Ziyonet
 
Kitob.uz
 

 
 
  ME'YORIY HUJJATLAR // Xalq ta'limi vazirligi me'yoriy hujjatlari // Xalq talimi vazirligi faoliyatini takomillashtirish to`g`risida  
 
O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI
VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
05.08.2004 y.
N 372
 
O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI XALQ
TALIMI VAZIRLIGI FAOLIYATINI
TAKOMILLASHTIRISH TO`G`RISIDA

 
Mazkur Qarorga quyidagilarga muvofiq o`zgartirishlar kiritilgan
O`zR VM 29.08.2004 y. 410-son Qarori,
O`zR VM 02.10.2006 y. 207-son Qarori
 
Uzluksiz ta'lim tizimining muhim bo`g`ini - maktabgacha va o`rta umumiy ta'limni to`la ko`lamli rivojlantirish, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, 2004-2009 yillarda maktab ta'limini rivojlantirishning Davlat umummilliy dasturi o`z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta'minlash maqsadida hamda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining "Respublika davlat boshqaruvi organlari tizimini takomillashtirish to`g`risida" 2003 yil   9 dekabrdagi PF-3358-son Farmonini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi QAROR QILADI:
 
1. Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va 2004-2009 yillarda maktab ta'limini rivojlantirishning Davlat umummilliy dasturining asosiy prinsiplari va ustuvor yo`nalishlarini amalga oshirish O`zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi faoliyatining muhim maqsadli vazifasi 
deb hisoblansin.
   Quyidagilar O`zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligining asosiy vazifalari va faoliyati yo`nalishlari etib belgilansin:
  maktabgacha, umumiy o`rta va maktabdan tashqari ta'lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish, pedagog kadrlarning, ayniqsa boshlang`ich sinflar o`qituvchilarining malakasini va kasb darajasini oshirish;
   umumiy o`rta ta'limning Davlat ta'lim standartlarini, har tomonlama rivojlangan va mustaqil fikrlashga qodir bo`lgan shaxsni shakllantirish uchun shart-sharoitlarni ta'minlaydigan maktabgacha va maktabdan tashqari ta'limga qo`yiladigan talablarni takomillashtirish;
   o`quv-tarbiya jarayoniga o`qitishning zamonaviy ilg`or shakllarini, yangi pedagogik va axborot texnologiyalarini, ma'naviy-ma'rifiy tarbiyalashning samarali shakllari va usullarini joriy etish, tinchlik va barqarorlikni ta'minlashga, mamlakatning taraqqiyoti va xalq farovonligini oshirishga qaratilgan milliy mustaqillik g`oyalarini amalga oshirish;
   idoraviy bo`ysunushidan va muklchilik shakllaridan qat'i nazar maktabgacha, umumiy o`rta va maktabdan tashqari ta'lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish va ularga metodik rahbarlik qilish;
   maktabgacha, umumiy o`rta va maktabdan tashqari ta'lim uchun o`quv va o`quv- metodik adabiyotlarning yangi avlodlari yaratilishi va nashr etilishini tashkil etish;
   idoraviy mansub ta'lim muassasalarida moddiy-texnik shart-sharoitlarning yanada mustahkamlanishini ta'minlaydigan normativ baza yaratish, jamiyat va davlatt manfaatlarini qoniqtiradigan ta'lim sifati va mazmunini oshirish;
   tizimli asosda pedagog kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashni tashkil etish, jamiyatda ta'lim xodimlarining ijtimoiy maqomini oshirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish.
 
2. Quyidagilar:
   O`zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligining tashkiliy tuzilmasi va uning xodimlarning cheklangan umumiy soni 81 nafar, shu jumladan boshqaruv xodimlari 61 nafar bo`lgan markaziy apparati tuzilmasi 1 va 2-ilovalarga muvofiq;
   Qoraqalpog`iston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Toshkent shahar xalq ta'limi bosh boshqarmasining tuzilmasi, viloyatlar xalq ta'limi boshqarmalari va tumanlar (shaharlar) xalq ta'limi bo`limlarining namunaviy tuzilmasi 3-6-ilovalarga muvofiq;
   O`zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi to`g`risidagi nizom 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
  O`zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vaziriga, zarurat bo`lganda, vazirlik markaziy apparati tuzilmasiga xodimlarning belgilangan cheklangan umumiy soni doirasida o`zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
 
3. O`zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi Davlat test markazi bilan birgalikda:
    bir oy muddatda Xalq ta'limi tizimi organlari va o`quv yurtlarining rahbar va pedagog kadrlari attestasiyasi to`g`risidagi nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda ro`yxatdan o`tkazsin.
  2005 yil 1 yanvargacha bo`lgan muddatda xalq ta'limini boshqarish hududiy organlarining rahbar kadrlarini, pedagogika institutlarining rahbarlari va professor-o`qituvchilar tarkibini, shuningdek umumta'lim maktablari rahbarlarini attestasiyadan o`tkazsin.
 
4. O`zbekiston Respublikasi Hukumatining 8-ilovaga muvofiq qarorlari o`z kuchini yo`qotgan deb hisoblansin, shuningdek ularning ayrimlariga o`zgartirishlar kiritilsin.
 
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari A.A. Azizxo`jaev zimmasiga yuklansin.
 
Vazirlar Mahkamasining Raisi                                                                                                                                                                                                                                               I. Karimov
                         




Maqola sanasi:
  



Bolalar musiqa va san'at maktablari

 Copyright © 2012
O'zbekiston Respublikasi
Xalq ta'limi vazirligi