O‘zbekistonlik o‘quvchilar Yaponiya ta’lim vaziri e’tirofiga sazovor bo‘ldi

Avval xabar berganimizdek, bir guruh iqtidorli o‘quvchilar joriy yilning 1-8-dekabr kunlari Yaponiyaning Tokio shahrida o‘tkazilgan “Sakura science High school program” (Xalqaro ilm-fan va texnologiyalar dasturi)da ishtirok etdi.
Dastur davomida o‘zbekistonlik o‘quvchilar Yaponiya Ta’lim, madaniyat, sport va texnologiya vaziri Michiko Ueno xonim bilan muloqot qildi. Muloqot davomida o‘quvchilar tomonidan O‘zbekistondagi ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berildi. So‘ngra Yaponiya ta’lim tizimi muvaffaqiyatlari bo‘yicha savollar bilan murojaat etildi. Vazir o‘zbekistonlik o‘quvchilarning bilim, iqtidori, hozirjavobligini alohida ta’kidlab o‘tdi. Kelgusi yilda ham albatta ushbu dasturga o‘zbekistonlik o‘quvchilarni taklif qilishini bildirdi.
Shuningdek, o‘quvchilar dastur davomida olgan bilim va tassurotlari to‘g‘risida o‘z taqdimotlarini namoyish etdi. Taqdimotlar boshqa mamlakatlardan kelgan tengdoshlari orasida olqishlandi.
Dastur yakunida yurtimizning iqtidorli o‘quvchilari sertifikatlar bilan taqdirlandi.
Mazkur dasturda ishtirok etgan o‘quvchilar Yaponiya ta’lim tizimi bilan bog‘liq ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz, Yaponiya va O‘zbekistonning ta’lim sohasidagi o‘zaro hamkorligini mustahkamlash maqsadida Surxondaryo viloyati, Sho‘rchi tumanidagi 43-maktabga yaponiyalik arxeolog olim Kyudzo Kato nomi berildi. Mazkur maktab yapon va ingliz tillarini chuqur o‘rganishga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi, yosh arxeologlar maktabi sifatida o‘z faoliyatini boshlaydi.

Share to: