Ziyonet
 
Kitob.uz
 

 
 
  PEDAGOGIKA VA ILM // Yil o`qituvchilari - 2006 // BARKAMOL AVLOD TARBIYACHISI 
 
Asakalik muallima Tillaxon Qo`zievani viloyatda ko`pchilik yaxshi taniydi. 25 yillik mehnat faoliyati davomida ko`plab nufuzli ko`rik-tanlovlar, bellashuvlar, o`qituvchilar anjumanlarida sovrinli o`rinlarni egallagan Tillaxon qo`zieva mehribon ona, oqila uy bekasi hamdir.
Albatta, bu kabi bekamu ko`st muallima bo`lish, ko`pchilikning e'tiboriga faqat yaxshi inson, mehribon murabbiy bo`lib tushishning o`zi bo`lmaydi. Buning zamirida mashaqqatli mehnat, tinimsiz izlanishlar mahsuli yotadi. Tillaxon Qo`zieva bilan u ishlayotgan Asaka tumanidagi 11-maktabda u "Yilning eng yaxshi fan o`qituvchisi" ko`rik-tanlovining respublika bosqichida g`oliblikni egallagan xushnud kunlarda uchrashdik.
Shu onda hamkasblar, qadrdonlar, shogirdu o`quvchilar qutlovlaridan ko`ngli olam qadar quvonchga to`lgan muallimadan baxtliroq inson yo`q edi nazarimda.
- Bilasizmi, - deya gap boshladi Tillaxon, - ilk daf'a sinfga kirib, o`quvchilar bilan yuzma-yuz bo`lganimda o`qituvchilik naqadar mas'uliyatli kasb ekanligini his qilganman. o`ttiz nafar bolaning nigohi senda... Muallim har bir nigohdagi savolga o`z iqtidori, bilimi, tajribasi bilan munosib javob berishi kerak. Bu javoblar esa mukammal izlanish, mashaqqatlardan yuzaga keladi. Ana shu holatga tushgan odamgina o`sha daqiqalarning nechog`li og`ir ekanligini his qiladi.
- 1981 yili xuddi shu maktabni tamomlab, oliy o`quv yurtiga o`qishga kirishni mo`ljallagan edim. Ammo ustozlar avval maktabda ishlab, so`ngra muallimlikka tayyorlaydigan institutga kirishimni maslahat berishdi. Bu taklif ota-onamga ham ma'qul bo`ldi. qadrdon maktabimda avval yetakchi bo`lib ishladim, keyinroq Toshkent davlat universiteti (hozirgi O`zMU)ning o`zbek filologiyasi fakultetiga o`qishga kirdim. Begali Qosimov, Omonulla Madaev, Sanjar Sodiqov, Yormat Tojiev kabi yetuk adabiyotshunos va tilshunos olimlardan olgan saboqlarim haligacha asqotadi. Ulardan umrbod minnatdorman. 1988 yildan hozirgacha o`quvchilarga ona tili va adabiyoti fanidan dars berib kelaman. Orada 3-4 yil ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo`yicha maktab direktori o`rinbosari, maktab direktori bo`lib ishladim. 2002 yildan "Milliy istiqlol g`oyasi va ma'naviyat asoslari" fanini o`qitish yuzasidan A.Avloniy nomidagi respublika pedagog xodimlar malakasini oshirish Markaziy institutida malaka oshirdim. ham maktabda, ham viloyat xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish isntitutida shu fandan dars berib kelaman. Menimcha, ushbu fanni shunchaki o`qitib bo`lmaydi. qalb qo`ri, izlanish bilan yondashilmasa, dars shunchaki quruq so`zga aylanib qoladi. Men bu fanni o`qitish jarayonida qancha muvaffaqiyatga erishgan bo`lsam, eng avvalo, barcha misolu ibratni elimiz urf-odatlaridan, xalqimiz qadriyatlaridan, muqaddas an'analarimizdan olganligimdir. Sevimli shoirimiz Erkin Vohidov aytganidek, ibratni xalqdan olib, uni sayqallab o`quvchiga yetkazish nafaqat shoir, balki muallimning ham muqaddas ishidir.
Darhaqiqat, Tillaxon Qo`zieva o`zi aytganidek, "Milliy istiqlol g`oyasi va ma'naviyat asoslari" fanini o`tishda darslarga shunchaki yondashmaydi. har bir mavzu, eng avvalo, hayotiy misollar bilan mustahkamlanadi. Jumladan, 7-sinfda o`tiladigan "Mahalla - demokratiya darsxonasi" bir soatlik mashg`ulot aksariyat hollarda mahalla fuqarolar yig`inida mahalla faollari, maslahatchilar, ibratli xonadonlar sohiblari ishtirokida olib boriladi. Bunday dars, albatta, o`quvchining yodida qoladi. Shu bilan birga mahalla ahlida farzandlari o`qishiga bo`lgan e'tibor shakllanadi.
- Har bir dars o`z holicha yangi ma'no ifodalashi kerak, - deydi Tillaxon Qo`zieva. Shu bois, uning mashg`ulotlarida hamisha noan'anaviy usullar bilan yangi pedagogik texnologiya qirralari omuxta bo`lib ketadi. "Zakovat", "7x7", "Aqliy hujum" kabi intellektual o`yinlarga har bir darsda, albatta, vaqt ajratiladi. qisqasi, mashg`ulot o`quvchiga "nimadir" berishi yo`lida muallima hamisha halak.
Tillaxon Qo`zieva faoliyatining yana bir qirrasi tashkilotchiligida. Uning o`quvchilari tuman, viloyat miqyosidagi turli bellashuvlar - intellektual o`yinlar, tanlovlarda hamisha faol. Shunday musobaqalar jarayonida o`quvchilarning fikrlash qobiliyatlari charxlanadi, bilimi oshadi, tajribasi boyiydi. "Milliy istiqlol g`oyasi va ma'naviyat asoslari" fanidan o`tkazilgan bellashuvlarning maktab, tuman, viloyat va respublika bosqichlarida ishtirok etgan muallima saboq berayotgan 5-sinf o`quvchilarining bilimi, salohiyati qahramonimiz erishgan muvaffaqiyatlar asosini tashkil etadi, deyilsa mubolag`a bo`lmaydi.
Baxti bekam muallima oilasi, ustozlari, qadrdon jamoasi qo`llab-quvvatlashi, ko`magida ibratomuz ishlarni amalga oshiryapti, el orasida obro`-e'tibor topyapti.
- Qaynonam Gilosxon Ismoilovaning o`gitlari, bergan saboqlari hamisha faoliyatimda qanot, - deydi Tillaxon faxr bilan. - Shunday qaynona bilan yashash baxtiga musharraf qilgan taqdirimdan mamnunman. Hasanboy Ahmedov, Yulduzxon No`'monova va Muhammadkarim Mo`minov kabi ustozlarim mening baxtim. Iste'dodli muallima Tillaxon qo`zieva mamlakat miqyosidagi ko`rik-tanlovda g`oliblikka erishib, hali tantanalarning ohori ketmay viloyatda yana bir nufuzli tadbir o`tkazildiki, bu haqda ham to`xtalib o`tish joiz. Viloyat xotin-qizlar qo`mitasi tashabbusi bilan o`tkazilayotgan "Ayol - barkamol avlod tarbiyachisi" ko`rik-tanlovining qishloq, tuman boqichlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, tanlovning viloyat bosqichida qatnashish huquqini qo`lga kiritgan Tillaxon Qo`zieva yana asakaliklar sha'nini munosib himoya qildi. Tillaxon garchi tanlovda mutlaq g`olib bo`lmasa-da, sovrindorlar safidan munosib joy oldi. Viloyat xotin-qizlar qo`mitasining raisi, viloyat hokimining o`rinbosari Manzuraxon Egamova Tillaxonni erishgan zafari bilan muborakbod etar ekan, uni O`zbekistonimizning yorug` kelajagini belgilaydigan, ertasini ta'minlaydigan "Barkamol avlod tarbiyachisi" deya alohida ta'kidlab o`tdi.
Haq gap, shunday emasmi? o`z mehnati, fidokorona faoliyati, ibrati qalb qo`ri bilan haqiqiy barkamol avlodni tarbiyalayotgan Tillaxon Qo`zieva uchun bundan oshirib aytiladigan ta'rifning o`zi yo`q, bizningcha.


Maqola sanasi:
  



Bolalar musiqa va san'at maktablari

 Copyright © 2012
O'zbekiston Respublikasi
Xalq ta'limi vazirligi