“Farzandim bilan dars qilaman” onlayn tanlovida ishtirok eting

Respublika taʼlim markazi tomonidan ota-onalarni farzandlari bilan birgalikda dars tayyorlashga ragʻbatlantirish hamda taʼtil davrini mazmunli tashkil etish maqsadida onlayn tanlov oʻtkaziladi. 

Tanlov shartlariga koʻra, ota-ona yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxs “Online-maktab” doirasida telekanallarda efirga uzatilayotgan videodarslar mavzulari boʻyicha farzandi bilan birgalikda dars tayyorlash jarayonini istalgan qurilmada tasvirga olinadi. Tasvirga olingan 3-5 daqiqalik videolavhani 2020-yil 31-martdan 5-aprel kuni soat 20:00 ga qadar quyidagi manzilga yuboriladi: t.me/rtm_tanlov_uchun 

Mazkur tanlovda taʼlim muassasasida faoliyat olib borayotgan ustoz-murabbiylar ishtirok eta olmaydi. 

Gʻoliblarni aniqlash tartibi quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi: 

1. Ishtirokchilar tomonidan yuborilgan eng yaxshi videolavhalar saralab olinadi. Saralash jarayonida farzandiga darsni tushuntirib berish uslubi va mazmuniga eʼtibor beriladi. 

2. Saralangan videolavhalar 2020-yilning 10-aprel kuni t.me/rtmlibrary kanalida eʼlon qilinadi. Ular orasidan gʻoliblar jamoatchilikning ovoz berishi orqali aniqlanadi. 

3. Ovoz berish jarayoni 48 soat davom etadi. Eng koʻp ovoz toʻplagan videolavhalar gʻolib deb topiladi. 

4.Videolavhalar 1-6-sinf va 7-11-sinf mavzulari boʻyicha alohida saralanadi hamda jami 16 nafar gʻolib belgilanadi. 

5. Gʻoliblar 13-aprel kuni soat 15:00 da t.me/rtmlibrary kanalida eʼlon qilinadi. 

Tanlov yakunida 1-oʻrin gʻolibiga – 2 000 000 soʻm; 2-oʻrin gʻolibiga – 1 500 000 soʻm; 3-oʻrin gʻolibiga – 1 000 000 soʻm, shuningdek, eng yaxshi deb topilgan yana 5 ta nominatsiya boʻyicha videolavha mualliflariga ham 500 000 soʻmdan pul mukofotlari topshiriladi. 

Pul mukofotlari gʻoliblar tomonidan taqdim etiladigan bank plastik karta raqami orqali oʻtkazib beriladiva sertifikatlar elektron shaklda taqdim etiladi. 

Loyihaning ikkinchi bosqichida Respublika taʼlim markazi tomonidan ota-onalarning farzandlari bilan birgalikda badiiy kitob oʻqish videolavhalari onlayn tanlovi ham eʼlon qilinadi.

Share to: