Ziyonet
 
Kitob.uz
 

 
 
  PEDAGOGIKA VA ILM // Yil o`qituvchilari - 2006 // XXI ASR SPORTCHISI KONSEPSIYASI 
 
Uning muallifi yurtimizda eng yaxshi jismoniy tarbiya o`qituvchisi deya e'tirof etildi IFTIXOR
 
Qorachadan kelgan, serg`ayrat, zuvalasi pishiq halimaxon o`g`lining yutug`idan o`zini qo`yarga joy topolmay qoldi.
- Xudoga shukr, yuzimiz yorug` bo`ldi! Ro`zimuhammad mamlakatdagi kasbdoshlari ichida eng sarasi, bilimdoni deb tan olindi. Bolalarim ichida u boshqacha-da... Ona qalbi yana allanimalarnidir his etardi shu choqda.
"Ertaga muxbir kelarmish, sizdan o`g`lingiz, oilangiz haqida so`rarmish", degan gap Halimaxonni o`ylantirib qo`ydi.
Nima qilsin, nimalarni aytsin muxbirga?
Maktabdan qaytgach, xonasiga kirib, divanga o`tirdi. Xayolida yana o`sha savol charx urardi: gapni avval oila qurganidan - turmush o`rtog`i Mo`minjondan boshlasinmi? Ha, shunday qilgani ma'qul. o`shanda hammasi batartib bo`ladi.
Maktabni tugatib, hech qaerda o`qimagan Halimaxonga Qo`shtegirmonlik Mo`minjondan sovchi keldi. Taqdirda yozilgan ekan, oila qurishdi. Mo`minjon sportga qiziqqan. halimaxon uyda ro`zg`or ishlari bilan band bo`lardi. Birin-ketin farzandli bo`lishdi. Bu davrda oralaridagi mehr-oqibat yanada ortdi. To`ng`ichi - Tavakkaljon, undan so`ng suyuklisi Ro`zimuhammad, so`ng Azamatjon dunyoga keldi. Yaratgan bu oilani qizdan ham benasib etmadi. Kenjalari qiz bo`ldi, ismini Marg`uba qo`ydilar. Bu orada Mo`minjon o`qib, oliy ma'lumot oldi. Farzandlari - Tavakkaljon, Ro`zimuhammad, Azamatjon ham ota-onalariga o`xshab sportga qiziqqan. qizi Marg`uba ham jismoniy tarbiya bilim yurtini tugatdi. Mundoq qaralsa,
Mo`minjon bilan birgalikda 30 yil yashab qo`yishibdi. Eng quvonarlisi, bu davrda sportchilar oilasi dunyoga keldi. halimaxon huzurdan entikdi. Farzandlari ichida shu Ro`zimuhammadi bosiqligi, aqlliligi, mehribonligi bilan ajralib turadi-da. Uning ko`ksi farzandidan iftixor qilish tuyg`usi bilan to`ldi. Ro`zimuhammad hali 26 yoshga ham to`lgani yo`q. Butun respublikada tan olindi, muallimlarning sarasi bo`ldi. Yaratganga beadad shukr! Yomon ko`zlardan asrasin. halimaxon muxbirga ana shularni aytishni ko`ngliga tugib qo`ydi.
 
ZO`R FUTBOLCHI BO`LAMAN
Maktabni bitirish paytlarida adabiyotdan "Siz kim bo`lmoqchisiz?" mavzusida yozgan inshosida Ro`zimuhammad "Men kelajakda oliy ligada o`ynovchi futbolchi bo`laman" deb yozgan edi.Maktabda Ro`zimuhammadga teng keladigan a'lochi bola yo`q edi. Ko`plar buning sababi ota-onasi o`qituvchi bo`lganidan deb bilishardi. Lekin Ro`zimuhammad o`zining bosiq tabiati, xotirasi va hozirjavobligi, chuqur bilimi bilan do`stlarining, ustozlarining mehrini qozongandi. Undagi bu fazilatlarni asta-sekin hamma tan ola boshladi. U doimo o`zi bilan futbol to`pini olib yurardi. Bugun ham u tengdoshlari va ustozlari xotirasida ana shu qiyofada gavdalanadi.
- Ro`zimuhammad sinfning yuragi edi, - deb hikoya qiladi o`sha yillarda sinf rahbari bo`lgan Nasibaxon Kenjaeva. - Usiz biron tadbir o`tmasdi. Barcha ishlarda tashkilotchilik qilar, sinfdoshlarini atrofiga jipslashtirib olardi. o`rtoqlari ham shunga o`rganib qolishgandi. Bilimli, intizomli, bosiq o`quvchi bo`lganligi sababli uni biz, o`qituvchilar ham hurmat qilardik. Futbol joni-dili edi. Nafaqat futbol, sportning boshqa turlaridan ham peshqadam o`quvchi Ro`zimuhammad bo`lardi.
Maktablar o`rtasidagi, tuman miqyosidagi musobaqalarda doimo g`olib sanalardi maktabimiz jamoasi. Ro`zimuhammad bor ekan, bu jamoani mag`lub etib bo`lmaydi, deyishardi qo`shni maktab o`qituvchilari. o`shanda otasi Mo`minjon qodirov "Shu o`g`limdan yaxshi futbolchi chiqadiganga o`xshaydi", deb o`ylardi. Uni albatta sportchi qilaman, deb ahd qildi. Shunday ham bo`ldi. Ro`zimuhammad maktabni tugatgach, Toshkentdagi O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutiga hujjat topshirdi. U institutning sport o`yinlari fakultetining "futbol" mutaxassisligi bo`yicha 12-guruhiga qabul qilinganda, otasining, qolaversa, o`zining eng muqaddas orzusi ushaldi.
Shunday qilib, Ro`zimuhammad maqsad ostonasiga ilk qadamni qo`ydi. o`qish yillarida futbol o`yini sirlarini ustozlari Shamil Tangriev va Olim qurbonovlardan o`rgandi. Mahorati kundan-kunga oshib borgan Ro`zimuhammad institut terma jamoasida markaziy himoyachi bo`lib to`p surdi. Ko`p o`tmay u eng tezkor, texnik o`yinchi sifatida tan olindi. "Barkamol avlod" hamda "Universiada" sport musobaqalarida Ro`zimuhammad poytaxtdagi ko`pgina murabbiylarning nazariga tushdi. o`qib-o`rganish, tinimsiz mashqlar davomida futbol sirlarini o`rganish Ro`zimuhammadni yetuk sportchi qilib shakllantirdi.
 
MUNOSIB O`RINBOSAR
Mo`minjon aka tabiatan qattiqqo`l inson. har kim o`z bilimi va kuchiga tayansin, degan tamoyilni biladi va boshqalardan ham shuni talab qiladi. Ro`zimuhammadni ham shunday tarbiyaladi. Maktabda, institutda o`qib yurgan kezlarida ham o`z kunini ko`rishni undan talab etardi.
To`g`ri tarbiya o`z mahsulini berdi: Ro`zimuhammad otasi orzu qilganidek mustaqil fikrli, mehnatkash, g`ayratli, ishchan sportchi-pedagog bo`lib yetishdi. Ota buni ko`rib, ich-ichidan quvonardi. Mana, o`g`li haqiqiy o`rinbosar bo`ldi.
- O`g`lim endi nima qilmoqchisan? - so`radi institutni tugatayotgan Ro`zimuhammaddan otasi.
- Futbolchi bo`lib, poytaxtda qolaman, - deya javob qildi Ro`zimuhammad beparvogina.
- Yo`q, o`g`lim, sen o`qituvchilik qilasan, mening o`rnimda maktabda ishlaysan. Sening shunga iqtidoring bor. Bolalar bilan bir ishlab ko`rgin-a, bu olamning qanday ohanrabosi borligini bilasan. o`qituvchilik - eng hurmatli kasb.
Doimo otasini eshitib o`rgangan Ro`zimuhammad institutni tugatib, Buvayda tumanidagi bolalar va o`smirlar futbol maktabida murabbiy sifatida ish boshladi. Ayni vaqtda Bag`doddagi 19-maktabga jismoniy tarbiya o`qituvchisi etib qabul qilindi. Bolalikdan o`zi o`qigan maktabda Ro`zimuhammad ustozlari qatori bolalarga sport sirlarini o`rgatishga kirishib ketdi. Tez orada jamoada o`zini ko`rsatdi.
- Ro`zimuhammad qodirov o`ziga xos uslubda ishlovchi pedagog, - deydi maktab rahbari Yoqutxon qunduzova, - unda yetakchilik va tashkilotchilik, o`z ishiga o`ta fidoyilik xislatlari mujassamlashgan. Bu yosh pedagog sa'y-harakatlarini ko`rgan ba'zi "og`ir karvon" pedagoglar ham harakatga tushib qoldilar. Sal o`tmay o`qituvchi yetishmaganligi uchun yosh o`qituvchini qo`shni 40-maktabga ham ishga taklif qilishdi. Ro`zimuhammad bu jamoada ham tezda kasbdoshlari hurmatini qozondi. Maktab rahbari barcha sport to`garaklari va sinfdan tashqari sport ishlarini uning zimmasiga yuklab qo`ya qoldi.
Ideal sportchi qanday shakllanadi?
Viloyat jismoniy tarbiya o`qituvchilarining sardori, arslon kelbatli G`anijon aka Ro`zimuhammadning elkasini otalarcha qoqib dedi:
- O`g`lim, omad qushi sening yelkangga qo`ndi. Bunga faqat o`z mehnating bilan erishding. Endi Qarshida bizni uyaltirib qo`ymasang bo`lgani...
G`anijon akaning bu yarim hazil aytgan gapi Ro`zimuhammadga qattiq ta'sir qildi. "Bizni uyaltirib qo`ymasang bo`lgani". Yo`q, Ro`zimuhammad yer chizib qoladigan yigitlardan emas. qolaversa, nazariy jihatdan ishonchli bilim zahirasi bor. ha, o`sha gapdan keyin o`anijon aka bir gapni ham aytgandi: "Senga endi original dastur va stendlar zarur bo`ladi". Nima qilsin? Ishni nimadan boshlasin? Axir endi u butun Farg`ona sharafini himoya qilib maydonga tushadi-ku! Shunga arzigulik yangilik yaratishi, dars ishlanmalarini eng so`nggi uslublarda qayta ishlab chiqishi lozim emasmi? U ustozi - otasi Mo`minjon aka, mutaxassislar hamda maktabdagi hamkasblari bilan shu haqda uzoq fikrlashdi. Berilgan maslahatlar, taklif etilgan fikrlarga tayanib barkamol avlodni shakllantiruvchi konsepsiya o`ylab topdi. Uni "XXI asr sportchisi" konsepsiyasi deb nomladi. Unga ko`ra o`zi orzu qilgan sportchining yangi avlodi to`la namoyon bo`ladi. Yurtboshimiz va davlatimizning pedagoglar oldiga qo`ygan eng asosiy talabi ham sog`lom, kuchli, ma'naviy barkamol avlodni shakllantirish-ku! Uning konsepsiyasi ham shu maqsadni o`zida ifoda etadi. Ro`zimuhammadning fikricha, konsepsiya besh bosqichdan iborat bo`lishi lozim. Bu konsepsiya 7 yoshdan 70 yoshgacha bo`lgan shaxslarni o`ziga qamrab oladi.
Ro`zimuhammad konsepsiya bosqichlarida amalga oshiriladigan ishlarni o`zaro bog`liqlikda ishlab chiqdi, tizim asoslarini yaratdi. Endi gap bu bosqichlarni original tarzda nomlashda qoldi. Bu xususda ustozlari va hamkasblarining fikrlarini oldi, kutubxonada o`tirib, gazeta-jurnallarni titdi. Shu tariqa o`z maqsadini ifoda etuvchi nomlarni aniqlaganday bo`ldi.
Konsepsiyaning birinchi bosqichini "Sportchilar darvozasi" deb nomladi. 2-bosqichni "Sportchilar oroli" deb atadi. 3-bosqichga "Ilk davon" deb nom qo`ydi. 4-bosqich "Dastlabki yutuqlar chegara emas" deb ataldi. Nihoyat 5-bosqich "XXI asr sportchisi" nomini oldi. Shunday qilib, yangi yosh avlodni jismonan sog`lom, aqlan yetuk, ma'nan barkamol inson qilib tarbiyalashga xizmat qiluvchi konsepsiya yaratildi. Bu konsepsiya Ro`zimuhammadning ideal sportchi haqidagi orzusining yorqin namoyon bo`lishi edi. Endi u Qarshida o`zi o`ylab topgan, asoslangan "XXI asr sportchisi" konsepsiyasini himoya qiladi.
Mehnat, fikr, yangilik har yerda qadrlanadi. Respublika bosqichida uning tanlov hay'atiga tavsiya etgan "XXI asr sportchisi" konsepsiyasi eng original ish sifatida baholandi.
Mustaqil O`zbekiston tarixida ilk marta e'tirof etilgan hodisa - maktab jismoniy tarbiya o`qituvchilarining eng sarasi aniqlandi. Bunday oliy sharafga Bag`dodlik yosh pedagog Ro`zimuhammad Qodirov sazovor bo`ldi. Bu tarixiy voqea butun respublikadagi jismoniy tarbiya o`qituvchilarining qalblariga bir nur bo`lib kirib bordi. Aminmizki, bugun butun farg`onalik pedagoglar, shu jumladan, Qo`shtegirmondagi 40-maktab jamoasi qalbida ham buyuk ezgu hislar jo`sh urmoqda. Ro`zimuhammadning erishgan yutug`i butun o`quv dargohi ahliga ham taalluqlidir. Intilganga tole yor ekan. Otasi Mo`minjon aka hamda onasi halimaxonlar niyat qilganlaridek, Ro`zimuhammad elda hurmatli pedagog bo`lib yetishdi va e'tirof etildi. Ustozlari ishonchini munosib tarzda oqladi.
Ro`zimuhammad Qodirov timsolida jam bo`lgan bag`dodlik pedagoglarning tajribasi, ilmu salohiyati mamlakat muallimlarining ma'naviy mulkiga aylandi. Bu mulk hali ko`p ezgu ishlarga poydevor bo`lib xizmat qilishi, shak-shubhasizdir.
 


Maqola sanasi:
  



Bolalar musiqa va san'at maktablari

 Copyright © 2012
O'zbekiston Respublikasi
Xalq ta'limi vazirligi