O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI
PREZIDENTINING
QARORI
25.11.2005 y.
N PQ-227
XALQ TA`LIMI XODIMLARI
MEHNATIGA HAQ TO`LASH TIZIMINI
TAKOMILLASHTIRISH VA UNI MODDIY
RAG`BATLANTIRISHNI KUCHAYTIRISH
CHORA-TADBIRLARI TO`G`RISIDA
Mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki kunlaridan boshlab o`qituvchilik kasbining ahamiyati va nufuzini yuqori ko`tarish bo`yicha aniq maqsadga qaratilgan ishlar izchillik bilan ro`yobga chiqarilmoqda, pedagoglarning moddiy turmush sharoitlarini yaxshilashga yo`naltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. O`qituvchilarning mas'uliyatli mehnati va ularga g`amxo`rlik ko`rsatish hamisha davlatning diqqat markazida turadi. Keyingi yillarda xalq ta'limi tizimi xodimlarining ish haqi miqdorlari bir necha marta oshirildi. O`qituvchilarga alohida ustama haqlar joriy etilishi va ta'lim standartlari talablariga muvofiq pedagoglarning ish yuklamalari maqbullashtirilgani xalq ta'limi sohasiga yosh mutaxassislar kelib qo`shilishiga imkoniyat yaratdi.
Shu bilan birga, o`qituvchilar mehnatini rag`batlantirishning amaldagi tizimi maktab ta'limining zaif bo`g`ini bo`lib qolmoqdaki, bunda pedagoglarning iste'dodi, kasb mahorati hamon ular mehnatiga haq to`lashning eng muhim belgilovchi ko`rsatkichi bo`lib qolgani yo`q. Amaldagi tarif stavkalari darajasi pastligi, ustama haqlarni belgilashning aniq va oshkora mexanizmi yo`qligi o`qituvchilarning shaxsiy hissasi namoyon bo`lmasligiga va maktablarning pedagogik salohiyatini pasaytirishga olib kelmoqda.
O`qituvchilar mehnatiga haq to`lash tizimini yanada takomillashtirish, iste'dodli, o`z kasbiga sodiq umumta'lim muassasalari xodimlarini moddiy rag`batlantirish va mehnatiga haq to`lashning sifat jihatidan yangi mexanizmini joriy etish, o`sib kelayotgan avlodni uyg`un kamol toptirish jarayonida ularning mas'uliyatini kuchaytirish va shaxsiy hissasini oshirish maqsadida:
-
Quyidagilar pedagog xodimlar mehnatiga haq to`lash takomillashtirilgan tizimining bosh vazifalari etib belgilansin:
o`z kasbiga sadoqat va tashabbuskorlik, yuksak kasb mahoratini namoyon etayotgan, ta'lim-tarbiya jarayoniga katta shaxsiy hissa qo`shayotgan talantli pedagoglar rag`batlantirilishini nazarda tutuvchi xalq ta'limi o`qituvchilari va boshqa xodimlarining hissasi munosib baholanishini ta'minlash;
amaldagi ish haqi darajasini saqlab qolishgagina emas, balki eng muhimi - uning o`sishini ta'minlashni hisobga olgan holda mehnatga haq to`lashning xolis va oshkora mexanizmini joriy etish, amaldagi ustamalar va qo`shimcha haqni unifikasiyalash;
umumta'lim muassasalari pedagog xodimlarining kasb faoliyatiga talab oshganligidan kelib chiqib, ular mehnatini moddiy rag`batlantirishni tabaqalashtirish;
maktablarning mustaqilligini yanada oshirish hamda direktorlar va o`qituvchilar jamoasining o`qituvchilar mehnatini xolisona baholash va rag`batlantirish bilan bog`liq ishlarda qatnashish huquqlarini kengaytirish.
-
O`zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Moliya vazirligining:
2006 yil 1 yanvardan boshlab xalq ta'limi muassasalari xodimlarining malaka toifalari va lavozimlari bo`yicha bazaviy tarif stavkalarini belgilagan holda xalq ta'limi muassasalari pedagoglari va rahbar xodimlari mehnatiga haq to`lashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish;
o`qituvchilarga tarbiyaviy va sinfdan tashqari ishlarni bajarganlik, kasb mahorati va o`quv jarayoniga qo`shgan aniq hissasi, yuqori natijalar va ta'lim sifati uchun bazaviy stavkalarga ustama haq, shuningdek ushbu muassasalarning xodimlariga bir marta beriladigan mukofotlar va moddiy yordam berish uchun Umumta'lim muassasalarining o`rnak ko`rsatgan xodimlarini rag`batlantirishning direktor jamg`armasini tashkil etish;
qonun hujjatlarida belgilangan ustamalarni, shuningdek mukofotlar va moddiy yordam berish uchun umumta'lim muassasalaridan tashqari Maktabgacha, maktabdan tashqari va xalq ta'limi boshqa muassasalari xodimlarini moddiy rag`batlantirish jamg`armasini saqlab qolish to`g`risidagi taklifiga rozilik berilsin.
O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining umumta'lim muassasalari xodimlarining mehnat haqini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarini amalga oshirish hisobidan ularning ish haqi kelgusi yilda barcha haq to`lash manbalari hisobiga (har yilgi indeksasiyalar bu hisobga kirmaydi) o`rta hisobda 1,3 baravar oshirilishi ma'lumot uchun qabul qilinsin.
-
Belgilansinki, Umumta'lim muassasalarining o`rnak ko`rsatgan xodimlarini rag`batlantirishning direktor jamg`armasi mablag`larini tasarruf etish har bir umumta'lim muassasasi - maktabda, tegishli muassasa rahbari boshchiligida hamda pedagoglar va ota-onalar jamoatchiligi vakillari ishtirokida tashkil etiladigan maxsus komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi.
-
2006 yil 1 yanvardan boshlab umumta'lim muassasalari direktorlari hamda direktorlarning o`quv va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosarlarining ish haqi miqdori o`rtacha 1,4 baravar ko`paytirilsin.
-
O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2006 yilgi Davlat byudjeti doirasida xalq ta'limi xodimlari mehnatiga haq to`lashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish hamda umumta'lim muassasalari direktorlari va direktor o`rinbosarlarining ish haqini ko`paytirish bilan bog`liq xarajatlar o`z vaqtida va to`liq moliyalashtirilishini ta'minlasin.
-
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu qarorda belgilangan vazifalarni amalga oshirish muhimligini nazarda tutgan holda:
o`z majlisida xalq ta'limi xodimlari mehnatiga haq to`lashning takomillashtirilgan tizimini, Xalq ta'limi xodimlari mehnatiga haq to`lash, Umumta'lim muassasalarining o`rnak ko`rsatgan xodimlarini rag`batlantirishning direktor jamg`armasi to`g`risidagi nizomlarni tasdiqlasin;
xalq ta'limi xodimlari mehnatiga haq to`lash tizimini takomillashtirish bilan bog`liq chora-tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan qat'iy monitoring o`rnatsin va uning natijalarini har chorakda o`z majlislarida muhokama qilsin.
-
O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Qarordan kelib chiqadigan o`zgartish va qo`shimchalar to`g`risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
-
Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.Mirziyoev zimmasiga yuklansin.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimov
Maqola sanasi: