Ziyonet
 
Kitob.uz
 

 
 
  PEDAGOGIKA VA ILM // Yil o`qituvchilari - 2006 // O`JAR QIZNING KAMOLI 
 
Qorasuv - hunarmandlar yurti. Bejirim pichoqlar, mustahkam temirchilik buyumlari, dong’i chor atrofga ketgan do’ppilar xuddi shu shaharda dunyoga keladi. Xalqi bir so’zli, aytganini albatta qiladiganlar xilidan.
Muhayyo ham qorasuvda kamol topdi. Ona shahri havosimi, odamlari fe'limi, xullas, Muhayyo tabiatida ham biroz o’jarlik bor, o’z aytganidan qaytmaydi, fikrini himoya qila oladi. Bilasiz, maktabni bitirib mustaqil hayotga qadam qo’yayotgan yoshlarda ikkilanish bo’ladi. qaysi kasb ma'qul yoki qaysi institutda o’qish? Shunda jo’yali maslahat hamisha asqotadi.
Muhayyo yuqorida aytganimizdek, boshqa tengdoshlari kabi ikkilanmay, bir maqsadni ko’zlab qo’ygan. Birovga dil yormagan bo’lsa-da, matematika muallimi bo’lish fikrida qat'iy. Ota-onasi muallim. Shunday bo’lsa-da, ular qizlarini shahardagi tikuvchilik fabrikasida ishlaydigan mutaxassis qilish tarafdori. Tikuvchilikka oid oliy o’quv yurtida tahsil olib kelsa yaqin joy, ish tayin, qiz bolaga yana nima kerak? Ota-ona, yaqinlar maslahatiga nechog’li amal qilingani keyinroq, Muhayyo Yusupova Andijon davlat universitetiga o’qishga qabul qilingach, ma'lum bo’ldi. Matematika fakultetida ham saboqning dastlabki kunlaridanoq, bu o’jar qizda nimadir borligini sezgan muallimlar Muhayyoga alohida e'tibor bilan qaray boshladilar. o’sha e'tiborning samarasini esa ustozlar Muhayyo Yusupova degan talabaning universitetni matematika-informatika o’qituvchisi sifatida imtiyozli diplom bilan tamomlaganida ko’rishdi.
- Ehtimol, Muhayyo xarakteridagi o’jarlikni, o’zbilarmonlikni tirishqoqlik, o’z ustida ishlash deyilsa, to’g’riroq bo’lar, - deydi qorasuv shahridagi 19-fizika-matematika va informatika fanlarini chuqur o’qitishga ixtisoslashgan maktab-internat direktori Ozodaxon Xoliqova. - o’zbekchilikda kattaga xo’p de, gap qaytarma, degan o’gitlarimiz bor. Albatta, bularga amal qilish kerak. Agar aytilayotgan fikr katta bir maqsadni ko’zlagan, uning ortida muhim jarayon turgan bo’lsa, uni albatta himoya qilish lozim. Ushbu iqtidorli muallimaning maktab-internatimizda ishlayotganiga uch yil bo’ldi. o’sha aytayotganim - ijobiy ma'nodagi o’jarlik faqat yaxshi ishlar uchun xizmat qilyapti.
"O’jar qiz" - Muhayyoning tirishqoqligi ilk faoliyatini boshlagan - Xonobod shahridagi 5-maktabda, keyinroq qorasuvdagi 5-maktabda "ish" berdi. U shu hududdagi eng yaxshi matematika-informatika o’qituvchisi nomini oldi. 1998 yilda o’tkazilgan "Yilning eng yaxshi o’qituvchisi" ko’rik-tanlovining viloyat bosqichida faxrli 2-o’rin sohibi bo’ldi. Shu yili viloyat xalq ta'limi pedagog xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti mutaxassislari bilan hamkorlikda "Matematika darslarida atamalarni she'riy ifodalash orqali o’quvchi qiziqishini orttirish" uslubiy qo’llanmasi yaratildi. Shahar xalq ta'limi bo’limidagi nufuzli hay'at tavsiyasi bilan "Oliy toifali matematika va informatika fani o’qituvchisi" nomini oldi.
Bunday muvaffaqiyatlar ro’yxatini yana davom ettirish mumkin. Muhimi, izlanuvchanlik uni shunday nurli manzillar sari yetaklayapti. Bu yil uning hayotida yana bir yorqin sahifa bo’lib qolyapti. Informatika fani o’qituvchilari o’rtasida o’tkazilgan "Yilning eng yaxshi fan o’qituvchisi" ko’rik-tanlovining Nukus shahrida bo’lib o’tgan respublika bosqichida Muhayyo mutloq g’oliblikni egallab, 2006 yilda respublikadagi eng yaxshi informatika fani o’qituvchisi deya tan olindi.
- Boshlagan ishni oxiriga yetkazish mening nazdimda muvaffaqiyatga eltuvchi mezon bo’lsa ajab emas, - deydi Muhayyo. - Bu xislat oilamiz muhitida shakllangan bo’lsa kerak. Otam - rus tili muallimi Abdumo’min Yusupov, onam - o’zbek tili va adabiyoti fani muallimasi Karomatxon Yo’ldosheva umr bo’yi maktabda ishlashgan. Ularning ertangi darsga tayyorlanishlari, har qanday sharoitda ham darsni qoldirmasliklari menga muqaddas saboq bo’lib qolgan. Ota-onam va biz farzandlar - to’rt muallima qizning shiorimiz o’qituvchilik nonini faqat halollab yeyish.
- Informatika anchayin murakkab fan, o’quvchini bu fanga qiziqtirish qisqa qilib aytganda, faol ishtirokini ta'minlash uchun sizningcha nimalar qilish kerak? - deya so’rayman "Yilning eng yaxshi informatika fani o’qituvchisi"dan.
- Men ko’rik-tanlovda informatika fani bo’yicha "6 xil fikrlovchi do’ppi" darsini o’tdim. E'tibor bergan bo’lsangiz, 6 xil fikrlovchi iborasi darsning mazmun-mohiyatini anglatadi. Bu sinfdagi har bir bolaga alohida e'tibor, muloqotni anglatadi. Bilamiz, hamma o’quvchi bayon etilayotgan mavzuni teng, to’liq o’zlashtira olmaydi. Tengdoshlaridan ortda qolgan bolaning hafsalasi pir bo’lishi aniq. Shu bois, oq do’ppiga oddiyroq, yashil do’ppiga murakkabroq va qizil do’ppiga eng murakkab topshiriqlar beriladi. Dars jarayoni shunday kechadiki, mavzuni o’zlashtirishda qiynalayotgan o’quvchi yonidagilar ko’magi bilan mavzu mazmunini yaxshiroq tushuna boradi. Demoqchimanki, har bir o’quvchiga alohida yondashuv o’zlashtirish samarasini oshiradi.
Shuningdek, informatika og’irroq, murakkabroq fan bo’lganligi tufayli, mashg’ulotlarda o’yin vositalaridan foydalanish ham yaxshi natija beradi. o’z faoliyatim davomida men shunday noan'anaviy o’yin darslaridan 10 dan ortig’ini tayyorlaganman. Tanlov jarayonida Nukus davlat universiteti olimlari bu o’yin-darslar bilan tanishishib, darslarda qo’llashga tavsiya etdilar, - deydi u.
- Bugun informatika darslarini o’qitishda qanday muammolar bor? - degan savolimizga Muhayyo Yusupovaning javobi shunday bo’ldi:
- Maktablarimiz kompyuter texnikasi bilan to’la ta'minlanmaguncha muammolar bo’laveradi. Shu bilan birga dars soatlarini ko’paytirish zarur. hozir amalda qo’llanilayotgan ikki soatda o’quvchilar tinglayotgan mavzularni to’la o’zlashtiryapti, deb bo’lmaydi. Informatikada yana dasturlash degan tushuncha ham bor. Ilgarilari o’quvchilarning dasturlashni o’zlashtirishlari uchun ko’proq soat ajratilar edi. Dasturlash elementlarini 5-sinfdan boshlab o’rgatilsa, 10-11-sinfga qadar bu jarayon murakkablashib boraveradi. Shu tartib yo’lga qo’yilsa, 11-sinfga borib o’quvchidan eng murakkab dasturlash turlarini ham talab qilish mumkin.
Kelgusidagi rejalar, niyatlari haqida ham Muhayyo ba'zi fikrlarni bayon qilib o’tdi:
- Hayotimizga tobora chuqurroq kirib kelayotgan elektron darsliklar haqida ilmiy ish qilish niyatim bor. Ko’rik-tanlovda himoya qilgan "Ekzel dasturida test tuzish va o’tkazish" mavzusidagi konsepsiyada bu maqsadga qisman kirishilgan. Bu usuldagi testlar tezkor bo’lib, hamma fanlarda qo’llash mumkin. hajman kichik, qulay bu testlar o’quvchi xotirasini mustahkamlaydi, yangi mavzuni tez o’zlashtirishga yordam beradi.
Hozirgi paytda elektron darsliklarning ingliz tilini chuqur o’rgatishga mo’ljallangan variantlari mavjud. Men kelgusida shunday darsliklarning informatikaga oid variantlari ustida ishlamoqchiman. Bu qulaylik ham o’quvchi qiziqishini orttiradi, deb umid qilaman.
Bugun mamlakat miqyosida o’z fanining ustasi, deya e'tirof etilayotgan "o’jar qiz" - Muhayyo Yusupovaning kelgusi faoliyatida ham omad yor bo’lishini chin dildan tilaymiz.
 
 


Maqola sanasi:
  



Bolalar musiqa va san'at maktablari

 Copyright © 2012
O'zbekiston Respublikasi
Xalq ta'limi vazirligi