Xalq taʼlimi vazirligi USAID bilan hamkorlikda yangi taʼlim standartlarini ishlab chiqadi

Xalq taʼlimi vazirligi AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan hamkorlikda maktab oʻquvchilari uchun sinflar va fanlar boʻyicha oʻzlashtirishning yangi standartlarini joriy etmoqda. Mazkur standartlar vazirlikka xar bir sinf kesimida oʻquvchilar bilimini aniqlash, sohada oʻquv dasturlari, darsliklar va oʻqituvchilar uchun qoʻllanmalarni ishlab chiqish imkonini beradi. Bu esa tanqidiy fikrlash, muammolarni hal qilish va amaliy koʻnikmalarga ega boʻlgan maktab bitiruvchilarini yetishtirib beradigan sifatli taʼlim tizimini yaratishning fundamental asoslaridan biridir.

Joriy yilning 14-yanvaridan 1-fevraliga qadar taʼlim sohasining 60 dan ortiq mutaxassislari USAID tomonidan moliyalashtirilgan Xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan “Oʻzbekistonda barkamollik uchun taʼlim dasturi” taʼlim standartlarini taqriz qilish boʻyicha seminarda ishtirok etadi. Seminarning maqsadi vazirlik xodimlarini ona tili va matematika fanlaridan (1-4 sinflar uchun) hamda informatika va axborot texnologiyalari fanidan (1-11 sinflar uchun) taʼlim standartlarining loyihasini taqriz qilishga tayyorlashdan iborat.

“Ushbu seminar xodimlarimizning ona tili, matematika va informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan taʼlim standartlari loyihalarini puxta taqriz qilish boʻyicha malakasini oshiradi. Aniq standartlar asosida oʻqitish va bilim olish yuqori sifatli taʼlim standartlari asosini tashkil etadi hamda oʻquvchilarning bilim olishdagi natijalarini yana-da yaxshilaydi”, — deydi Xalq taʼlimi vazirligining Respublika taʼlim markazi direktori Shuhrat Sattorov.

Xalq taʼlimi vazirligi umumiy oʻrta taʼlim tizimini tizimli va kompleks isloh qilishning ulkan dasturini amalga oshirishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan. USAID vazirlikni islohotlarni amalga oshirishda qoʻllab-quvvatlash uchun 2019-yilning dekabr oyida toʻrt yillik “Oʻzbekistonda barkamollik uchun taʼlim dasturi”ning ijrosini boshladi. Dastur AQSHning Research Triangle Institute (RTI) va uning hamkorlari boʻlgan Florida davlat universiteti va Mississippi davlat universiteti tomonidan amalga oshiriladi.

Share to: