Ziyonet
 
Kitob.uz
 

 
 
  PEDAGOGIKA VA ILM // Yil o`qituvchilari - 2006 // QALBNING OPPOQ DAFTARI 
 
Har bir insonning o`ziga ma'qul tushgan do`st-birodarlari bo`lishi tayin. Jumladan, qarshilik Qo`zi Rahimov ham mening ana shunday yaqinlarimdan biri. Domla bilan ta'lim-tarbiya ishi ustida tanishib qolganimizga ham harqalay 15 yilga yaqinlashib qoldi.
Har gal Qo`zi domla bilan suhbatlarimiz qizigandan qiziydi. hali ta'lim-tarbiya sohamizdagi og`riqli nuqtalar xususida, hali yangi darsliklaru kundalik matbuot nashrlari xususida, boringki, rang-barang mavzularda tortishamiz. Qo`zi Rahimov darhaqiqat pedagogik risolalarda bitilgandek muallim. U o`ta kamtarin va samimiy, xuddi bolalar misol sodda va beg`ubor inson. Mening tasavvurimda u xuddi muallim bo`lib tug`ilgandek tuyulaveradi.
Qo`zi akadan hech bir vaqt "Men undayman, men bundayman" ma'nosidagi balandparvoz so`zlarni eshitmaysiz. o`zining aytishicha, yolg`iz qolgan paytlarida bolalik xotiralarini eslashni yoqtiradi.
- Rahmatlik otam Abdulaziz aka juda ko`p vaqtlarini kitob o`qib o`tkazardilar. Arab alifbosidan ham, kirill alifbosidan ham savodlari yuqori edi. Otam ukalari, rahmatlik Narzillo amakimni juda-juda yaxshi ko`rardilar, - deydi qo`zi domla bolalik damlarini eslarkan. - Narzillo amakim muallim edilar. Amakim har gal biznikiga kelganlarida otam: "qani domla, dunyoda nima gaplar bor? Gazetalarda nima yangiliklar yozishayapti?.." deya suhbatga tortardi. Mening esa, amakimning kiyinishlariga ich-ichimdan havasim ketardi. Ozoda kiyinib, doimo galstuk taqib yurardilar. "Amaki, katta bo`lsam, men ham xuddi sizdek muallim bo`laman" derdim amakimga. U kishi esa "Muallim bo`laman degan niyating bo`lsa, ko`proq dars tayyorla, kitoblarni ko`p o`qi" deb aytardilar.
Qo`zi Rahimov bolalik xotiralarini eslarkan, har gal birinchi o`qituvchisi Po`lat Otaboevni va yana ustozi Barat Muhiddinovni juda iliq taassurotlar bilan yodga oladi. Ular shunchalik fidoyi va bolajon muallimlar edilarki, bizlar bilan bamisoli do`st bo`lib ketishgandi...
Muallimlik kasbiga bo`lgan ishtiyoq Qo`zi Rahimovni 1981 yilda Qarshi davlat pedagogika oliygohining "Umumtexnika fanlari va mehnat" fakultetiga yetaklab keldi. Barcha sinovlardan muvaffaqiyatli o`tgan Qo`zi Rahimov oliygoh talabasi bo`lish baxtiga muyassar bo`ldi. U talabalik yillarini besamar o`tkazmadi. o`qidi, o`rgandi, tajribali ustoz- muallimlarning etagini tutdi. o`z ustida muntazam ishlashni doimiy odat qilib oldi. Talabalik yillari ham hash-pash deguncha o`tib ketdi. Qo`zi Rahimov 1986 yilda oliygohni tugatib, muallimlik diplomini qo`lga oldi. Donolarimiz inson umrini oqar daryoga qiyoslashadi. Umr o`ta shiddatkor va chopqir... qarang-a, bugun qo`zi domlaning sochlariga oq oralabdi. Axir u bu yil bahorda yarim asrni qarshiladi. Bilasizmi, ana shu 50 yillik umrning yarmidan oshig`i
muallimlikdek sharafli va o`ta sermashaqqat kasbga baxshida etildi.
- Avvaliga qarshi shahridagi o`sha davrda mavjud bo`lgan o`quvchilar ishlab chiqarish kombinatida ishlab chiqarish ustasi sifatida faoliyat ko`rsatdim, - deydi qo`zi Rahimov. - So`ng biroz muddat qarshi shahar XTBda nazoratchi vazifasida ishladim. hamma vaqt o`zim sevgan fanim - "Yo`l harakati qoidalari"dan maktabda darsimni to`xtatganim yo`q. Mana, oxirgi 6 yilda ham qarshi shahridagi 35-maktabda "Yo`l harakati qoidalari" fanidan o`qituvchilik qilib kelayapman. Maktabda o`qitilayotgan fanlarning birinchi, ikkinchi yoxud boshqa darajalisi bo`lmaydi. Ularning barcha-barchasiga birday talablaru, teng imkoniyatlar berilgan. Yana bitta gap. Muallimlar xususida gap ketganda, suhbatlar borasida "yaxshi muallim" degan iboraga duch kelib qolamiz. Xo`sh, "yaxshi muallim" u qanday muallim? U o`z
kasbdoshlaridan qaysi tomonlari bilan ajralib turadi?
Bizningcha ham "yaxshi muallim" tushunchasi bor. Yaxshi muallim, eng avvalo, o`z fanini mukammal o`zlashtirgan bo`lishi va yana o`z bilimlarini muntazam ravishda oshirib boruvchi insondir. U tinimsiz izlanadi, ilg`or pedagogik uslublarni joriy etadi. o`z fanining shon-shuhratini ko`taradi, o`quvchilari hurmatini qozonadi. U fidoyi, sodda va samimiy, bolajon inson...
Keling, yana bir bor maktab hayotiga qaytaylik. Qarshi shahridagi 35-maktabda 1000 nafarga yaqin o`quvchi tahsil oladi. Ularga 100 nafarga yaqin muallimlar ilmu odob o`rgatishadi. Ta'bir joiz bo`lmasa-da, shu narsani ham aytish kerakki, juda ko`plab maktablarimizda aynan "Yo`l harakati qoidalari" faniga nisbatan yuzakiroq munosabatda qaralayotganligi ham sir emas. Qarshining ana shu 35-maktabida "Yo`l harakati qoidalari" fani esa asosiy diqqat-e'tibordagi fanlardan biri sanaladi. Maktabda "Yo`l harakati qoidalari" xonasi tashkil etilgan. Xona talablar darajasida jihozlangan, ko`rgazmalarga boy. Kompyuterlashtirilgan, televizor va videomagnitafonlar o`rnatilgan. Maktabda tashkil etilgan "Yo`l harakati qoidalari" to`garagiga 100 nafardan ziyod o`quvchi qatnaydi. To`garak a'zolarining "Oydin yo`l" devoriy gazetasi oyma-oy, muntazam tarzda chiqarilib turibdi. To`garak a'zolari maktabning 1-5-sinf o`quvchilarini o`z otaliqlariga olishgan. Ular ana shu jajji kichkintoylar orasida "Yo`l harakati qoidalari" bo`yicha suhbatlar o`tkazadilar, savol-javob kechalarini tashkil etadilar.
- To`garagimiz a'zolari bir necha yillardan buyon "Yashil chiroq" musobaqasining maktab, shahar, viloyat bosqichlarida faol qatnashib kelishayapti, - deydi Qo`zi Rahimov. - 2004-2005 o`quv yilida "Oydin yo`l" jamoamiz Qarshi shahrida faxrli 1-o`rinni egalladi. So`ng ular Qashqadaryo viloyatida ham mutlaq g`olib deb topildilar. "Oydin yo`l" jamoamiz a'zolari "Yashil chiroq" musobaqasining respublika bosqichida ham faol ishtirok etishib, respublika miqyosida faxrli 2-o`rinni qo`lga kiritdilar...
Bu ishlarning barcha-barchasining boshida maktabning "Yo`l harakati qoidalari" fani muallimi Qo`zi Rahimov turibdi. Yana "Yaxshi muallim" mavzusiga qaytaylik. o`quvchilarni o`z ortidan ergashtira olgan muallim yaxshi muallim. U o`quvchilarni urib-so`kish u yoqda tursin, hatto biror og`iz og`ir so`z bilan dilini og`ritmaydi. Shogirdlarining yoshlik qilib, bilib-bilmay aytib qo`ygan ayrim so`zlarini eshitmaydi.
Yaxshi muallim o`z o`quvchilarining qalbini faqat yaxshilik bilan zabt etadi. Yaxshi muallimning qalbi pok, orzulari oppoq bo`ladi. U umr bo`yi o`qiydi, o`rganadi...
Umid bilan suqilgan tayoq, bir kun berar mevayu yaproq. ha, qo`zi domlaning chorak asrdan oshiqroq muddatdan buyon ta'lim-tarbiya sohasida qilgan halol mehnatlari, tunu kun olib borgan izlanishlari besamar ketmadi. U yilning eng yaxshi fan o`qituvchilari safidan o`rin oldi.
- Hali qiladigan ishlarim oldinda turibdi, - deydi O`zbekiston Respublikasining "Eng yaxshi fan o`qituvchisi" Qo`zi Rahimov. - Yurtim uchun, jonajon O`zbekistonim uchun munosib kadrlar tayyorlab berishda bor kuchimni, bilimimni ayamayman... 
Ha, Qo`zi Rahimovning orom bilmas qalbida orzular qat-qat. Ular shunchalar musaffo, shunchalar tiniq, shunchalar oppoq.


Maqola sanasi:
  



Bolalar musiqa va san'at maktablari

 Copyright © 2012
O'zbekiston Respublikasi
Xalq ta'limi vazirligi