Gulnoza esini tanibdiki otasi Said aka, onasi Muzayyam opalar, ammalari Xayriniso, Nigora, Tursunoy opalar muallimlik qilishadi. Bolaligidan shu kasb egalari orasida o`sganimi yoki o`zi o`qigan maktab fransuz tiliga ixtisoslashgani boismi, fransuz tili o`qituvchisi bo`lishga jazm etdi. 1997 yilda hozirda o`zi dars berayotgan 62-IUo`TMIni ilk qaldirg`ochlari qatorida tugatdi. o`sha yilgi 16 nafar bitiruvchilarning 5 nafari respublikamizdagi turli oliy o`quv yurtlarining fransuz filologiyasi fakulteti talabasi bo`lishdi. Gulnoza ham ularning biri sifatida BuxDUning fransuz filologiyasi fakultetiga o`qishga kirib, uni a'lo baholarga tugatdi. Yana o`zi o`qigan qadrdon maskanida muallimlik qila boshladi. Ustozlari unga qanday dars berib, qanday tartib-intizomga o`rgatishgan bo`lsa, u ham shularga amal qildi. o`quvchilariga bor kuch, imkoniyatlaridan foydalanib dars o`tdi. Bilmaganlarini ustozlaridan so`rab o`rgandi.
"Qush tilini qush biladi", deydi dono xalqimiz. Bilimdon, chaqqon va mehribon muallimani bilimga tashna, iqtidorli o`quvchilar ham yaxshi kutib olishdi. Bahs-munozaralarda kechgan mashg`ulotlardan keyingi soatlardagi do`stona suhbatlar ularni yanada yaqinlashtirdi.
- Bizda aniq ish soati yo`q, - deydi muallima biz bilan suhbatda, - ertalab 7.30 da boshlangan saboqlarimiz ko`pincha kechqurungi 10-11 larda tugaydi. Axir maktablarida iqtidorli deya tavsiya etilgan o`quvchilarning yagona orzu-umidlari fanlarni chuqur o`zlashtirib, kelgusida o`zlari orzu
qilgan oliy dargoh talabasi bo`lish. Bu esa oson emas. Donolarimiz "Sen ilmga butkul o`zingni bermaguningcha ilm senga biror qirrasini-da ochmaydi" deya bejiz aytishmagan. Barcha bolalarga xos o`yinqaroqliklarini yengib, ilmning qiyin va mashaqqatli so`qmoqlaridan cho`qqilar tomon borish o`quvchi va o`qituvchidan ko`p narsalarni talab qiladi. Ular ko`pda charchashadi, zerikishadi. Ana shunday paytlarda biz ularga yordamga kelamiz. Turli tadbirlar, kechalar, suhbatlar uyushtiramiz. Bunday tadbirlar ularning charchog`ini, toliqishini yo`qotadi, yangi kuch-g`ayrat bag`ishlaydi. Ammo bunday kezlarda ham ilm olishni birinchi maqsad qilib qo`yamiz. Muloqotlarimizni ko`pincha fransuz tilida olib borishga harakat qilaman.
Ustozlari haqida shogirdlari ham iliq fikrlar bildirishdi.
- Biz Gulnoza Rahmonovani faqat ustoz deb emas, balki yaxshi do`st, sirdosh opa ham deb bilamiz, - deydi internatning 9-sinf o`quvchisi Shohida Sattorova. - Chunki Gulnoza opamiz biz uchun vaqtlarini ayamaydilar. Tushunmaganlarimizni tushuntiradilar. Interna-timizning xotin-qizlar kengashi raisi sifatida bizga yurish-turish, kiyinish odobi haqida ham yaxshi fazilatlarni o`rgatib boradilar.
- Bir ustoz, hamkasb sifatida Gulnozadagi o`z kasbiga fidoyilik, tirishqoqlik va mehnatsevarlikni juda hurmat qilaman, - deydi internatning tajribali o`qituvchilaridan biri Ozoda Rahmonova. - Gulnoza faqat yaxshi muallimgina bo`lib qolmay, balki o`z hamkasblarini o`zining mazali taomlari, shirin va sifatli tortlari bilan ham maftun etib kelyapti. Shuningdek, BuxDUning fransuz filologiyasidan tajriba o`tash uchun ilm dargohimizga kelayotgan talabalar ham Gulnozadan mamnun.
