Ziyonet
 
Kitob.uz
 

 
 
  PEDAGOGIKA VA ILM // Yil o`qituvchilari - 2006 // VATAN MEHRIDAN 
 
... Nuriddin otani yillar suroni ona yurtidan uzoqlashtirdi. hukumat ishlarida sochi oqargan, ikkinchi jahon urushi tanini necha bora jarohatlab, o`lim bilan yuzlashtirgan ota unib-o`sgan tuprog`idan yiroqda hayot bilan vidolashdi.
- Birgina to`ng`ich opam Toshkentga kelib o`qib, shu yerda turmush qurgan. qolgan sakkiz nafar farzand birgina kasalmand onamizning qaramog`ida qolib ketaverdik, - deya olis bolalik yillarini xotirlaydi Mamlakat. - Otaginam O`zbekiston haqida to`lib-toshib ichki bir orziqish bilan juda ko`p gapirar, hatto to`shakda mixlanib qolgan kezlari ham yurti sog`inchini tilidan tashlamas edi. So`nggi paytlarda u kishining ko`zlari ko`rmay qoldi. Chunki urushda dushman o`qi bosh qismining bir tomonidan kirib, ikkinchi tomonidan chiqib ketgan, bu esa shifokorlarning xulosasiga ko`ra ko`rish a'zolariga jiddiy ta'sirini o`tkazgan edi. Ana shu xiralanib borayotgan qaroqlariga yosh aylana-aylana yana bizga O`zbekiston, uning so`lim bog`lari, tog`u toshlari tasvirini so`z bilan ifodalab berishga urinardilar. O`limi yaqinlashib qolganini sezdimi, bir kuni hammamizni yiqib yana dil armonlarini to`kib soldi va onaizorimdan bizni olib O`zbekistonga ko`chib ketishni qattiq iltimos qildi. Volidaginam bu ishning nihoyatda og`irligi, bir etak bola bilan yangi elga el bo`lish oson emasligini bilsa-da, bu mushkulotni zimmasiga oldi. Otam onamning va'dasini olgachgina jon taslim qildi.
Mamlakat Vatan muhabbati shunchalar aziz tuyg`u ekanligini shu yo`sin otasining iltijolaridan ilg`adi. O`zbekiston mehri buzrukvorining o`tli sog`inchlari bilan jonu jahoniga singib ketdi go`yo. Xalichaxon aya erining vasiyatini ado etdi. Birin-ketin farzandlari yoniga kirib Toshkentdek azim shahar bag`ridan qo`nim topishdi. Aqlli-hushli o`g`il-qizlar ham ishlab, ham o`qib, o`zlariga yarasha izzat-obro`ga ega bo`ldi. Kenja qiz Mamlakatxon ham institutning kechki bo`limida tahsil olib, muallimlik diplomiga ega bo`ldi. Talabalik yillari maktabgacha ta'lim muassasasida "bog`cha opa"lik qilgani uchun anchagina tajriba, mehnat ko`nikmasiga ham ega edi.
- Otam o`qituvchi xolalarim mehmonga kelishsa, hurmatini o`rinlatib, "Yaxshi muallim ikki dunyo saodatiga ega bo`ladi. Axir, siz ilm o`rgatmoqdek mashaqqatli yukni zimmangizga olgansiz. qani endi mening farzandlarim ichidan ham muallim chiqsa..." deya orzumand bo`lardilar, - deydi gapida davom etib yana Mamlakat. - Men dadamning ana shu umidlarini ushaltira olganim uchun ham o`z-o`zimdan minnatdor bo`laman.
 
"O`QITUVCHI" BO`LGAN O`QUVCHI
Mamlakatxon quyi sinflarda o`qib yurgan kezlariyoq pishiqqina, so`zini ko`pchilikka o`tkaza oladigan uddaburro, ayni paytda a'lochi qiz edi. Birinchi muallimi Mahkam aka uning bu fazilatlarini qadrlar, ayni paytda o`rinli foydalanardi ham. Mamlakat ham bolalik emasmi, o`qituvchisining nimadir ishi chiqib, sinfni unga topshirib ketishini juda-juda istar, shunda u binoyidek "muallim"ga aylanib, sinfdoshlari bilimini baholar, so`ziga kirmaganlarni yaxshigina jazolar, odatiga ko`ra tayyorlanib kelganidan yangi mavzuni "qoyilmaqom" qilib sinfdoshlariga tushuntirib ham berardi. o`quv dargohi kichkina emasmi, uning bu qobiliyati 5-6-sinflarga o`tganida butun maktabga yoyilgandi. Endi qaysiki o`qituvchining ishi chiqib qolsa, hech ikkilanmay unga murojaat qilishar, Mamlakat ham o`zidan quyi sinflaru tengdoshlarigacha barcha fanlardan hech ikkilanishlarsiz dars o`ta olardi.
- Otam bolaligimizda juda ko`p topishmoqlar aytib, bizni fikrlashga, o`ylashga majbur etar, ertaklar o`qib berib, so`ngra bizdan so`zlab berishimizni so`rab xotiramizni mustahkamlashga urinar, tez aytishlar yod oldirib, nutqimizni ravon bo`lishi uchun astoydil jon kuydirar edilar, - deya yod etadi Mamlakat. - Bular menga o`sha kezlar "o`qituvchi" bo`lib sinfni "ushlab" turishimda qo`l kelgan bo`lsa, bugun esa haqiqiy muallim sifatidagi faoliyatimda ham katta yordam bermoqda.
 
ISHONCH BILAN TUG`ILGAN ISHONCH
Mamlakat Yo`ldoshova 1994 yildan buyon Toshkent shahar Xamza tumanidagi 69-maktabda boshlang`ich sinf o`quvchilariga saboq berib kelmoqda. Bu yil u "Yilning eng yaxshi fan o`qituvchisi" tanlovining respublika bosqichida ishtirok etib, g`oliblikni qo`lga kiritdi.
O`quvchining nutqidagi ravonlik, husnixati, savodxonligi, qo`yingki, iqtidorining to`la-to`kis namoyon bo`lishi uning boshlang`ich ta'limda mukammal ta'lim olishiga bog`liq. Shuningdek, insonning shaxs sifatidagi fe'lu atvorining shakllanishida ham boshlang`ich sinf muallimining alohida o`rni, xizmati bor. Bunga Mamlakat opa o`z hayotiy tajribasida ko`p bora amin bo`lgan. Opaning sobiq o`quvchilaridan biri borgan joyidan nimanidir o`marib kelaverib, ota-onasining yuzini rosa shuvut qilardi. hali u maktabga qo`yishadi, hali bu o`quv dargohi eshigini qoqishadi. Bolakay esa ikki oy o`tib-o`tmay yana qinqirligi bilan ko`pchilikning joniga tegadi. Bora-bora u uyidagilarning cho`ntagini ham "tozalab" qo`yadigan odat chiqardi. o`g`lini Mamlakatning oldiga boshlab kelgan onasi haqiqatni yashirmay, ko`nglidagini to`kib solarkan, ko`zlari yoshlanib, muallimadan nigohini olib qochardi. Shunday vaziyatda Mamlakatning ikkinchi mutaxassislik sifatida psixologiya ilmini ham egallagani yordam berdi. Bolakayni sinfida olib qolgan muallima avvali bir necha kun unga e'tibor bermagan kishi bo`lib, zimdan fe'l-atvorini o`rgandi. U partada yolg`iz, o`zi o`tirishni istar, xohlasa dars payti ham maktab hovlisida o`ynab yuraverar, qaysardan-qaysar edi. Bolakayning dunyosini kashf etib olgan opa asta-sekinlik bilan uning qalbiga yo`l izlay boshladi. Va angladiki, u nihoyatda e'tibor talab, atrofidagilarning ishonchsizligidanmi, o`ziga bo`lgan ishonchni yo`qotib qo`ygan edi. Muallimining turli vazifalarni unga topshirishi, sinfxonasining tozaligiyu gullarga o`z vaqtida suv quyilishi kabi yumushlarga javobgarlikni yuklashi bolaning xarakterini o`zgartira boshladi. Sinfda biror ko`ngilsizlik ro`y bersa, Mamlakat opa ataylab "Sen e'tibor bermabsan-da", deya unga yuzlanardi. hatto o`qituvchisining sumkasini sinfdan-sinfga ko`tarib yurish ham uning zimmasida edi.
- Hozir shu o`quvchim yuqori sinfda o`qiydi. Sinf a'lochilaridan, - jilmayib qo`yadi Mamlakat. - Uyidagilar mendan shunday minnatdorki, to`g`risi, faoliyatimdagi ana shunga o`xshash voqeliklarni yodga olganimda, o`qituvchi bo`lganimdan yanada g`ururlanib ketaman. o`quvchilarimni yuqori sinfga kuzatish bilan burchimni ado etdim, deb hisoblamayman. Vaqt topdim deguncha, darslarini kuzataman. Biror o`quvchimning o`zlashtirishi yoki o`qishga munosabatida yoxud tarbiyasiga daxldor salbiy jihatlarni sezgudek bo`lsam, sinf rahbari, fan o`qituvchilari bilan o`tirib gaplashaman. Lozim bo`lsa, ko`magimni taklif etaman.
Mamlakat har kuni "Mashinasozlar" va Sharof Rashidov nomidagi mahallalar bo`ylab maktabiga yo`l oladi. o`quvchilari shu mahalla bolalari. Faol ayol sifatida mahallaning osoyishtaligi, obod va ko`rkam bo`lishi uchun ham hamisha jon kuydiradi.
 
RAG`BAT VA TALAB
Ta'lim tizimidagi bugungi islohotlar maktab va ta'lim-tarbiya ishiga davlat miqyosidagi e'tiborni bir muallim sifatida Mamlakat ham yuqori baholaydi. "Mehnat qilgan kishi ustama haq oladi. Direktor jamg`armasidan rag`batlantiriladi. Maktablar zamon talablari asosida ta'mirlanayapti, jihozlanayapti. Ijodkorlik quvvatlanayapti...". Mamlakat bu kabi imkoniyatlarni juda-juda qadrlagisi, darslariga har kuni bir yangilik kiritib, samaradorlikni oshirgisi keladi.
- O`quvchilarimizning nutqi masalasi oqsayotganligidan xavotirdaman. Ayniqsa, yuqori sinflarga dars tahlillariga kirib, bu muammoga duch kelganimda, juda afsuslanib ketaman. Ba'zi o`g`il-qizlarimiz bor, bilimlarini erkin ifodalab bera olishmaydi. Mutolaa ko`nikmasi, madaniyatini shakllantirish ko`ngildagidek emas. o`qish va o`qitishdagi bu kamchiliklar ham biz boshlang`ich sinf o`qituvchilari mas'uliyatini yanada oshiradi...
Mamlakat og`rinib tilga olayotgan bu holatlarning qaysidir uchi haqiqatan ham quyi sinflar sabog`iga borib taqaladi. Tajribali muallima shu bois ham darslariga o`zgacha mazmun bag`ishlagisi keladi. hech bir qutlug` sana, bayram shunchaki o`tib ketmasligi kerak uning nazarida. Albatta, har bir tadbirni dabdaba qilib o`tkazish shart emas. Lekin mo`'jazgina sinf o`zgacha tus olsin shu kuni. qaysidir bilag`oni bayram tarixini so`zlasin, gapga chechan qizchasi bir-bir davradagilarga so`z bersin. Kimdir tabiat, yana kimdir ob-havoga bog`liq ma'lumotlarni bersin. Sinfdoshini bayramda, tug`ilgan kunida o`z so`zi bilan tabriklasin. Xullas, o`quvchi gapirsin, erkin mushohada yuritsin. Opaning uslubi shunaqa; darsda o`quvchilariga erkin muhit yaratib beradi. Agar bolalari "Bugun ertak darsi o`taylik" deyishsa uslubini shunga yo`naltiradi, "o`yla, izla, top" darsini sog`indik" deb qolishsa, ularning aytgani bo`ladi.
Muallima uchun asosiysi bolajonlarining zavq bilan darsda ishtirok etishlari, o`zlashtirishlaridagi
mukammallik.
 
***
... Dars boshlanadi. Bolajonlar muallimasi daftarlariga belgilab chiqqan nuqtalarni nozik barmoqchalari bilan tutashtira boshlaydi... Ana raqamlar, chiroyli harflar paydo bo`ladi. Bu gal o`quvchi nuqtalarni ham o`zi joylashtirib chiqadi. Yanagi safar esa nuqtalarsiz yozishga tutinadi... Olmaning yarim pallasini o`qituvchisi bo`yagan. Yarmi tasvirini yaratish uchun esa bola go`zal bo`yoqlar rangini topmoq uchun o`ylarga toladi. Ana shunday juda-juda kichik qadamlar bilan ilm olamiga yo`l boshlanadi.

- Men Vatanga bo`lgan muhabbat kuchini otamning sog`inchlarida ko`rib ulg`ayganman. Vatanga muhabbat qo`yib ulug`landim, - deya iftixorini izhor etadi Mamlakat. - Maqsadim, ana shu yurt mehri, g`ururini saboqlarimga, saboqlarim orqali maktab atalmish muqaddas go`shaga qadam tashlayotgan beg`ubor qalblarga singdirish. Biz shunga erisha olsakkina, tom ma'nodagi ustozlik burchini ado eta olgan bo`lamiz.



Maqola sanasi:
  



Bolalar musiqa va san'at maktablari

 Copyright © 2012
O'zbekiston Respublikasi
Xalq ta'limi vazirligi