Ziyonet
 
Kitob.uz
 

 
 
  ME'YORIY HUJJATLAR // O`zR VM Talim to`g`risidagi Qarorlari // O`z R VM 410-son 2004 yil 29 avgustdagi Qarori 
 

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI

29 avgust 2004 yil 410-son

O‘zbekiston Respublikasi Xalq Ta’limi Vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" 2004 yil 29 avgustdagi PF-3481-son Farmonini bajarish yuzasidan hamda jismoniy va ma’naviy sog‘lom yosh avlodni tarbiyalash uchun shart-sharoitlar yaratish, bolalarni sport bilan muntazam shug‘ullanishga jalb etish, shuningdek sport inshootlaridan samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi QAROR QILADI:

1. Bolalar sportini rivojlantirish va ayniqsa qishloq joylarda o‘quvchi yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan faol shug‘ullanishga ommaviy jalb etish umumiy o‘rta ta’lim tizimini takomillashtirishning muhim vazifasi, 2004-2009 yillarda Maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturining ajralmas qismi deb hisoblansin.

2. Quyidagilar:
          O
‘zR VM 02.10.2006 y. 207-son Qaroriga muvofiq 2 bandning ikkinchi xat boshi o‘z kuchini yo‘qotgan
          O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining xodimlarining cheklangan umumiy soni 80 nafardan, shu jumladan boshqaruv xodimlari soni 60 nafardan iborat bo‘lgan markaziy apparati tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq; (O‘zR VM 07.06.2006 y. 110-son Qarori taxriridagi xat boshi),
          O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining tashkiliy tuzilmasi, Jamg‘arma markaziy ijro etuvchi apparati va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi mintaqaviy filiallari tuzilmasi va shtatdagi xodimlari soni 3-5-ilovalarga muvofiq;
          O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Belgilansinki, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining ijro etuvchi direktori ayni bir vaqtda lavozimiga ko‘ra Xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari hisoblanadi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadi.

4. Quyidagilar:
            Jamg‘armaning Homiylik kengashi va Jamg‘armaning mintaqaviy filiallari homiylik kengashlari, ularga yuklangan vazifalar va vakolatlar saqlab qolinsin, bolalar sportini yanada rivojlantirish chora-tadbirlarini davlat siyosati darajasida amalga oshirish, ushbu maqsadga erishish uchun davlat tuzilmalari bilan bir qatorda xo‘jalik yurituvchi subyektlar, nodavlat va jamoat tashkilotlarining, xalqaro moliyaviy tashkilotlar va xorijiy homiylarning mablag‘larini jalb etish uning asosiy maqsadi etib belgilansin;
            bolalar sportini rivojlantirish ishida ilgari Jamg‘arma Homiylik kengashining qarorlari bilan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Davlat jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi, "O‘zbekengilsanoat" davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, "Mahalla" jamg‘armasiga va boshqa tuzilmalarga yuklangan vazifalar va vakolatlar saqlanib qolsin.

5. Belgilansinki:
            Jamg‘armaning shaharlar va tumanlardagi mintaqaviy filiallari vakillari faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladi va o‘z faoliyatida tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlariga hisobot beradi;
            bolalar sport inshootlarini qurish va ularni rekonstruksiya qilish dasturlari, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining qabul qilingan qarorlari amalga oshirilishi ustidan nazorat qilish Jamg‘arma mintaqaviy filiallari vakillarining asosiy vazifasi hisoblanadi.

6. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi bilan birgalikda bir oy muddatda 2004-2009 yillarda Maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturi amalga oshirilishining muhim tarkibiy qismi sifatida Bolalar sportini rivojlantirish masalalari bo‘yicha muvofiqlashtirilgan ishlar dasturini ishlab chiqsin.
            Bolalar sportini rivojlantirish dasturi va 2004-2009 yillarda Maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturining o‘zaro bog‘liqligi bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish masalalari O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining Maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy asturi amalga oshirilishi monitoringi boshqarmasining bolalar sportini rivojlantirish bo‘limiga yuklansin.

7. Belgilab qo‘yilsinki:
            Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga yangidan qurish va rekonstruksiya qilish yo‘li bilan tiklanayotgan bolalar sporti obyektlari foydalanish uchun tuman (shahar) hokimiyat va boshqaruv organlari balansiga beriladi;
            Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga qurilishi tugallangan va rekonstruksiya qilingan bolalar sporti obyektlarini qabul qilib olish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "2004-2009 yillarda Maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" 2004 yil 9 iyuldagi 321-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi;
            bolalar sporti inshootlarining samarali faoliyat ko‘rsatishi, ular quvvatlaridan eng to‘liq foydalanilishini ta’minlash, samarali faoliyatni tashkil etish va sport seksiyalarini metodik ta’minlash, ularni malakali sport murabbiylari bilan ta’minlash uchun mas’uliyat tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlariga yuklanadi.

8. Moliyalashtirish manbalaridan qat’i nazar, bolalar sporti inshootlarini namunaviy loyihalar qo‘llanilmasdan hamda tasdiqlangan qurilish normalari va standartlariga muvofiq bo‘lmagan holda qurish va rekonstruksiya qilish qat’iyan taqiqlansin.
            O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi:
            bolalar sporti obyektlari qurish va ularni rekonstruksiya qilishga tanlov pudrat tender savdolari o‘z vaqtida o‘tkazilishi va puxta tashkil etilishini ta’minlasin;
            bolalar sporti inshootlari qurish va ularni rekonstruksiya qilish ishlarini bajarishda namunaviy loyihalar va tasdiqlangan qurilish qoidalariga rioya etilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatsin. Bunda qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan bolalar sporti inshootlari xavfsizligi hamda keyinchalik ulardan foydalanish jarayonida xavfsizlik talablariga rioya etilishiga alohida e’tibor qaratilsin;
            mahalliy homiylarning mablag‘lari hisobiga yangidan qurilayotgan obyektlar va rekonstruksiya qilinayotgan bolalar sporti obyektlari ustidan texnik nazorat qilish amaliyotini joriy etsin.

9. Quyidagilar:
            Vazirlar Mahkamasining "O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida" 2002 yil 31 oktabrdagi 374-son qaroriga 3-6-ilovalar (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2002 y., 10-son, 63-modda);
            Vazirlar Mahkamasining "O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida" 2004 yil 5 avgustdagi 372-son qaroriga 1 va 2-ilovalar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri SH.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
 

Vazirlar Mahkamasining Raisi                             I. Karimov



Maqola sanasi:
  



Bolalar musiqa va san'at maktablari

 Copyright © 2012
O'zbekiston Respublikasi
Xalq ta'limi vazirligi