Ziyonet
 
Kitob.uz
 

 
 
  1 oktyabr 
 
Ustoz - elda aziz!


1-oktabr - "O`qituvchilar va murabbiylar kuni" umumxalq bayrami munosabati bilan "Ustozlar yurtning eng aziz, eng ulug` va eng mo`tabar kishilaridandir" mavzusida tadbirlarni o`tkazish bo`yicha tavsiya


SHOGIRDLAR
KAMOLI - MENING ISTIQBOLIM
 
...Quyosh nurlaridan energiya olib, uchuvchisiz samolarda parvoz qiluvchi raketa loyihasini AQSh, Fransiya, Rossiya, Ozarboyjon kabi nufuzli davlatlardan tashrif buyurgan mehmonlar sinchkovlik bilan tomosha qilmoqda. Ularning ko`zlarida qiziqish alomatlari bilan birgalikda hayrat uchqunlarini ham ko`rish mumkin. "Nahotki mana shunday murakkab, ham istiqbolli ixtironi litsey o`quvchisi, oddiygina qizaloq ishlab chiqqan bo`lsa?!"
Shu kuni akademik Vohidov nomidagi Xalqaro yoshlar aerokosmik jamg`armasi tomonidan har yili tashkil etiladigan "Xalqaro aerokosmik maktab - 2009" musobaqasida raketa-kosmik modellashtirish yo`nalishi bo`yicha Sergeli tumani o`quvchi-yoshlar texnik ijodiyot markazi tarbiyalanuvchisi, Dmitriy Beloglazovning iqtidorli shogirdi Svetlana Polyakova yaratgan o`ziuchar, quyoshbatareyali raketa modeli mutaxassis va tadbirga yig`ilgan ishqibozlar tomonidan yuqori baholanib, oltin medalga loyiq topildi.
- Har bir odamda o`ziga yarasha iqtidor va iste'dod mavjud bo`ladi. Biroq u mehr bilan parvarish qilinsagina, o`z vaqtida to`g`ri yo`nalishga solinib, tinimsiz izlanishga, maqsad yo`lidagi to`siqlarni yengib o`tishga rag`batlantirilsagina barq urib quloch yozadi, gullab, meva beradi. Mening hayotda o`z o`rnimni topishimda, muayyan yutuqlarni qo`lga kiritishimda, taqdirimga befarq bo`lmagan, orzular ro`yobi sari kurashga ruhlantirgan ustozim Dmitriy Beloglazovning xizmatlari katta. U kishidan bir umrga qarzdorman, - deydi raketa-kosmik modellashtirish bo`yicha 2 karra respublika chempioni, "XAKM - 2009" (Xalqaro aerokosmik maktabi) g`olibasi Svetlana Polyakova.
Ustoz o`z shogirdlari haqida gapirar ekan, to`lqinlanib ketadi. Ularning harakatchan va tashabbuskorligidan, izlanish va mehnatdan qochmasligidan faxrlanadi. O`tgan yili yoshlarning texnik sport turlarini rivojlantirish maqsadida tashkillashtirilgan "Kosmik maketlashtirish va modellashtirish" bo`yicha maktablar o`rtasida "Umid nihollari" respublika ko`rik-tanlovida jami oltita nominasiyada o`tkazilgan musobaqalarda g`oliblikni egallagan Bobur Ne'matov, Alibek Jumaniyozov, Shahzod Chavondozov, Feruzbek Allamov kabi o`quvchilarning o`z shogirdlari ekanligidan g`ururlanadi. 
- Bizning jamoa joriy yilning 15 sentyabrida Bolalar sportini rivojlantirish jamg`armasi Toshkent shahri bo`limi va o`quvchi-yoshlar texnik ijodiyoti Markazi hamda Mirzo Ulug`bek nomidagi madaniyat va istirohat bog`i hamkorligida yoshlarning jismoniy va ma'naviy tarbiyasini yuksaltirish, raketa texnikasi, avtomodel va kemasozlik sohasiga qiziqtirish hamda iste'dodli bolalarni xalqaro aerokosmik maktabiga jalb etish maqsadida uyushtirilgan musobaqalarning "Aviamodel", "Kemasozlik" yo`nalishlarida birinchi o`rinni qo`lga kiritdi, - deydi Dmitriy Beloglazov. - Bu yosh iqtidorli shogirdlarimning kelajagi porloqligiga, Vatanimiz taraqqiyoti va sportining rivoji uchun munosib hissa qo`shishlariga ishonaman.
Hozirda jamoamiz qat'iyat bilan shu yilning 28 oktyabrida bo`lib o`tadigan "Kosmik maketlashtirish va modellashtirish" bo`yicha O`zbekiston kubogiga hamda 2 noyabrda o`tkaziladigan Milliy aviasiya sport klubining an'anaviy kubogiga tayyorgarlik ko`rmoqda. Maqsadimiz - ushbu tanlovlarda g`oliblar qatoridan joy olish.
Shogirdlarim muvaffaqiyati meni yanada samarali ishlashga undaydi. Orzularim ro`yobini ularning kamolida ko`raman.
 
Dilshod KARIMOV, "Ma'rifat" muxbiri


Yulduzlar osmonda porlaydi

 ...Umumta'lim fan olimpiadasining joriy yilgi respublika bosqichi bahslari. Norbibi Ahmedova turli viloyatlardan kelgan hamkasblari kabi ilmlar bahsida kuch sinashayotgan shogirdi Feruzjonni intiqlik bilan kutayapti. Bir zum xayollar muallimani o`tgan yillar sarhisobiga undadi. Bu yil muallimaning shogirdlari uchinchi marta fan olimpiadasining respublika bosqichida ishtirok etishyapti. 1991 yili o`quvchisi Azizjon Iskandarov 3-o`rinni, 2004 yilda esa yana bir shogirdi Otaxon Qurbonov mutlaq g`oliblikni qo`lga kiritgan edi. o`shanda hay'at a'zolari "yuz foizlik imkoniyatdan yuz ball olish, ya'ni mutlaq g`oliblik juda kam uchraydigan muvaffaqiyat, shu o`quvchini olimpiadaga tayyorlagan o`qituvchilar bilan ham bir suhbatlashaylik", deyishibdi. Norbibi Ahmedova iymanib, uyalib ohistagina kirib keladi. Qorachadan kelgan yuzlarida mehr porlab turgan muallimani hay'at a'zolari chin dildan qutlashdi. O`quvchisiga nihoyatda puxta bilim berganligi uchun rahmatlar aytishdi. O`shanda Norbibi osmon qadar o`sdi. Shu yillar davomidagi mehnatlari, o`qish, izlanish jarayonidagi zahmatlar charchog`i bir zumda tarqalib, qalbini quvonch, vujudini esa yangi kuch-g`ayrat egalladi...
 
Olimpiada bilimlar charxi
 
 
O`sha yilgi fan olimpiadasining saralash bosqichlarida yana ikki nafar o`quvchisi Farhod Madiyorov hamda Abror Hidoyatov 1-, 2-o`rinlarni egallab, fizika fanidan jahon olimpiadasiga tayyorgarlik ko`ra boshladi.
- Assalom, ustoz! - deya cho`zib, jo`rlikda aytilgan tovush muallima xayollarini bo`lib yubordi. Qarasa, o`tgan o`quv yilida O`zbekiston Milliy universitetining fizika, matematika fakultetlariga
talabalikka qabul qilingan to`qqiz nafar sobiq o`quvchilari...
- Ustoz, sizni olimpiadaga o`quvchi olib kelibdi, - deya eshitib, huzuringizga yugurdik, - deya shogirdlari ustoziga ehtiromini bildirishdi.
Muallima shogirdlarining har birini bag`riga bosar ekan, bir olam quvonch tuydi. Bu quvonch va ruhiy ko`tarinkilikni faqat muallimlik kasbiga butun borlig`ini berganlargina biladi. Ha, ustoz shogirdlariga bilim bilan birgalikda mehr-muhabbat ham bergan ekanki, bugun o`sha mehr ularni ustoz huzuriga yo`llabdi... Bir pasda shogirdlari chug`urchuqlardek o`z o`qishlari, 1-kursdagi muvaffaqiyatlari haqida ustozlariga bir dunyo ma'lumotlar berishdi.
Shu payt boshqa viloyatdan kelgan bir o`qituvchi muallimadan sekingina - "bular, kimlaringiz", - deya so`radi.
- Bular mening o`quvchilarim, universitetning 1-kurs talabalari, - dedi muallima faxr bilan.
- Ie, bir yilda shuncha o`quvchingiz o`qishga kirdimi, - dedi haligi o`qituvchi havas bilan.
- Bu yerga kelgan talabalar ustozimizning yuzdan bir o`quvchilari, - dedi shogirdlaridan biri g`ururlanib. - Ustozimizning har yili yuzlab shogirdlari respublikamizning turli oliy o`quv yurtlari talabasi bo`ladi.
Shu orada Feruzjon ham quvonch bilan chiqib keldi. U fan olimpiadasining respublika bosqichida fizika fani bo`yicha 3-o`rinni egallab, talabalikni naqd qilib chiqibdi.
 
 

Kasb kamolotining o`sish nuqtasi
 
Norbibi bundan yigirma yil ilgari Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining fizika fakultetini tugatib, tug`ilib o`sgan qishlog`i Jig`achiga keldi. Buni qarangki, o`sha yili tumanda matematika-fizikaga ixtisoslashtirilgan maktab-internat ish boshlagan bo`lib, tuman xalq ta'limi bo`limi tomonidan yosh o`qituvchiga o`sha maktabda ishlashga yo`llanma berildi...Norbibi bu xabarni eshitib, biroz hadiksiradi... Esida u talabalik yillarida Toshkentdagi fizika-matematika fanini chuqur o`rgatishga ixtisoslashgan maktab-internatida pedagogik amaliyotda bo`lgan, o`qituvchilarning darslarini, o`quvchilarning bilimlarni o`zlashtirishlarini kuzatgan. Ammo u erda dars beradigan o`qituvchilarning ko`pchiligi tajribali, bilimdon o`qituvchilar, fan nomzodlari, professorlar edi. U bo`lsa endigina institutni tugatgan, tajribasiz yosh bir o`qituvchi. Bo`lajak muallimaning xayolidan bir zumda shunga o`xshash xavotirli o`ylar yashin tezligida chaqnab o`tdi... Mudir qizdagi o`ychanlikdan xavotirni sezgandek:
- Qizim, hech cho`chimasdan, ikkilanmasdan ishni boshlayvering. Oliy dargohda yaxshi o`qigansiz. Buning ustiga To`xtamurod Jumayevdek tajribali, bilimdon ustozga shogird bo`layapsiz. Qiyinchiliklardan qo`rqmang, katta maqsadlar qo`yib, olg`a intilsangiz, yangi bilimlar egallash va uni shogirdlaringizga ulashishdan charchamasangiz, albatta, bir kun kelib bolalarning sevimli ustoziga aylanasiz, - dedi.
Ushbu gaplar unga ozgina tasalli bergan bo`ldi, ammo... Iqtidorli bolalarni maktablardan izlab topish, ilm dargohiga jalb etish, ularning bilimlarini har kun, har bir mashg`ulotda oshirib borish - butun jamoa kabi yosh muallimaning ham kundalik faoliyati mazmuniga aylandi. U o`zidagi bilimlarni mukammallashtirishga, qo`shimcha manbalarni o`rganishga ko`proq vaqt ajratardi. O`rganganlarini esa o`quvchilariga, oson, ularni zeriktirmaydigan tarzda yetkazishni ustozlardan o`rganib, har bir mashg`ulotiga tatbiq qilardi. Ilm maskani direktori To`xtamurod Jumayev har kuni har bir muallim oldiga yangi va davomli qat'iy talablar qo`yar, ularning natijalarini esa kuzatib, belgilab, baholab hamda rag`batlantirib borardi. Bu ilm maskanida nainki o`quvchining bilimlarini qay darajada o`zlashtirishiga qarab o`rni, balki ularga dars berayotgan o`qituvchilarning ham qilayotgan ishlari, faoliyati, erishayotgan muvaffaqiyatlari natijasi haftalar, oylar davomida belgilab borilardi.
Shuning uchun har bir fan o`qituvchisi, har bir sinf o`quvchisi bir-biridan o`zish uchun do`stona raqobat asosida harakat qilishardi. Norbibi muallima ham ana shu jarayonda pishdi, pedagogik faoliyati po`latdek toblandi. U o`quvchilariga o`zi dars berayotgan fanni chuqur o`rgatishda fan olimpiadalarining roli katta ekanligini anglab yetdi. To`g`ri, har bir fan bo`yicha g`oliblar so`nggi marrada 3 nafar bo`ladi. Ammo shu sinov jarayonida o`rganilgan bilimlar-chi.?! Ular o`qituvchi hamda o`quvchiga berilgan shunday mukofotlar, boylikki, uni hech kim hech qachon tortib ololmaydi. Shuning uchun muallima o`z o`quvchilarini dastlabki yillar sinf, maktab, tuman olimpiadalariga katta kuch va ishonch bilan tayyorladi. Ana shu pillapoyalardan o`tib bo`lgach esa, viloyat, respublika fan olimpiadalariga tayyorgarlik ko`rishdi.
Albatta, bu oson kechgan emas. Ertayu kech kitoblar varaqlash, masalalar ustida bosh qotirish... Qayerdadir yangi kitob yoki fizika faniga oid "yangilik chiqibdi" deb eshitsa, albatta, topib o`qishga harakat qilardi. Butun xayoli, fikri fan olami bilan bog`lanib ketgan edi. To`g`risi, ba'zida ovqatlanish ham esdan chiqib ketardi. Hatto "men ham boshqalardek kiyinishim kerak", deya yangi ko`ylakka ajratib qo`ygan pullariga ham bir quchoq kitoblar sotib olganini o`zi ham bilmay qolardi. O`quvchilariga darsdan va darsliklardan tashqari bilimlar berishda vaqtni chegaralamasdi. Ana shu 20 yillik faoliyati davomida turmushga chiqdi, ikki nafar farzandli bo`ldi. Ammo kasbi, faoliyatini to`xtatib qo`ymadi. Hammasini birgalikda olib bordi. Ba'zida o`quvchilari bilan darsdan keyingi mashg`ulotlari shu qadar qizg`in va munozarali bo`lardiki, oradan o`tgan 4-5 soat xuddi 40-45 daqiqalik mashg`ulotdek tuyulardi. Shunday kezlari xuddi gunohkor kishilardek ming bir istihola bilan uyiga kirib kelar, umr yo`ldoshi Husen aka oldida o`zini noqulay sezardi. Umr yo`ldoshi ham hamisha uni to`g`ri tushundi, qo`lidan kelgan yordamini ayamadi. Ba'zida kechki mashg`ulotlarda jajji o`g`li Shuhratjonning partalar ustida uxlab qolgan kezlari ko`p bo`lgan. O`zining esa oppoq tonglarni kitoblar ustida orttirgan kunlari ham...
 
Muhabbatning qaytishi
 
Ba'zida hamkasblari, ota-onalar: "Siz sinf rahbarlik qilgan sinf qizlari boshqacha-da", deb qolishadi havas bilan. Shunday kezlari u shogirdlariga har kuni hadya etayotgan ta'lim-tarbiyasi, mehr-muhabbati urug`larini uning qalbiga ekib, guldek parvarishlagan buvijonisi O`g`ilxon momoni, volidayu muhtaramasi Boltagul ayani, padari buzrukvori Rahmat otani mehr bilan eslaydi. Ular oilada 2 nafar o`g`il, 5 nafar qiz edilar. Yetti nafar bolaning ham maktabda, uyda va tomorqada ishlashda kiyadigan kiyimlari alohida edi. Momosi beshala qizni ham sochlarini mayda qilib o`rib qo`yar, ust-boshini toza-ozoda saqlashga o`rgatardi. Hech kimning oilada belgilangan tartib-intizomni buzishga haqqi yo`q edi. Ba'zida momolarining qat'iy talab va tartiblaridan norozi bo`lgan qizlar onalariga:
- Onajon, buvim bizni hadeb tergayveradilar, dugonalarimiz erkin yurib, kiyinishadi. Axir onamiz siz-ku, deya noligan paytlari bo`lgan. Onasining esa har doimgidek gapi bitta edi:
- Jon, qizlarim, momong oilamizning kattasi. U kishi el orasida yuradi, ko`p narsani biladi. Shuning uchun tartib-intizomda men momongdan o`tib, bir narsa deya olmayman. Momongning gaplari gap.
Otasi Rahmat aka ham qishloqning hurmatli insonlaridan edi. U kishi dalada brigadirlik qilar, tong otmasdan dalaga ketib, qorong`u tushganda uyga qaytardi. Ammo shunga qaramasdan har bir bolasining kundaligini, fanlarni o`zlashtirishiyu, uy vazifalarini bajarishini doimo nazorat qilib borardi. Hatto har oyda vaqt ajratib maktabga kirib, sinf rahbarlaridan bolalarining tartib-intizomi, o`qishini ham surishtirib turardi. Ana shunday navbatdagi nazorat paytida otasi Norbibini matematika fanidan uy vazifasini bajarmaganligini bilib qoldi.
- Nega uy vazifangni bajarmading, sababi nima qizim? - deya so`radi u kishi xafa bo`lib. Norbibi vaj ko`rsata olmadi. Shunda katta maktab sumkasiga kitoblarni joyladiyu - Mana shuni burchakda ko`tarib tur. Shunda uy vazifasini bajarish esingdan chiqmaydi, - dedi.
Doimo yaxshi o`qib, singillariga namuna bo`lib kelgan opa uchun bu jazo bir umrlik saboq bo`lib qoldi...
Ular ancha ulg`ayib, oqu-qorani taniydigan bo`lgan kezlari bir kuni kechqurun otasi bolalariga o`z bolaligi haqida quyidagilarni gapirib berdi:
-          Bolalarim, men sizlarga nisbatan doimo qattiqqo`l ota bo`ldim. Maktab, oila, tartib-intizomiga rioya qilishlaringizni talab qildim. Chunki to`kis bolalik ko`proq erkinlikni, o`yinqaroqlikni yoqtiradi. Ana shu jarayondagi talabchanlik esa sizni to`g`ri yo`lga boshlaydi. Momolaringiz 25 yoshlarida beva qolib, biz ikki nafar aka-ukani katta qilgan. Ba'zida qish chillasida oyoq kiyimimning tagi yemirilib ketganligi bois, maktabdan chiqishim bilan qor ustidan to`xtamasdan uygacha chopib kelardim. Garchi maktabda yaxshi o`qigan bo`lsam-da, oilaviy sharoit tufayli oliy ta'lim ololmadim. Men sizlarni o`qimishli, odamlarga foydasi tegadigan yaxshi inson bo`lishlaringizni istayman...
Otasining bu gaplarni aytganiga shuncha yillar o`tib ketgan bo`lsa-da, xuddi kechagidek quloqlari ostida jaranglab turibdi uning. Ha, bolalik xotiralari o`chmas bo`ladi. "Otajon, biz so`zlaringizni oldik, sizga munosib farzand bo`ldik", deya lablari ohista pichirlaydi.
Bugun akalari G`ulomjon va Ne'matjon ham o`qituvchilik qilishadi. Norbegim singlisi qo`li yengil hamshira. Nodira, Guljamol, Gulchehra esa dongdor chevar bo`ldi... O`zi esa har yili yuz-yuz yigirma nafar shogirdlarini, otasi orzu qilganidek oliy ma'lumot olishlariga, oliy dargohlarga kirishlariga yordam beradi. Shuning uchun Norbibi Ahmedova umid bilan bilim olishga kelgan yoshlarni hech qachon "vaqtim yo`q" yoki "palon so`m pul berasizlar", deya qaytarmaydi. Hammani bir ko`zda ko`rib, bir xilda talab qo`yib ilm o`rgatadi.
Ana shu shogirdlari unga yaxshi muallim degan nomni olib kelishdi. Ularning o`zi bilimga tashnaligi uni bilimdon qildi. Axir muallimlikning baxti ham shunda-da... Muallima yigirma yillik pedagogik faoliyati kechinmalari og`ushida qolib, tun yarmidan oshganini sezmay qolibdi. U sekin o`g`li Shuhratjonning xonasiga kirdi. U ham shirin uyquda. Onasi mehnatlarining guvohi, mehriboni, yordamchisi hamda shogirdi shu Shuhratjon. U o`tgan o`quv yilida Gubkin nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkentdagi filiali neft va gaz fakultetiga eng yuqori ball bilan 1-o`rinda talabalikka qabul qilindi.
Norbibi derazani ochib, beg`ubor osmonga tikildi. Osmon shu qadar poyonsiz, unda son-sanoqsiz yulduzlar charaqlab, miltillab porlaydi. Uning qalbi ham osmon qadar yuksalib, kengayib ketgandek bo`ldi...
Hech esimdan chiqmaydi. Malaka oshirish instituti o`qituvchilikning mashaqqatli yo`li haqida yoshlar bilan bo`lgan suhbatda keksa metodistlardan biri yoshlarga qarata "Yaxshi o`qituvchi bo`lishingiz uchun osmon qadar keng qalb, metin kabi iroda kerak" degan edi. Norbibi Ahmedova ham ana shunday keng qalbli metin irodali, jasoratli muallimalardan. Shuning uchun uning yulduzlar qadar behisob shogirdlari bor.
Mustaqilligimizning 19 yili uning pedagogik faoliyatida juda ko`p quvonchli, yorqin sahifalar qoldirdi. Bu g`amxo`rliklarga muallima fidoyi mehnatlari bilan javob qaytardi. Uning muhabbat bilan yoshlarga ta'lim-tarbiya berish haqidagi falsafasini o`ylar ekanman, chet ellik mashhur bir adibning "Muhabbat bumerangga o`xshaydi, u doimo o`zingizga qaytib keladi. Balki har doim ham siz bergan kishidan qaytmas, lekin baribir u sizga qaytadi. Lekin doimo shuni esda tutish kerakki, moddiy va puldan farqli ravishda bizda muhabbat zaxirasining chek-chegarasi yo`q. Biz uni hadya etganda yo`qotmaymiz. Aslida muhabbatni yo`qotishning yagona usuli ichimizda - bu uni boshqalarga bermaslikda".
Bir paytlar momosi, ota-onasi, maktab va oliy dargohdagi ustozlari, qolaversa, jamoasidagilar ana shu muhabbatni unga berishgan edi. Bugun esa u shogirdlariga hadya etyapti. Ular esa bu muhabbatni har kuni muallimlariga va atrofdagilarga mehr bilan qaytarishadi. Balki muallim erishayotgan yutuqlarning siri ham shundadir.
 
Sora TOShOVA,


Maqola sanasi:
  



Bolalar musiqa va san'at maktablari

 Copyright © 2012
O'zbekiston Respublikasi
Xalq ta'limi vazirligi