Ha, Gulnoza haqida biz suhbatda bo`lgan o`qituvchilar, o`quvchilarning barchasi yaxshi gaplar aytishdi. To`g`risi, atigi besh yillik pedagogik faoliyati davomida bunchalar hurmat-e'tiborga sazovor bo`lgan
muallimaga o`zimning ham havasim keldi. Ba'zida 20-30 yillab faoliyat ko`rsatgan o`qituvchidan maktabda biror yaxshi iz qolmaydi. Uning bor-yo`qligi jamoada bilinmaydi. Shunchaki darslarni naridan beri o`tib, dars tugashi bilan sumkasini qo`ltiqlab uyi tomon oshiqadigan yoki bilimli bo`lsa-da "men repititorman, har bir soatlik darsim falon pul turadi" deydigan, o`z manfaatidan boshqa narsani bilmaydigan, ezguligu yoshlarga mehr-muhabbat ulashish baxtidan uzoq muallimlar ham oramizda yo`q emas. Gulnoza esa bunday qusurlardan xoli. Xo`sh, u bunday fazilatlarni qaerdan oldi, ularga qanday erishdi? Buni Gulnozaning o`zidan so`raganimizda "Nimagadir erishib, nimalarnidir o`quvchilarimga qaytarayotgan bo`lsam, ularni bir paytlari shu dargohdagi ustozlarimdan, jamoadan olganman, berayotganimdan ko`ra qarzlarim hali ko`p", dedi qisqagina qilib... Keling, yosh muallima mehnat qilayotgan jamoaning muvaffaqiyatlari borasida ham ozgina to`xtalaylik.
Fransuz tili, matematika, iqtisod, tarix fanlarini chuqur o`rgatishga yo`naltirilgan bu internat G`ijduvon tumanining Gajdumak qishlog`idagi 62-IUo`TMI deya nomlanadi. 1996 yili tashkil topgan internatga 6-9-sinflar fransuz tili darsliklari muallifi, 2002 yili Fransiya Respublikasining "Palm Akademik" davlat ordeni, 2003 yili O`zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga asosan "Shuhrat" medali bilan taqdirlangan Said Rahmonov direktorlik qiladi. Bugun internatda 245 nafar o`quvchiga 23 nafar mohir pedagoglar dars berishyapti. Internat tashkil topgan yillardan beri o`quvchilari fan olimpiadalarining tuman, viloyat va respublika bosqichlarida muvaffaqiyatli qatnashib, sovrinli o`rinlarni egallab kelishyapti. Ilm dargohi Fransiyaning mamlakatimizdagi elchixonasi e'tiboriga tushganligi bois, keyingi besh yil ichida 7 nafar fransiyalik mutaxassislar ko`ngilli bo`lib ishlab ketishgan. O`zbekistonga tashrif buyurgan bir guruh fransiyalik senatorlar ham ilm dargohida bo`lishgan.
Maktab-internat rahbariyati Shveytsariyaning O`zbekistondagi elchixonasi bilan ham o`zaro hamkorlikni yo`lga qo`ygan. Natijada Jenevadagi oliy o`quv yurtlarida yosh o`qituvchilarning malaka oshirib qaytishlari ta'minlandi. Keyingi 5 yil ichida maktabning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun otaliq tashkilotlar yordamida qo`shimcha mablag` topish hisobidan 206 million so`m, chet el investisiyalari orqali esa 52 million so`m topildi. Byudjetdan tashqari topilgan mablag` hisobidan 56 o`rinli yotoqxona, 165 o`rinli oshxona, yuvinish xonasi, omborxona qurib, foydalanishga topshirildi. Maktab ta'limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturini bajarish maqsadida Fransiyadagi "Perro" kompaniyasining 1,5 million AQSh dollari miqdoridagi grantini shuningdek, Shveysariya davlatining 5 million so`mlik grantini olishga muvaffaq bo`lishdi.
Ha, Gulnoza ana shunday zamon bilan hamqadam ahil va bilimdon jamoada kamol topayapti. U erishayotgan muvaffaqiyatlar esa ilk debochadir. hali u pedagogika sohasida ko`p yutuqlarga, zafarlarga erishadi.
Maqola sanasi: