasasida bolalarning hayoti va sog`lig`ini muhofaza qilishni tashkil etish tartibi va qoidalari III. Maktabgacha ta'lim muassasasiga bolalarni olib kelish va olib ketish qoidalari
IV. Maktabgacha ta'lim muassasasi binolarida xavfsizlikni tashkil etishga oid talablar 
V. Maktabgacha ta'lim muassasasida yong`in xavfsizligini tashkil etishga oid talablar
VI. Hudud xavfsizligiga bo`lgan talablar
VII. Yakuniy qoidalar


Mazkur Nizom O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 25 oktyabrdagi 225-son qarori bilan tasdiqlangan O`zbekiston Respublikasida davlat maktabgacha ta'lim muassasasi 
to`g`risidagi nizomga (O`zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to`plami, 2007 y., 43-son, 431-modda) muvofiq O`zbekiston Respublikasida maktabgacha ta'lim muassasalarida (bundan keyingi  o`rinlarda maktabgacha ta'lim muassasasi deb yuritiladi) bolalarning hayoti va sog`lig`ini  muhofaza qilishni tashkil etish tartibini belgilaydi.

I. UMUMIY QOIDALAR
1. Maktabgacha ta'lim muassasasida bolalarning hayoti va sog`lig`ini muhofaza qilish maktabgacha ta'lim muassasasi hamda shtatdagi tibbiyot xodimlari, shuningdek maktabgacha ta'lim muassasasiga biriktirilgan sog`liqni saqlash organlarining tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
     Maktabgacha ta'lim muassasasi ma'muriyati tomonidan bolalarning hayoti, sog`lig`i va jismoniy rivojlanishi, davolash-profilaktika tadbirlari o`tkazilishi, sanitariya-gigiena normalariga, ovqatlanish rejimi va sifatiga rioya etilishi doimiy ravishda nazorat qilib borilishi lozim.

2. Ota-onalar yoki ularning o`rnini bosuvchi shaxslar ular bilan maktabgacha ta'lim muassasasi o`rtasida o`zaro munosabatlar bo`yicha shartnoma tuzilayotgan vaqtda ushbu Nizom talablari bilan tanishtirilishi lozim.


II. MAKTABGACHA TA`LIM MUASSASASIDA BOLALARNING HAYoTI VA SOG`LIG`INI MUHOFAZA QILISHNI TASHKIL ETISH TARTIBI VA QOIDALARI

3. Maktabgacha ta'lim muassasasida bolalarning hayoti va sog`lig`ini muhofaza qilishda quyidagilar:
    barcha telefon apparatlari oldida hamda maktabgacha ta'lim muassasasining markazida yong`in xavfsizligi, favqulodda vaziyatlar, tez yordam xizmatlari, ichki ishlar idoralarining telefon raqamlari va ularga bog`lanish tartibi ko`rsatilgan peshlavhalar mavjud bo`lishi;
     maktabgacha ta'lim muassasasining barcha xodimlarida muassasa mudiri hamda o`z guruhidagi tarbiyalanuvchilarning yashash manzili, ota-onalar yoki ularning o`rnini bosuvchi shaxslarning telefon raqamlari mavjud bo`lishi shart.
4. Maktabgacha ta'lim muassasasi xodimlari bola to`satdan kasal bo`lib qolsa yoki noxush holat yuzaga kelgan taqdirda, birinchi tibbiy yordam ko`rsatishga tayyor turishi lozim. Har bir guruhda bolalar tomonidan olishning imkoniyati bo`lmagan joyda kerakli dori-darmonlari bo`lgan aptechka bo`lishi shart.

5. Maktabgacha ta'lim muassasasida pedagogik kengashlar, kasaba uyushmasi yig`ilishlari va boshqa tadbirlarni bolalarning uyqu soatlarida tashkil etish lozim. Bunda albatta guruhda tarbiyachi yordamchisi qolishi shart.

6. Maktabgacha ta'lim muassasasida ovqatlanishni tashkil etish, oziq-ovqat mahsulotlarining saqlanishi va taomlarning tayyorlanishi O`zbekiston Respublikasida tasdiqlangan sanitariya qoidalari va normalariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.

7. Bolalar sayr va ekskursiyaga olib chiqilganda, tarbiyachi tomonidan ularning hech qanday meva va o`simliklarni iste'mol qilmasliklari nazorat qilinishi lozim.

8. Maktabgacha ta'lim muassasasi hududidan uzoqroqqa sayr yoki ekskursiyaga chiqayotgan guruh kamida ikki nafar xodim bilan ta'minlangan bo`lishi lozim. Bunda xodimlarning biri safning oldida, ikkinchisi safning orqasida harakatlanib borishi lozim.

9. Bolalarning tartibli ravishda sayr yoki ekskursiyaga olib chiqilishi ichki ishlar idoralari bilan kelishilgan holda o`rnatilgan tartibda yo`l-patrul xizmati xodimlari kuzatuvida amalga oshirilishi kerak.

10. Yayov holda sayr yoki ekskursiyaga chiqishdan oldin tarbiyachi: o`tkaziladigan tadbir haqida maktabgacha ta'lim muassasasi ma'muriyatini oldindan ogohlantirishi;o`zi bilan olib ketadigan bolalarning sonini bilishi;bolalar olib boriladigan joyni avvaldan rejalashtirib olishi va harakatlanish yo`nalishiga aniqlik kiritishi lozim.

11. Kunning issiq paytlarida bolalarga issiqlab ketmasligi uchun yengil bosh kiyimlari kiydirilishi lozim. Bolalarning quyosh vannalarini qabul qilishi hamda maktabgacha ta'lim muassasasi hududidagi suv havzalarida cho`milishlari tibbiyot xodimlari va tarbiyachining nazorati ostida olib borilishi zarur.

12. Maktabgacha ta'lim muassasasining tarbiyachilari va boshqa mutaxassislari tomonidan ish vaqti davomida bolalarni qarovsiz qoldirish taqiqlanadi. Tarbiyachi yoki boshqa mutaxassislar 
bo`lmaganda tegishli guruhga mudira tomonidan boshqa javobgar shaxs tayinlanishi lozim.

13. Maktabgacha ta'lim muassasasi hududiga shaxsini tasdiqlovchi hujjati bo`lmagan kishilarning  kiritilishi taqiqlanadi.                                                            
III. MAKTABGACHA TA`LIM MUASSASASIGA BOLALARNI OLIB KELISH VA OLIB KETISH QOIDALARI

14. Ota-onalar yoki ularning o`rnini bosuvchi shaxslar o`z bolalarini maktabgacha ta'lim muassasasiga olib kelganda tarbiyachining shaxsan o`ziga topshirishi, shuningdek bolani maktabgacha ta'lim muassasasidan olib ketish vaqtida tarbiyachilar bolani shaxsan ota-onalarga yoki ularning o`rnini bosuvchi shaxslarga topshirishi shart.

15. Bolalarning maktabgacha ta'lim muassasasidan yaqin qarindoshlari tomonidan olib ketilishiga yo`l qo`yiladi. Bunda bolalarni olib ketuvchi shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari ko`rsatilishi lozim.Maktabgacha ta'lim muassasasidan bolalarning boshlang`ich maktab yoshidagi (1 - 4-sinflar) hamda mast holatdagi shaxslar tomonidan olib ketilishi man etiladi.

16. Ota-onalar yoki ularning o`rnini bosuvchi shaxslar o`z bolasini maktabgacha ta'lim muassasasidan olib ketishga kelmay qolganda, tarbiyachi ish vaqtidan so`ng bolani uyiga kuzatib qo`yishi lozim. Bunday vaqtda tarbiyachi tomonidan bolani bir o`zini guruhda yolg`iz qoldirish yoki boshqa xodimlarga tashlab ketishi qat'iyan taqiqlanadi.

17. Tarbiyachi tomonidan bolani uyiga kuzatib borish bilan bog`liq bo`lgan xarajatlar bolaning ota-onasi yoki ularning o`rnini bosuvchi shaxslari tomonidan qoplanadi.
                                                            
 IV. MAKTABGACHA TA`LIM MUASSASASI BINOLARIDA XAVFSIZLIKNI TAShKIL ETISHGA OID TALABLAR
18. Maktabgacha ta'lim muassasasining ikki qavatli binolarida joylashgan xonalarning zinapoya va o`tish joylarida oralig`i bir-biriga zich bo`lgan vertikal panjaralar bilan jihozlangan baland to`siqlar o`rnatilishi lozim.

19. Maktabgacha ta'lim muassasasining ikkinchi qavatidagi balkon to`siqlarining balandligi bir metrdan ortiq bo`lishi kerak. 

20. Guruh va foydalanilayotgan xonalardagi barcha derazalar ichkariga ochilishi va fiksatorlar bilan mustahkamlanishi lozim, ochiladigan derazalarda to`rlar bo`lishi kerak. Ikkinchi qavat derazalarini bolalar xonada bo`lgan vaqtda ochish man etiladi.

21. Maktabgacha ta'lim muassasasiga kirishdagi eshiklarga qo`ng`iroq o`rnatilgan bo`lishi hamda oson ochiladigan bo`lishi kerak.

22. Maktabgacha ta'lim muassasasidagi shift panellari, bloklar, pollar, yuvinish xonalaridagi santexnik jihozlar va shu kabilar muntazam ravishda texnik ko`rikdan o`tkazib turilishi lozim.

23. Maktabgacha ta'lim muassasasida vodoprovod va kanalizasiya tizimlari, mebel, jismoniy tarbiya jihozlari, deraza darchalari va framugalarning mustahkamligi hamda sozligi doimiy nazorat qilinishi kerak.

24. Bolalarning o`yinchoqlari uchun mo`ljallangan shkaflar, xo`jalik shkaflari, sochiq va kiyimlar uchun ilgichlar, rasm va portretlar devor yoki polga mustahkam qoqilgan holda bo`lishi kerak.

25. Gullar uchun ishlatiladigan moslamalar mustahkam o`rnatilgan bo`lishi kerak. Xona gullari tikansiz bo`lib, barglari inson organizmi uchun bezarar bo`lishi kerak.


                                                         
V. MAKTABGAChA TA`LIM MUASSASASIDA YONG`IN XAVFSIZLIGINI TASHKIL ETIShGA OID TALABLAR

26. Maktabgacha ta'lim muassasasi ma'muriyati barcha turdagi yong`in xavfsizligi bo`yicha tadbirlarni o`tkazish va har haftada ko`ngilli yong`in drujinasi xodimlari ishtirokida yong`in chiqqanda harakatlanish tartibini o`rganish bo`yicha mashg`ulotlarni tashkil etish yo`li bilan xodimlarning yong`in va elektr xavfsizligi qoidalarini o`zlashtirishlarini tashkil etishlari lozim.

27. Har bir maktabgacha ta'lim muassasasi yong`in xavfsizligi jihozlari bilan ta'minlanishi kerak. Maktabgacha ta'lim muassasasining mudiri binoni zarur bo`lgan ish holatidagi birlamchi o`t o`chirish vositalari bilan yetarli miqdorda ta'minlashi kerak.

28. Maktabgacha ta'lim muassasasining har bir xodimi quyidagilarga majbur:
a) yong`in xavfsizligi qoidalarini bilishga va ularga qat'iy rioya qilishga;
b) birlamchi o`t o`chirish vositalari joylashgan joyni va ularni qo`llashni bilishga;
v) bolalar va mulkni evakuasiya qilish rejasi bo`yicha o`zining funksional vazifalarini va 
harakatlanish tartibini bilishga (evakuasiya rejasi har bir qavatning ko`rinarli joyiga ilinadi);
g) yong`in yuzaga kelganda, bu haqda o`z vaqtida yong`in xavfsizligi xizmatiga xabar berishi va yong`inni o`chirish, bolalarni qutqarish bo`yicha barcha choralarni qo`llashga;
d) evakuasiya rejasi asosida muntazam ravishda yong`in holatlari yuzaga kelganda, bolalarni binodan evakuasiya qilish bo`yicha mashg`ulotlarni o`tkazib borishga;
e) yong`in chiqqanda bolalar va xodimlarning evakuasiyasi ikki yo`l orqali amalga oshirilishini bilishga.

29. Maktabgacha ta'lim muassasasida ish vaqti tugaganidan so`ng yong`in chiqishining oldini olish maqsadida barcha elektr jihozlari tok manbaidan o`chirilishi lozim.

30. Elektr simlari izolyasiyalangan va elektr jihozlari bolalar qo`li yetmaydigan joyda bo`lishi lozim. Maktabgacha ta'lim muassasasidagi elektr jihozlari iste'molchi elektr moslamalardan foydalanishdagi texnika xavfsizligi talablariga javob berishi kerak.

31. Pechka orqali isitiladigan maktabgacha ta'lim muassasasi ularni yoqish bolalar kelishidan bir soat oldin, kechayu kunduz ishlaydigan maktabgacha ta'lim muassasasida esa bolalar kechki uyquga ketishidan ikki soat oldin o`chirilishi kerak.

32. O`yin va boshqa xonalardagi markaziy isitish radiatorlari tozalash uchun ochiladigan va echiladigan ekranlar bilan to`silgan bo`lishi kerak.

33. Tungi vaqtda navbatchilik qiluvchi xodimlarda har bir xonaning zaxira kalitlari saqlanishi va ular fonarlar bilan ta'minlangan bo`lishi kerak. 

34. Maktabgacha ta'lim muassasasi atrofidagi yo`llarda o`t o`chiruvchi mashinalarning kirishiga to`sqinlik qilishi mumkin bo`lgan to`siqlar mavjud bo`lmasligi lozim.

35. Tungi guruhi bo`lgan maktabgacha ta'lim muassasasidagi navbatchi va tungi tarbiyachi har kuni kechqurun 20:00 gacha yong`in xavfsizligi idoralariga maktabgacha ta'lim muassasasidagi mavjud bolalar va xodimlar soni haqida o`rnatilgan tartibda axborot berishi shart. 


                                                           
  VI. HUDUD XAVFSIZLIGIGA BO`LGAN TALABLAR

36. Maktabgacha ta'lim muassasasi yer maydoni balandligi 1,5 metrdan past bo`lmagan, to`g`ri vertikal va o`tkir uchlarisiz hamda oralig`i zich bo`lgan panjaralar bilan o`ralgan bo`lishi kerak.Maktabgacha ta'lim muassasasi hududi tungi vaqtda yoritilgan bo`lishi kerak.

37. Jismoniy tarbiya mashg`ulotlari va o`yin maydonchalaridagi jihozlar hamda ularning to`siq va ustunlari mustahkam o`rnatilgan bo`lishi, shuningdek foydalanish uchun xavfsiz bo`lishi kerak. Pavilonlar, soyabonlar va boshqa jihozlarning sozligi, texnik mustahkamligi va xavfsizligi muntazam ravishda nazorat qilinishi kerak.

38. Maktabgacha ta'lim muassasasi hududiga inson sog`lig`iga zarar yetkazishi mumkin bo`lgan tikanakli butalar hamda zaharli mevali o`simliklarni ekish man etiladi.

39. Qish mavsumida maktabgacha ta'lim muassasasi hududidagi bino tomlari muz va qordan tozalanishi kerak, tomda osilgan muz va qorlar hosil bo`lishiga yo`l qo`ymaslik kerak.

40. Chuqurliklar to`ldirilishi, quduqlar va chiqindi qutilari mahkam yopilishi kerak. Hududda bolaga xavf tug`diruvchi (mixi chiqib turgan qutilar, uzilgan elektr simlari, singan oyna, tosh va hokazolar) narsalar bo`lmasligi kerak. Qurigan daraxt va shox-shabbalar muassasa hududidan vaqtida chiqarib tashlanishi kerak.

41. Maktabgacha ta'lim muassasasi hududi yong`in xavfsizligi me'yor va qoidalari talablariga muvofiq yong`inga qarshi vositalar bilan ta'minlangan o`t o`chirish qalqonlari bilan jihozlanishi kerak.

42. Xo`jalik maydoni maktabgacha ta'lim muassasasining asosiy xududidan ajratilgan bo`lishi va alohida qulflanadigan kirish yo`lagiga ega bo`lishi kerak.

43. Yoqilg`i zaxiralari bola kira olmaydigan va alohida ajratilgan joyda saqlanishi lozim. Ko`mir zaxirasi alohida ajratilgan joyda va usti yonmaydigan qoplama (tuproqli qorishma) bilan yopilgan bo`lib, birlamchi o`t o`chirish moslamalari bilan ta'minlangan bo`lishi kerak.

                                                                   
         VII. YAKUNIY QOIDALAR
44. Mazkur Nizom talablarini buzgan shaxslar qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

45. Mazkur Nizom O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Davlat arxitektura va qurilish qo`mitasi bilan kelishilgan.


                                                                                                                                                                                       "O`zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to`plami", 2009 yil, 19-20-son, 245-modda.




Maqola sanasi:
  



Bolalar musiqa va san'at maktablari

 Copyright © 2012
O'zbekiston Respublikasi
Xalq ta'limi vazirligi