Respublika taʼlim markazi tomonidan maktab darsliklarini takomillashtirish boʻyicha keng jamoatchilik fikrini olish tizimi yoʻlga qoʻyildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 16-martdagi “Noshirlik va matbaa sohasini yana-da rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4640-sonli qaroriga binoan, darsliklar va oʻquv-metodik majmualarni tayyorlash, nashr etish va tarqatish tizimini takomillashtirish, shu jumladan, ularda xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilishining oldini olish, davlat buyurtmasiga asosan tayyorlanadigan darsliklar va oʻquv-metodik majmualardan foydalanishga boʻlgan mutlaq huquqlar Xalq taʼlimi vazirligiga oʻtkazildi.

 

Qaror ijrosini taʼminlash maqsadida Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika taʼlim markazi tomonidan darslik mualliflari va tegishli nashriyotlar bilan hamkorlikda oʻquvchilarni sifatli darsliklar bilan taʼminlash borasida tegishli ishlar olib borilmoqda.

2020-2021 oʻquv yilida umumtaʼlim maktablarining 1-, 4-, 5-sinflari uchun jami 558 nomdagi 27,9 mln. darslik va oʻquv-metodik qoʻllanmalar chop etilishi rejalashtirilgan.

Darsliklarni yaratishda ularning mazmuni bilan birgalikda tashqi koʻrinishi, matnlarning oʻquvchi yoshiga mosligi, oʻqitishning pedagogik va metodik jihatlari mujassamlashganligi, taʼlimiy illyustratsiyalar bilan bezatilganligi muhim hisoblanadi va eng asosiysi xatolarsiz hamda zamon talablariga mos tarzda nashrga tayyorlash va chop etish oʻziga xos murakkab jarayonni oʻz ichiga oladi.

Darsliklarni takomillashtirishda, jamoatchilik fikri, ayniqsa ushbu darsliklar bilan ishlayotgan amaliyotchi oʻqituvchilarning va ota-onalarning fikrini oʻrganish zamon talabidir.

Shu maqsadda bugungi koronavirus karantin sharoitida darsliklar boʻyicha jamoatchilik fikrini oʻrganish maqsadida Respublika taʼlim markazi tomonidan internet tarmogʻida @darslikka_taklif_bot telegram kanali ishga tushirildi.

Mazkur telegram kanaliga bugungi kunda amalda boʻlgan barcha maktab darsliklari hamda joriy yilda yangidan yaratilayotgan va nashr etilayotgan darsliklarga 3 ta - oʻzbek, ingliz va rus tillarida taklif yuborish imkoniyati mavjud.

Darsliklarni takomillashtirish boʻyicha ishga tushirilgan telegram kanalining maqsad va vazifalarini ochib berish, undan foydalangan holda takliflar yuborish, ushbu jarayonga malakali mutaxassis va oʻqituvchilarni jalb qilish maqsadadi Respublika taʼlim markazi tomonidan onlayn videokonferensiya oʻtkazildi.

Onlayn videokonferensiyada Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar xalq taʼlimi tizimida faoliyat koʻrsatayotgan fan metodistlari, darsliklarga masʼul mutaxassislar ishtirok etishdi.

Bugungi kunda darsliklar yuzasidan kelib tushayotgan oʻrinli taklif va mulohazalar Markazning fan metodistlari tomonidan oʻrganib chiqilib, nashriyotlar va mualliflar bilan birgalikda darsliklarni nashrga tayyorlash jarayonida inobatga olinmoqda.

Markaz tomonidan yangi oʻquv yili uchun darsliklar va oʻquv-metodik koʻllanmalarni chop etishdan oldin, doimiy ravishda keng jamoatchilik fikrini oʻrganish, ekspertlardan xulosalar olish va tajriba-sinov ishlarini tizimli amalga oshirish rejalashtirilgan.

2020-2021 oʻquv yili uchun nashr etiladigan darsliklarni keng jamoatchilik muhokamasiga qoʻyish boʻyicha qoʻshimcha maʼlumotlar telegram internet tarmogʻida @darslikka_taklif_bot orqali yoritib boriladi.

Bir soʻz bilan aytganda, bugungi kun darsliklarini takomillashtirishda, ularni sifatli nashrga tayyorlashda biz uchun muhim boʻlgan jamoatchilik fikr-mulohazalarini kutib qolamiz.

Oʻzbekiston Respublikasi
Xalq taʼlimi vazirligi
Axborot xizmati

Share to: